Muhammad Rahimxon madrasasi

(Madraimxon madrasasidan yoʻnaltirildi)

Muhammad Rahimxon madrasasi – Xivadagi meʼmoriy yodgorlik (1871). Muhammad Rahim II (Feruz) qurdirgan. Koʻhna arkning sharqiy darvozasi qarshisida joylashgan. M.Muhammad Rahimxon madrasasi masjid, ayvon, darsxona, kutubxona va hujralardan iborat. Bino 1876 yilda, Xiva xonligining Rossiya imperiyasi tomonidan protektorat shartnomasi imzolanganidan uch yil oʻtib qurib bitkazildi. Madrasa keyinchalik Qur’on ilmlari boʻyicha taʼlim beruvchi yetmish olti hujraga ega boʻlib, Markaziy Osiyodagi eng katta madrasalaridan biriga aylandi.

Madrasa
Muhammad Rahimxon madrasasi
Muhammad Rahimxon madrasasi Oʻzbekiston pochta markasida
Mamlakat  Oʻzbekiston
Hudud Xorazm viloyati
Shahar Xiva
Manzil Ichan qalʼa MFY, Boʻyoqchilar koʻchasi, 12-uy
Maktab yoʻnalishi sunniy
Mulkdor Davlat mulki. Xorazm viloyati madaniy me'ros boshqarmasi operativ boshqaruv huquqi asosida
Madrasa turi Katta
Meʼmoriy uslub Oʻrta Osiyo meʼmorchiligi
Binokorlik tashabbuschisi Muhammad Rahimxon II
Homiylar Muhammad Rahimxon II
Asosiy sana:
Maqomi davlat himoyasida[1]
Holati Ichan qal'a muzey qoʻriqxonasi
Qurilish materiali Pishiq g'isht

Bu taʼlim maskanida yozgi va qishgi masjid, darsxona, kitobxona va hujralar mavjud boʻlgan. Madrasaning hovlisi 76 ta bir qavatli hujra bilan oʻralgan boʻlib 152 tolibi ilm dars olishiga moʻljallangan boʻlgan.

Tarixi

tahrir

Xorazmning sobiq poytaxti Xivada yigirmadan ortiq madrasalar saqlanib qolgan, yana koʻplari qurilgan.

Madrasa asoschisi Muhammad Rahimxon II maʼrifatparvar hukmdor edi. Feruz taxallusi bilan sheʼrlar yozgan. XIX asr oxiri XX asr boshlarida Xorazmda maorif va madaniyat rivojiga katta hissa qoʻshgan. Komil Xorazmiy va boshqa shoirlar ushbu hukmdorning madrasasi va saroyi qurilgan sanaga bir qancha sheʼriy bagʻishlovlar yozganlar.

Ichan qal’aning bir qismi sifatida 1990-yilda YuNESKOning Butunjahon merosi obyektlari roʻyxatiga kiritilgan. Hozirgi vaqtda Muhammad Rahimxon madrasasi turistik xizmat koʻrsatish va koʻrgazma oʻtkazish obyekti hisoblanadi.

Meʼmorchiligi

tahrir

Madrasaning old tomoni 2 qavatli, qolgan tomonlari bir qavatli. Burchaklariga guldastalar ishlangan. Xiva meʼmorligiga xos uslubda peshtokli koshinkori naqshlar bilan bezatilgan. Sirli gʻishtlar „qoʻsh“ va „bantak“ uslubida terilgan. Peshtoqining ikki qanotida 2 qavatli oldi chuqur ravoqli 5 ta hujraga ganchkori panjaralar oʻrnatilgan. Bosh tarzidagi miyonsaroy 9 ta gumbazli xonadan iborat. Masjid va darsxona hujralar bilan oʻzaro bogʻlangan. Hovli murabba tarhli, uch tomoni 76 ta hujra bilan oʻralgan. Janubida gumbazli ayvon va boshqa qoʻshimcha xonalar bor. Keyinroq, madrasaning old tomoniga bir qavatli savdo rastalari qatoridan iborat hovli qurilgan. M.Muhammad Rahimxon madrasasining umumiy tuzilishi va ichki tarhi anʼanaviy Xiva madrasalari meʼmorligidan bir oz farq qiladi.

Tolibi ilmlar tahsil olishiga moʻljallangan hujralar tomi tashqi tomondan toʻsiq devor (parapet) bilan chegaralangan va ikki qavatli bosh fasadga kelib tutashgan. Xushqad peshtoqning ikki yonida besh ravoqli galereya mavjud. Darvozaxona atrofidagi xonalar toʻqqizta gumbazga ega. Binoning ichki plani boshqa madrasalar tuzilishidan farq qiladi. Devorlar yuzasidagi sirkor gʻishtchalardan terilgan ornamentli bezaklar odatdagi shakllarni takrorlaydi. Kishida hovlining tuzilishi oʻzgacha taassurot qoldiradi. Hovlining bir qavatli hujralari qatori baland dekorativ peshtoqlar tashqi toʻsiq devor va burchaklardagi chiroyli minoracha-guldastalar bilan birgalikda ajoyib manzara kasb etadi.

Madrasaning vaqfi (madrasa faoliyatini taʼminlaydigan daromad manbai) uchun xon 2941 tanob (2,5 tanob – 1 gektar) er ajratgan. Chiroyli koshinlar bilan bezatilgan madrasaning ochilish tantanasida zamonaning fuzalo va shuarolari taʼrixlar va qasidalar aytib xondan inʼomlar olganlar. Xon oʻz ayonlari, qarindoshlari, qurilishda ishlagan usta va hunarmandlarga hadya qilgan xarajatlardan tashqari bu toʻyda 118 tillo sochilgan.

Madrasaning peshtoqiga arab tilida shunday yozuvlar bitilgan: Ushbu muborak binoni zamon sultoni va dunyo hoqoni, Allohning xalifasi va soyasi, gʻalabalar va shuhratlar egasi, yengilmas qudrat sohibi, mamlakatlarni fath qiluvchi Sayyid Muhammad Rahim Bahodirxon bunyod qildirgan. sana 1289. (1872-yil)

Umumiy tarhi —62,4x49,7 m; hovli —28,3x28,8 m; darsxona —5,4x5,4 m; masjid – 7,0*7,0 m; savdo qatorlari – 25,0x50,0 m; hovli 16,9x42,5 m.[2]

Manbalar

tahrir