Tol (Salix) — toldoshlarga mansub daraxtlar va buta, chala butalar turkumi. 300 turi maʼlum. Asosan, moʻʼtadil mintaqada, Yevropa va Shimoliy Amerikada tarqalgan. Oʻrta Osiyoda 22 turi bor. Daraxtlarining xodasi yoʻgʻon, poʻsti dagʻal, barglari navbat bilan joylashgan. Baʼzilari bargi yozilguncha, boshqalari bargi yozilgandan keyin yoki bargi yozilishi bilan bir vaqtda gullaydi. Ikki yoshli novdalari kuchala chiqaradi. Gullari ikki uyli, bir jinsli, mart— aprel oylarida gullaydi. Mevasi koʻsakcha. 25—30 kunda yetiladi. Urugʻi mayda, ochiq va nam yerda tez, yaʼni 5—10 soatda unib chiqadi. 15—20 kundan keyin unish qobiliyatini yoʻqotadi. Qalamchasidan, poya (xoda)sidan, parxishdan yaxshi koʻpayadi. Oʻzbekistonda oq T., qora T., ignabarg T., majnuntol, suvtol, turon T.i kabi turlari tarqalgan. Oq tolning (S. alba) bal. 10–15 m. yogʻoch tanasi poʻstlogʻi toʻq kulrang, sur. Tanasining diametri 1,5 gacha, Qora tolning (S. excelsa Gmel.) daraxt novdalari rangi qoʻngʻirqizgʻish. Tez oʻsadi. Issiqqa chidamli, shoʻrxok yerlarda ham yaxshi oʻsadi. Qalamchasi va poyasi ekib oʻstiriladi. Obodonlashtirish va xoʻjalik ehtiyojlari uchun koʻp ekiladi. Ignabargli tol (S. acutifolia) — dare boʻylarida, kichikkichik suv havzalari, ariklar, xonadonlar atrofida usadi. Kuryuqchilikka, shoʻrxokka chidamli. Novdalari nozik va ingichka. Bal. 2–4 m; majnuntol (S. babylonica) — bal. 8–10 m ga yetadi. Manzarali daraxt sifatida oʻstiriladi; suvtol yoki Vilgelms toli (S. wilhelmsiana Bieb.) — buta, novdasi ingichka, uzun, choʻl, adir, togʻ zonalaridagi toʻqayzorlarda uchraydi. Olga toli (S. olgae Rgl.) — yirik buta, novdalari rangi korakizil yoki sariq; Nedzvetskiy toli (S. niedzwieckii Goerz) — past boʻyli daraxt, pishgan novdalari qizgʻish yoki qoʻngʻir. Daryo sohillarida oʻsadi. Turon toli (S. turanica Nas.) — togʻ va tog oldi toʻqaylarida toʻptoʻp boʻlib oʻsadi. Katta buta, bal. 5–6 m. Barglari uz. 12 sm, novdasi och sariq. Novdalaridan har xil savatlar toʻqiladi. Koʻkalamzorlashtirish, obodonlik, ihota oʻrmonzorlari tashkil etish, yogʻoch va xoda olish uchun ekiladi. Qadimdan T. yogʻochidan qurilish materiallari, toqi, ishkom, soʻri, har xil buyumlar, beshik, bolalar oʻyinchoqlari, ketmon va belkurak dastalari yasashda foydalaniladi.[1]

Botanik tasnifi tahrir

Tol-Salix L. hayotiy shakllariga ko‘ra yirik daraxt va butalar bo‘lib,  balandligi 20-35 m poyasining eni 1 m gacha, ba’zi turlari butalar hisoblanadi. Shoxlanishi simpodial tipda bo‘lib, yirik shox-shabbalarni hosil qiladi. Ikki uyli. Po‘stlog‘i kulrang, yo‘l-yo‘l yorilgan. Qari novdalari silliq, yosh novdalari esa tuklar bilan qoplangan. Barglari oddiy, ketma- ket joylashgan, yon bargchali, bandli. Bargi butun, lansetsimon, ustki qismi yashil tovlanadi, bargning ostki qismi esa kumushsimon oqish tovlanadi. Gullari kichik, gulqurg‘onsiz, ayrim jinsli isirg‘alar to‘pgulda to‘planadi.

