Kaptarsimonlar
Kaptarsimonlar (Columbiformes) — qushlar sinfining bir turkumi. 311 turi mavjud. Yer yuzining hamma mintaqalarida (chekka shim. va jan. sovuq hududlardan tashqari) tarqalgan. Oʻrmon, bogʻ, butazor, qoyalar, jarlik va binolar boʻgʻotida yashaydi. Tanasining uzunligi. 15 dan 85 sm gacha, ogʻirligi 30 g dan 3 kg gacha. Drontalarning ogʻirligi 22,5 kg ga yetadi. Kaptarsimonlarning patlari zich va qalin, boshi kichik, boʻyni va oyoklari qisqa, qanotlari uzun va oʻtkir. Narilari modalariga nisbatan yirik va rangi chiroyliroq. Yerda oziqlanganligi sababli yaxshi yuguradi. Barcha turlarining juftlari barqaror (monogam). Uyasini daraxtlar, qoyalar, jarlardagi kovaklarga, binolarga, yerga quradi. Asosan, 2 ta, ayrim turlari 1 yoki 3 ta tuxum qoʻyadi. Tuxum bosish davri — 14 kundan 30 kungacha. Bir yilda, odatda, 2-marta, ayrim turlari 4—5-martagacha tuxum qoʻyadi. Tuxumdan chiqqan joʻjalari tez oʻsadi, yirik turlarida 25 kunligida uchirma boʻladi. K. bulduruqlar (2 avlod, 16 tur), drontlar (2 avlod, 3 turi Mavrikiya, Burbon va Radriges o.laridagi oʻrmonlarda yashagan), kaptarlar (41 urugʻ, 292 tur) oilalariga boʻlinadi. Baʼzan bulduruqlar alohida turkumga ajratiladi.
Biologik klassifikatsiya | |
---|---|
| |
Columba Linnaeus, 1758 | |
Oilaning geografik tarqalishi
|
Oʻzbekistonda 4 urugʻga mansub 12 turi uchraydi. Qorabovur, suvbulduruq, koʻk kaptar, govkaptar, klintux, qoʻngʻir kaptar, qumri kabi turlari qisman ovlanadi. Goʻshti mazali. Oʻzbekistonda tarqalgan turlarining barchasi oʻsimlik urugʻlari bilan oziqlanadi. Xonaki kaptarlarning 150 ga yaqin zoti mavjud. Barcha kaptar zotlari yovvoyi koʻk kaptardan kelib chiqqan. Oq bovur, qora kaptar kabi turlari Oʻzbekiston Qizil kitobiga kiritilgan.[2]
Manbalar
tahrir- ↑ Farner, Donald. Avian Biology. Elsevier, 2012. ISBN 978-0-323-15799-5.
- ↑ OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil