Lomishiy Samarqandiy
Bu maqolaga boshqa birorta sahifadan
ishorat yoʻq. (avgust 2024) |
Lomishiy Samarqandiy — (1050-1128 yillar yashab o‘tgan) muhaddis va faqih bo‘lgan.
Lomishiy Samarqandiy | |
---|---|
Shaxsiy maʼlumotlar | |
Dini | Islom |
Tanilgan sohasi | muhaddis, faqih |
Husayn ibn Ali ibn Abulqosim, Abulali Lomishiy Samarqandiy nomi bilan tanilgan muhaddis va hanafiy faqihi boʻlgan. Ibn Kasir (1302-1373) „Al-bidoya va-n-nihoya“ asarida „Al-Lomitiniy“ deb keltirgan. Alloma 441/1050 yil Fargʻonaning Lomish qishlogʻida tavallud topgan. Oʻsha davrda, ilm borasida unga teng keladigan kishi boʻlmagan. U kishi kamtarin odam boʻlib, „amri maʼruf va nahy munkar“ qilish („yaxshilikka buyurib, yomonlikdan qaytarish“)da salafi solihlarning yoʻlini tutgan. Umrining koʻp qismini Samarqandda ilm ziyosida oʻtkazgan. U ustozlari boʻlmish Qozi Muhammad ibn Hasan ibn Mansur Nasafiy, Hofiz Abdurrahmon ibn Abdurrahim Qassor, Abulali Husayn ibn Abdulmalik Nasafiylardan tahsil olgan[1]. Allomaning yozgan asarlari haqida manbalarda maʼlumotlar keltirilmagan. Olimni 515/1121 yil Movarounnahr hukmdori Bagʻdodga xalifa saroyiga xizmat bilan joʻnatadi. Olim Bagʻdodga xalifaning huzuriga boradi. 522/1128 yil oʻz ishlarini tugatganidan keyin, u qaytib ketishidan oldin haj qilib ketishini taklif etilganida, u oʻziga topshirilgan ishni bajarishni istab haj qilmasdan Samarqandga qaytib kelgan[2]. Samʼoniyning aytishicha, Samarqand podshosi Muhammad ibn Sulaymon uni Marvga elchi qilib yuboradi[3]. Abu Saʼid Abdulkarim Samʼoniy olim toʻgʻrisida bunday deydi: "Abu Bakr Zohid Samarqandiyning bunday deganini eshitganman: "Imom Lomishiy bilan bir bogʻda kechani oʻtkazdim. U kishi yarim tunda bogʻdan chiqib bir tomonga keta boshladi. Men ham uning ortidan ergashib ketaverdim. Keyin katta, chuqur bir daryoga etdi va kiyimlarini echdi. Soʻng mato oʻrab suvga tushib, shoʻngʻib ketdi. Suvdan boshini chiqarmasdan ancha vaqt qolib ketdi. Men choʻkib ketdi deb oʻylab: „Ey musulmonlar, shayx choʻkib ketdi“, — deb qichqira boshladim. Ozgina vaqtdan keyin u kishi boshini suvdan chaqarib: „Ey oʻgʻlim choʻkkanim yoʻq“, dedi. Men „Ey xojam, men sizni choʻkib ketdi deb oʻylabman“, — dedim. U kishi: „Choʻkmadim, lekin mana shu yerda Allohga sajda qilishni xohladim, bu yerda hech kim sajda qilmagan boʻlsa kerak“, — dedi[4]. Bundan koʻrinib turibdiki, alloma yetuk darajali, boshqalarga ibratli kishi boʻlganidan dalolat qiladi. Lomishiy Samarqandiy Bagʻdoddan qaytib kelgan (522/1128) yilining Ramazon oyi (sentyabr)da sakson bir yoshida vafot etgan[5].
Adabiyotlar
tahrir- „Oʻrta asr Sharq allomalari ensiklopediyasi“; Samarqand:Imom Buxoriy xalqaro markazi 2018.
Manbalar
tahrir- ↑ Шамсуддин Заҳабий. Тариху-л-ислом ва вафоёту-л-машоҳир ва-л-аълом. Ж. 36. – Байрут: Дору-л-китоби-л-арабий, 1987. – Б. 72; Ибн Касир. Ал-бидоя ва-н-ниҳоя. Ж. 12. – Байрут: Дор иҳёу-т-туроси-л-арабий, 1988. – Б. 246.
- ↑ Абдулқодир ибн Абулвафо Қураший. Жавоҳиру-л-музийя фи табақоти-л-ҳанафийя. – Карачи: Мир Муҳаммад кутубхона, 2009. – Б. 215.
- ↑ Шамсуддин Заҳабий. Тариху-л-ислом ва вафоёту-л-машоҳир ва-л-аълом. Ж. 36. – Байрут: Дору-л-китоби-л-арабий, 1987. – Б. 72. // Заҳабий. Тазкирату-л-ҳуффоз. Ж. 4. – Байрут: Дору-л-кутуби-л-илмия, 1998. – Б. 47.
- ↑ Абдулқодир ибн Абулвафо Қураший. Жавоҳиру-л-музийя фи табақоти-л-ҳанафийя. – Карачи: Мир Муҳаммад кутубхона, 2009. – Б. 215.
- ↑ Ибн Касир. Ал-бидоя ва-н-ниҳоя. Ж. 12. – Байрут: Дор иҳёу-т-туроси-л-арабий, 1988. – Б. 246. // Заҳабий. Тазкирату-л-ҳуффоз. Ж. 4. – Байрут: Дору-л-китоби-л-илмия, 1998. – Б. 47.
Ushbu maqolada Oʻrta asr Sharq allomalari ensiklopediyasi maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Ushbu maqolada Islom ensiklopediyasi (2020) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |