Mavlon Qultoyev
Mavlon Qultoyev — 1869-yilda OʻzSSR Samarqand viloyati, Forish tumani, Yaytangali qishlogʻida tugʻilgan[1]. Hibsga olinganda kolxozchi boʻlgan. Unga „aksilinqilobiy quloq-isyonchilar guruhining yigʻinlariga qatnashgan“ degan ayb qoʻyilib, 1937-yil 7-dekabrda 10 yil qamoq jazosiga hukm qilingan. Jizzax shahri turmasidan Toshkent turmasiga keltirilib, u yerdan Arxangelsk shahriga etap qilingan.
Mavlon Qultoyev | |
---|---|
Tavalludi |
1869-yil |
Fuqaroligi | SSSR |
Turmush oʻrtogʻi | Mayram |
Bolalari | 1 |
Ayblov
tahrirOʻzSSR Ichki ishlar xalq komisarligi huzuridagi „Uchlik“ 1937-yil 7-dekabrdagi 7915-sonli ish boʻyicha 17 mahbusning ishini koʻrib chiqadi. Ulardan Oʻroz Damaqov, Jumaqul Boʻronov, Olimberdi Malikov, Mavlon Rizayevlar otuvga, Erxon Joʻrayev, Oʻrozboy Bolibekov, Shotemir Boʻronov, Marajab Jumanov, Mavlon Qultoyev, Eshnazar Xaqqulov, Muhammadiy Normatov, Nodir Isayev, Lutfulla Abilov, Mansur Egamberdiyev, Abdulahad Bekboyev, Mitan Haydarov, Turgʻunboy Rahmonqulovlar 10 yil mehnat-tuzatuv lageriga hukm qilinadi[2].
Mehnat faoliyati
tahrirQultoyev Yertsova shahridagi lagerda boʻlib, temir yoʻl qurilishi va yogʻoch-taxta tayyorlashda 3 oydan koʻproq ishlaydi.
1938-yil yozidan Yertsova lageridan Vandish lageriga etap qilinadi. Bu lagerda besh yil davomida qogʻoz fabrikasini qurishda mehnat qiladi. Fabrika qurib bitkazilgach, shu fabrikada ishlaydi.
1943-yili Qultoyevni qandaydir gʻallachilik covxoziga yuborishadi. Yarim yil bu yerda ishlagach, bir yil davomida gidroelektrostansiya qurilishida ishtirok etadi. 1945-yildan boshlab Sverdlovsk viloyatida faner zavodida ishlaydi. 1947-yil 18-noyabrda qamoqdan ozod boʻlib, uyiga — Yaytangali qishlogʻiga qaytadi. 1950-yil 18-yanvarga qadar Stalin nomli kolxozda mehnat qiladi
Qayta hibsga olinishi
tahrir1950-yil 18-yanvarda Abdulahad Bekboyev, Mitan Haydarov, Mavlon Qultoyev qayta hibsga olinadi. Davlat xavfsizligi vazirligi Samarqand viloyat Boshqarmasi tergovchilaridan leytenant Mustakayev, leytenant Dolinskiy, katta leytenant Kolesnikovlar har uch mahbus ustidan tergov oʻtkazadilar.
1950-yil 30-martda ularga nisbatan ayblov xulosasi tayyorlanib, unga Dolinskiy, Timofeyev, Genkinlar imzo qoʻyadilar. Oʻzbekistan SSR Davlat xavfsizligi vaziri general-mayor Baskanov ushbu ayblov xulosasini tasdiqdaydi. Ayblov xulosasida shunday yozilgan:
“Qultoyev M., Bekboyev A., Haydarov M. Davlat xavfsizligi vazirligi Samarqand viloyati boʻyicha Boshqarmasi tomonidan sovetlarga qarshi quloq-isyonchilar guruhning ishtirokchilari sifatida 1950-yil 18-yanvarda qamoqqa olinadilar.
Qultoyev, Bekboyev va Haydarov ijtimoiy yot muhitdan chiqqan boʻlib, sovet hokimiyatiga avvaldan dushmanlik kayfiyatida boʻlgani, Oʻzbekistonda burjua davlati yaratish maqsadida guruhga boshqa shaxslarni jalb etgani, qurol sotib olish uchun kolxoz mulkini oʻgʻirlash bilan shugʻullangani, shuningdek, doimiy ravishda sovetlarga qarshi targʻibot olib borgani uchun 299-sonli tergov ishini SSSR Davlat xavfsizligi vazirligi huzuridagi Maxsus Kengashga Kultoyev, Gaydarov va Bekboyevni maxsus posyolkaga badargʻa qilishni qoʻllash tavsiya etiladi”.
SSSR Davlat xavfsizlik vazirligi huzuridagi Maxsus Kengash 1950-yil 8-iyulda oʻzining 30-sonli bayonnomasi bilan Abdulahad Bekboyevni „antisovet quloqlar guruhiga mansubligi“ uchun Krasnoyarsk oʻlkasiga, Mavlon Qultoyev va Mitan Haydarovni Novosibirskka surgunga qaror qiladi. Ularni etap qilish 1950-yil 8-iyuldan kuchga kirishi koʻrsatiladi.
Samarqand viloyat sudi Hayʼati 1957-yil 14-iyunda oʻzining 4-9-175-sonli qarori bilan SSSR Davlat xavfsizlik vazirligi huzuridagi Maxsus Kengashning 1950-yil 8-iyuldagi Mavlon Qultoyev, Mitan Haydarov, Abdulahad Bekboyevlarga nisbatan chiqargan qarorini bekor qiladi va bu uch mahbus reabilitatsiya qilinadi.
Oilasi
tahrirMavlon Qultoyev surgun qilinganda oilasi tarkibida 34 yoshli xotini Mayram, oʻgʻli Egam qolgan.
Manbalar
tahrir- ↑ R.Shamsutdinov, E.Xolmirzayev. KOLLEKTIVLASHTIRISH VA “KATTA TERROR” DAVRIDA QATAGʻON QILINGAN VATANDOSHLARIMIZNING XOTIRA KITOBI (SAMARKAND viloyati) (1929-1939-YILLAR). Toshkent:Yangi asr avlodi, 2015 — 352-bet. ISBN 978-9943-27-589-9.
- ↑ R.Shamsutdinov, E.Xolmirzayev. KOLLEKTIVLASHTIRISH VA “KATTA TERROR” DAVRIDA QATAGʻON QILINGAN VATANDOSHLARIMIZNING XOTIRA KITOBI (SAMARKAND viloyati) (1929-1939-YILLAR). Toshkent:Yangi asr avlodi, 2015 — 352-bet. ISBN 978-9943-27-589-9.