Kriminalistika (lot. criminalis — jinoyatga doir) — sud dalillarini yigʻish, qayd qilish, tadqiq etish va ulardan foydalanishning maxsus usul va vositalari tizimini ishlab chiquvchi fan. Mazkur usullar va vositalar jinoyatlarni fosh qilish, tekshirish va oldini olish uchun qoʻllanadi. Bir qator holdarda esa bu usul va vositalardan fuqarolik ishlarini sudda koʻrib chiqishda foydalaniladi.

Kriminalistika fan sifatida XIX asr oxiri XX asr boshida shakllandi. Bu fan jinoyatga oid sudlov ishlarini yurgizish, jinoyat huquqi, kriminologiya, mamuriy huquq, shuningdek, sud tibbiyoti, sud psixiatriyasi va boshqalar bilan chambarchas bogʻlangan. Kriminalistikaning umumiy nazariyasi, kriminalistik texnikasi, kriminalistika taktikasi hamda alohida jinoyat turlarini tekshirish va oldini olish kabilar kriminalistika fanining eng muhim boʻlimlari hisoblanadi. Kriminalistika texnikasi dalillarni toʻplash, qayd qilish va tadqiq etish boʻyicha maxsus usullarni, ilmiy-texnik vositalar tizimini oʻz ichiga oladi. Kriminalistikaning mazkur qismiga sud ballistikasi, trasologiya, sud lingvistikasi, odorologiya (jinoyatlarni ochishda hiddan foydalanish), daktiloskopiya, sudga oid suratga olish va boshqa kiradi. Tabiiy va texnika fanlari yutuqlaridan, matematik va statistik metodlardan, hisoblash mashinalari, gazli xromatogʻrafiya, tele, radio, ovoz, tasvir, yozuv, kompyuter vositalari va boshqalardan keng foydalanish kriminalistik texnikasini rivojlantirish tamoyili hisoblanadi. Shu asosda yozuvni tekshirish, "yuz qiyofani ogʻzaki chizish", trasologiyada xilma-xil nusxalarni olish va hokazoning zamonaviy metodikasi shakllanadi. Kriminalistika texnikasi qidiruv va tergov faoliyatida texnik qurollar (maxsus apparatlar, jihozlar)dan ham foydalanishni koʻzda tutadi. Kriminalistika jinoyatlarni tekshirish va ularni oldini olish tajribasini umumlashtirish, jinoyatchilar qoʻllaydigan usullarni oʻrganish, shuningdek, turli fan sohalarida erishilgan yutuqlardan foydalanish asosida kriminalistika taktikasini tezkor-qidiruv tadbirlar tizmini ishlab chiqadi. Kriminalistika texnikasi va taktikasi usullaridan jinoyatchini tanib olishda, tergov tajribalari, tintuv oʻtkazishda va boshqa tergov ishlarida keng qoʻllanadi. Jinoyatlarning muayyan turini (odam oʻldirish, oʻgʻrilik, talon-toroj, poraxoʻrlik va boshqalar) tekshirishda ishlatiladigan usullar, metodlar va vositalar yigʻindisi jinoyatlarning ayrim turlarini tekshirishning metodikasini tashkil etadi. Bu metodikaga muvofiq jinoyatlarni tekshirish va sudda koʻrib chiqish davomida tergov harakatlari, tezkor-qidiruv tadbirlarini oʻtkazishning izchilligi va oʻziga xos tomonlari aniqlanadi. Kriminalistika texnikasi va taktikasi usullari hamda vositalari ishlab chiqiladi.

Sud tergovi jarayonida, turli moddiy izlarni, ashyoviy dalillarni tekshirishda kriminalistika ekspertizasi muhim rol oʻynaydi. U sud ekspertizasining turlaridan biri boʻlib, kriminalistika maʼlumotlariga asoslanadi. Bunda jinoiy va fuqaroviy ishlarga oid ashyoviy dalillar va boshqa materiallar ekspertlar tomonidan tekshiriladi. Bu ish odam, hayvon, transport vositalari, turli asboblar, qurol-yarogʻ va hokazoning izlari, tasviriga yoki butun varsani ayrim boʻlaklariga qarab identifikatsiyalash (aniqlash, qiyoslash) maqsadida amalga oshiriladi.

Oʻzbekistonda kriminalistik ekspertizasi oʻtgan asrning 40-yillaridan boshlab Adliya vazirligi huzuridagi ilmiy tadqiqot laboratoriyasida oʻtkazilib kelindi. Keyinchalik Adliya vazirligi huzuridagi ilmiy tadqiqot laboratoriyasi negizida Sud ekspertiza ilmiy tadqiqot instituti, soʻngra shu vazirlik huzurida davlat ekspertiza markazi tashkil etildi. Mazkur markaz respublikada kriminalistika fanini rivojlantirish, yetuk milliy yurist xodimlarni yetishtirish ishiga katta hissa qoʻshgan akademik Xadicha Sulaymonova nomi bilan ataladi. Mustaqillik yillarida Oʻzbekistonda kriminalistika ni rivojlantirish, kriminalistika ekspertizasini oʻtkazish ishini eng zavonaviy texnika vositalari bilan taʼminlash tadbirlari koʻrildi. Kriminalistika fan sifatida Oʻzbekiston milliy universiteti, TDYU, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademiyasi va boshqa oʻquv yurtlarida oʻqitiladi.

Adabiyot

tahrir
  • Rassledovaniye prestupleniy, T., 1986. Rohshsh Alimova.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil