Kvint Kursiy Ruf (milodiy I asr) – qadimgi Rim tarixchisi va ritor (notiqlik sanʼatini oʻrgatuvchi muallim). Kvint Kursiy Rufning qachon tugʻilgan va vafot etgani nomaʼlum. Asarlarining tiliga qarab, tarixchilar Kvint Kursiy Rufni Klavdiy yoki Avgust hukmronligi davrida yashagan deb taxmin qiladilar. Kvint Kursiy Ruf makedoniyalik Aleksandr va uning harbiy yurishlariga bagʻishlangan, harbiy texnika tarixi nuqtai nazaridan tarixiy ahamiyatga ega 10 ta kitobdan iborat „Buyuk Aleksandrning tarixi“ nomli asar (taxminan milodiy 50-yil)ning muallifi. Uning 8 ta kitobi saqlangan[1].

Kvint Kursiy Ruf
Tavalludi taxm. I asr
Rim imperiyasi
Vafoti aniq emas, taxm. I asr 2-yarmi
Rim imperiyasi
Istiqomat joylari Rim, Afina shaharlari
Fuqaroligi Rim imperiyasi
Kasbi tarixchi, ritor, yozuvchi
Sohasi Tarix, Ritorika
Mashhur ishlari Buyuk Aleksandr tarixi

Bolalik va oʻsmirlik davri

tahrir

Kvint Kursiy Ruf Rim imperatorligiga qarashli Tira shahrida tugʻildi. Uncha katta boʻlmagan bu shaharning tabiati nihoyatda goʻzal edi. Kursiy Ruflar xonadoni uncha badavlat boʻlmasa ham, oʻziga yarasha toʻq boʻlgan. Boʻlgʻusi yozuvchining yoshligidan bilimga chanqoqligini sezgan xonadon egalari uni lotin maktabiga oʻqishga berishadi. Savodi chiqqandan soʻng u lotin tilida yozilgan asarlarni ixlos bilan oʻqiy boshlaydi. Biroq bu vaqtda lotin tilida yozilgan badiiy asarlar barchaga birdek yetishmasdi. Koʻpgina yunon adabiyoti namunalarini lotin tilida oʻqib qoniqmagandan keyin u grek tilini oʻrganishga zoʻr berib intiladi. 22-23 yoshida Afina safariga joʻnaydi. Afinaning qadimiy adabiyot, madaniyat yodgorliklariga qiziqish bilan qaraydi. Afina safari uning dunyoqarashiga juda katta taʼsir koʻrsatadi. Kursiy Ruf eramizning 30-yillari oxirlarida Rimga qaytib keladi. Rimdagi adabiy guruhlar bilan aloqa bogʻlaydi. Notiqlik sanʼatiga oid asarlar yoza boshlaydi. Uning bu asarlari oʻsha davrdagi adabiy jamoatchilikning eʼtiborini oʻziga tortgan edi[2].

„Buyuk Aleksandrning tarixi“ asari

tahrir

Kursiy Ruf Aleksandr Makedonskiyning tarixiga bagʻishlangan oʻnta kitob yozadi. Mazkur asar fors, arab, suryoniy, arman, kopt, malay va boshqa tillarda keng tarqalgan va V asr oxirlarida arman tiliga tarjima qilingan. Oʻrta Sharqining buyuk shoirlari Firdavsiy, Nizomiy Ganjaviy, Alisher Navoiy va boshqalar Aleksandr haqida turli hikoya hamda asarlar yozgan[3]. Oʻnta kitobni oʻz ichiga olgan bu asarning keyingi taqdiri gʻoyat achinarlidir. Asarning birinchi va ikkinchi kitoblari yoʻqolib ketgan. Beshinchi kitobning oxiri va oltinchi kitoblarning boshlanishi saqlanmagan. Shuningdek, asarning oʻninchi kitobidagi ayrim sahifalar ham yirtilib ketgan. Asarning Oʻrta Osiyoga bagʻishlangan kitobidagi sahifalardan ayrim satrlar oʻchganligini hisobga olmaganda, asar hozirgi davrgacha toʻliq yetib kelgan[4].

