Kalamushlar (Rattus) — kemiruvchilar turkumining bir urugʻi. Sichqonsimonlar oilasiga mansub. Tanasi choʻziq, dumi uzun va tangachalar bilan qoplangan. Kalta oyogʻida siyrak jun bor. Qulogʻi katta, juni siyrak (ayrim turlariniki junsiz). 60 turi maʼlum. Yer yuzida keng tarqalgan. Oʻzbekistonda ombor, yaʼni kulrang kalamush va turkiston kalamushi, Turkmanistonda qora kalamush tarqalgan. Ombor kalamushlarining boʻyi 25 smcha, dumi nisbatan kaltaroq, kam jun, koʻpincha tangachalar bilan qoplangan, malla yoki jigarrang aralash qoʻngʻir tusli, qorni xira oq. Yer yuzida keng tarqalgan. Vatani — Sharqiy Xitoy. Oʻzbekistonda Ikkinchi jahon urushi davrida paydo boʻlgan. Urushdan keyingi yillarda Toshkentda ariq boʻyi, molxona, omborlarda kulrang kalamushlar keng tarqalib, turkiston kalamushlarini siqib chiqardi. Ombor kalamushlar juda serpusht. Urgʻochisi yilda 3 marta, har gal 1 — 15 tadan bolalaydi. Bolasi 3—4 oyda voyaga yetadi. Kalamushlar hayvonlar murdasi, oʻsimliklar va ularning qoldiqlari bilan oziqlanadi. Oziq-ovqat, donlarga, baʼzan moʻyna, gazmollarga zarar yetkazadi. Albinos formasi (oq kalamushlar)lab. hayvoni hisoblanadi. Turkiston kalamushining boʻyi 12—23 sm, dumi boʻyiga teng . Rangi ombor kalamushlarga oʻxshaydi, ammo qorni ancha oq. Shimoliy Hindiston va Oʻrta Osiyo togʻlarida yashab, koʻpincha yongʻoqzorlarda daraxt ildizlari ostida va turli kovaklarda uya yasaydi. Juda serpusht. Bir yilda 4— 5 marta 2—13 tadan bolalaydi. Har xil oʻsimlik va mayda jonivorlar bilan oziqlanadi. Togʻda mevalarga zarar yetkazadi. Kalamushlar oʻlat kabi yuqumli kasalliklarni tarqatadi. Qora kalamushlar gavdasining uzunligi 13—19 sm, dumi 13,5—23 sm vatani — Hindiston. Bu yerdan hamma qitʼalarga oʻtgan. Oʻrta Osiyoda faqat Turkmanistonda uchraydi. Yilda 3—5 martadan 4—13 tagacha bolalaydi. Kalamushlarga qarshi kurashish uchun mexanik, kimyoviy va biologik vositalardan foydalaniladi[1].

Vincent van Gogh (1884)

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil