Logotip

tijorat korxonalari tomonidan keng qo'llaniladigan grafik belgi yoki emblema

Logotip (qadimgi yunoncha: λόγος (lógos) – „soʻz, nutq“ + τύπος (túpos) – „belgi, iz“) — 1) Ma’lum bir mahsulotni ishlab chiqaruvchi korxona yoki muayyan faoliyat bilan shugʻullanuvchi tashkilotning grafik shakldagi oʻziga xos tamgʻasi, ramzi; 2) Bosmaxona tizimida eng ko‘p qo‘llanuvchi harf, bo'g‘in yoki biror-bir belgining metalldan (ba’zan yog‘ochdan) tayyorlanib, qo‘lda teriladigan quymasi; qadimiy poligrafik litera[1].

Vikipediya logotipi

Tarixi tahrir

Miloddan avvalgi 70-7000 yillar oraligʻida ibtidoiy odamlar gʻorlarda hayvonlar tasvirini chizish orqali grafika dizayn sanʼatiga asos solishgan[2]. Odamlar ming yillar davomida shtamplar, belgilar va imzolar yordamida oʻzlarini tanishtirib kelishgan[3]. Qadimgi Misr qadimda eng rivojlangan sivilizatsiyalardan biri hisoblanadi.Misrliklar ierogliflarni miloddan avvalgi 3200-yillarda ishlab chiqqanlarida birinchilardan boʻlib maxsus ramzlardan foydalanishni boshlaganlar. Ularning yozuv tizimida tasvirlar soʻzlarni va hodisalarni ifodalagan hamda misrliklar tasvirlarni ramz sifatida ishlatishni boshlagan yagona odamlar emas edi. Miloddan avvalgi 1600-yillarda Xitoyda odamlar oʻzlarining xarakterlarini ishlab chiqishgan, ularning har biri soʻz yoki gʻoyani ifodalagan[4].

 
Misr ierogliflari (Luvr muzeyi)

Logotiplarning dastlabki versiyalari esa taxminan miloddan avvalgi 1300-yillarda ishlab chiqilgan. U davrlarda doʻkonlar oʻzlarining nomlarini, qilgan ishlarini aks ettirish uchun maxsus belgilardan foydalanganlar[2]. Oʻrta asrlarga kelib zodagon oilalar gerb deb nomlanuvchi oʻz logotiplari bilan oʻzlarini boshqalardan ajratib koʻrsatishga intilganlar[4].

Koʻpchilik uchun hayot 1440-yilda Johannes Gutenberg bosmaxonani ixtiro qilganidan keyin oʻzgara boshladi. Bu kengroq savodli kitobxonlar ommasini yaratishga va maʼlumotlarni tez, kengroq va aniqroq tarqatishga yordam berdi. Shu qatorida bu voqea zamonaviy logotip dizaynlari uchun keng eshiklarni ochdi, chunki noshirlar oʻz ishlariga egalik qilishni xohlashdi[3].

 
Paul Rand tomonidan ishlab chiqilgan IBM logotipi.

1800-yillarga kelib, texnologiyadagi yutuqlar birinchi marta ommaviy rangli chop etish imkoniyatini yaratdi, bu kompaniyalarga oʻz brendlari uchun diqqatni tortadigan yorliqlar, reklamalar va afishalar yaratish imkonini berdi. Frank Mason Robinson 1885-yilda Coca-Cola logotipini ishlab chiqdi va logotip dizaynining zamonaviy davrini boshlab berdi. Ammo 1956-yilda Paul Rand koʻz va ari tasvirlangan IBM logotipini yaratdi va bu koʻpchilikning fikriga koʻra, logotip dizayni tarixida burilish nuqtasi boʻldi[5]. 1990-yillarga kelib shaxsiy kompyuterlar ko‘proq odamlarga yetib borid. 2000-yillarning boshlarida Adobe kompaniyasi InDesign va Photoshop kabi dasturlarni ishlab chiqarib murakkab raqamli grafik dizayn vositalarini ommaga taqdim etdi. Bu esa kichik korxonalarga qimmat agentlikni yollamasdan oʻz logotiplarini yaratishga imkon yaratdi[2][4].

Logotip dizayni tahrir

Logotip 4 ta asosiy elementdan tarkib topadi. Bular rang, tipografiya, tasvir va shiordir. Zamonaviy logotiplarning bir qancha turlari bor:

  1. Monogram (or lettermark) logo — bu harflardan iborat logotiplar. Odatda brendning bosh harflaridan tashkil topadi. Masalan: IBM, HP, CNN, NASA.
  2. Wordmark logo — bu shriftga asoslangan logotip boʻlib, u asosan biznes nomiga qaratiladi. Masalan: Visa, Coca-Cola, Google.
  3. Pictorial mark logo — tasviriy, piktogramma yoki grafik belgiga asoslangan logotip. Bu turga misol qilib Apple, Twitter kabi kompaniyatlarning logotiplarini olishimiz mumkin.
  4. Abstract logo — bu tasviriy logotipning oʻziga xos turi. Apple yoki Twitter logotiplari kabi taniqli, aniq tasvir oʻrniga, bu biznesni ifodalovchi mavhum geometrik shakldan iborat boʻladi. Bunga misol Pepsi va Adidas logotiplari.
  5. Mascot logo — koʻpincha rang-barang, baʼzan esa multfilmga oʻxshash, tasvirlangan xarakterga ega boʻlgan logotiplardir. Misol tariqasida KFC, Pomidor Doʻppi logotiplarini keltirishim mumkin.
  6. Combination mark — soʻz, grafik belgi yoki mascot logolari birlashgan turi. Belgi va matn yonma-yon joylashtirilishi, bir-birining ustiga qoʻyilishi yoki umumiy tasvir yaratish uchun birlashtirilishi mumkin. Masalan: Burger King, Lacoste, Paynet.
  7. Emblem — belgi yoki belgi ichidagi soʻzlardan iborat logotip turi. Koʻpincha maktablar, tashkilotlar yoki davlat idoralari uchun qoʻllaniladi. Masalan: Starbucks.

Yana qarang tahrir

Manba tahrir

  1. O‘zbek tilining izohli lug‘ati. Toshkent: G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2023 — 964 bet. ISBN 978-9943-8834-4-4. 
  2. 2,0 2,1 2,2 „The history of logos“ (Ingliz). Qaraldi: 23-mart 2024-yil.
  3. 3,0 3,1 Josh Bloch. „Logo Design History: Where Do Logos Come From?“ (Ingliz). Qaraldi: 23-mart 2024-yil.
  4. 4,0 4,1 4,2 Gemma Mullin. „A Brief History of Logos“ (Ingliz) (29-mart 2022-yil). Qaraldi: 23-mart 2024-yil.
  5. „The IBM logo“ (Ingliz). Qaraldi: 23-mart 2024-yil.