Baqtriya, skiflar (saklar) va massagetlar haqida

tahrir

Asarda Oʻrta Osiyoga doir turli qiziqarli maʼlumotlar mavjud. Kvint Kursiy Ruf Baqtriyani tabiati turli-tuman va goʻzal, unumdor yerlari koʻp, sersuv, ekinzorlarga boy mamlakat, deb taʼriflaydi. Uning yozishicha, oʻlkaning aholisi koʻp, ular bugʻdoy va arpani koʻp ekadilar, uzumzorlari bepoyon. Oʻlkada mevalarning barcha turlari oʻsadi. Chorva mollarini boqishga qulay. Yilqisi koʻp, chopar otlarga boy mamlakat. Ayni paytda oʻlka hududida qumloq va ekin bitmaydigan yerlar ham anchagina.

Kvint Kursiy Rufning qayd qilishicha, skiflarning hatto nutqi ham jozibador edi. Oʻzining goʻzal nutqi va madaniyatiga ega boʻlgan skiflarning oʻsha davrlarda oʻziga xos adabiyoti ham boʻlgan. Kvint Kursiy Rufning „Buyuk Aleksandrning tarixi“ asarida skiflarning jasurligi va mardligini taʼriflaydi. Uning yozishicha, Aleksandr skiflarning katta bir guruhini asir oladi. „Jismoniy jihatdan baquvvat boʻlgan skiflardan 30 kishini oʻlimga mahkum etganda, ular oʻlimdan ham qoʻrqmasdan, xalq qoʻshiqlarini baralla aytib, xursand boʻlib borardilar“, – deydi Kursiy Ruf. Skiflarning mardligiga qoyil qolgan Aleksandr asirlarni oʻlimdan saqlab qolib, hibsdan ozod qiladi.

Asarda massagetlarning jasoratlari haqida ham maʼlumotlarlar mavjud. „Massagetlar 800 nafar otliq jangchilarini qishloq yaqinidagi oʻrmonga yashirib qoʻyadilar. Bir necha kishi poda haydab, oʻrmonga qarab bemalol ketaveradi. Tayyor oʻljani qoʻldan chiqarmaslik uchun Attin oʻzining 300 otliq jangchisi bilan hech shubha qilmasdan oʻrmonga kirib boradi. Massagetlar Attin qoʻshiniga qoʻqqisdan hujum qilib, ularning hammasini qirib tashlaydilar“[5].

Spitamen xususida

tahrir

Kvint Kursiy Rufning asarida Spitamen jismonan baquvvat, jasur, mard va tadbirkor bir shaxs sifatida tasvirianadi. Uning yozishicha, dastlabki paytda Aleksandr Spitamenga katta-katta vaʼdalar beradi, hatto Sugʻdiyona hokimligini inʼom etmoqchi boʻladi. Spitamen esa vatanga xiyonat qilishdan koʻra oʻlimni afzal biladi.

Ushbu asarda Spitamen fojiasiga sabab boʻlgan xoinlarga doir maʼlumotlar uchraydi. Shuningdek, Kvint Kursiy Rufning asarida hozirgi Oʻzbekiston hududining Aleksandr qoʻshinlari tomonidan istilo qilinishi, xalqlarning chet el bosqinchilariga qarshi kurashi, xususan, Spitamen qoʻzgʻoloni keng yoritib berilgan[6].

Manbalar

tahrir
  1. Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. 1-jild: A—Beshbaliq. T.:"Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi Davlat ilmiy nashriyoti", 2000.
  2. Boynazarov F. Qadimgi dunyo tarixi / Darslik. T.: „IQTISOD-MOLIYA“, 2006. 44-bet.
  3. Doniyorov A. X. Markaziy Osiyo xalqlari tarixshunosligi / Darslik. Toshkent: NIF MSH, 2020. 58-bet.
  4. Boynazarov F. Qadimgi dunyo tarixi / Darslik. T.: „IQTISOD-MOLIYA“, 2006. 46-bet.
  5. Doniyorov A. X. Markaziy Osiyo xalqlari tarixshunosligi / Darslik. Toshkent: NIF MSH, 2020. 57-58-betlar.
  6. Doniyorov A. X. Markaziy Osiyo xalqlari tarixshunosligi / Darslik. Toshkent: NIF MSH, 2020. 58-bet.