Gul va nektardonlarning tuzilishi tahrir

Gullari kichik, gulqurg‘onsiz, ayrim jinsli isirg‘alar to‘pgulda to‘planadi. Erkak gullari sariq ko‘rinishida 2-5 changchili va nektardonlari ikkita bezsimon shaklda. Urug‘chi gullari yashil rangli, ikki mevachibargdan hosil bo‘lgan bir bezchali nektardondan iborat. Urug‘chilari silliq, o‘troq yoki qisqa gulbandli. Bularda nektardonlar urug‘chi gullarda urug‘chining, erkak gullarda esa changchilarning rudimentlashuvidan hosil bo‘lgan. Urug‘chi gullarda tuguncha asosida to‘g‘ri burchakli shakldagi tuzilma nektardonni ko‘rish mumkin. Salix turlarida floral nektardondan tashqari ekstrofloral nektardonlar ya’ni bargda hosil bo‘ladigan nektardonlar ham mavjud. Tolning nektardonlari, gullashi barglari yozilmasdan oldin boshlanadi. Barg yaproqlarining kattalashuvi va yozilishi bilan gulshira ajralish jarayoni to‘xtaydi. Tol turlarining gullashi aprel oyi oxiri-may oyining boshiga to‘g‘ri keladi. Bu vohada tog‘ sharoitiga ob-havoning, ya’ni bahorning erta yoki kech kelishiga qarab gullash muddati o‘zgaradi.

Tol-Salix L. turlarning xilma xilligi tahrir

Toldoshlar - Salicaceae oilasining yer yuzida 350-370 turi tarqalgan bo‘lib, bu turlar, asosan, o‘rta iqlimli sharoitda o‘sadi. Ular hayotiy shakllariga ko‘ra daraxt va butalardir. Surxondaryo florasida Salix alba, Salix linearifolia, Salix olgae, Salix capisii, Salix withelmsiana, Salix caesia, Salix niedzwinski, Salix karelinii, Salix turanica, Salix songorica va boshqa turlari Pomir-Oloy tog‘ tizimini daryo vodiylarida o‘tkazilgan tadqiqotlarda tavsiflashgan. Sangardak-To‘palang suv havzasida Salix blackii, Salix niedzwinski, Salix micaus, Salix oxica, Salix ferganensis, Salix linearifolia turlari 6-8 m daraxt va 2-3 m bo‘lgan butalar tavsiflangan[2]. MDH hududida 170 dan ortiq tarqalgan bo‘lib, ularni asalshirali o‘simlik sifatida amaliy ahamiyati ta’riflangan.

Tol o‘simligining ahamiyati tahrir

Tol turlari amaliy ahamiyatiga ko‘ra xilma-xildir. Bu o‘simliklar qadimdan tog‘ daryo o‘zanlari, to‘qayzorlarda keng tarqalgan bo‘lib, aholi tomonidan manzarali o‘simlik sifatida ko‘p ekilgan va suv havzalari atrofida ekilishi bilan meliorativ vazifalarni bajargan. Tol o‘simligi ekologik jihatdan suv saqlash, daryo o‘zanlari mustahkamligini saqlashda roli katta o‘simlik hisoblanadi. Uning yosh novdalari chorva mollari va yovvoy o‘txo‘r hayvonlar uchun ozuqadir. Sanoatda esa tol po‘stlog‘idan terini oshlash uchun, novdalaridan savat, mebellar tayyorlash uchun foydalaniladi. Mahalliy sharoitda hunarmandlar undan beshik, ba’zi uy jihoz va anjomlari tayyorlashadi. Tol tez o‘sadi va yaxshi soya beradi, uning yig‘loqi shakllari, masalan, majnuntollar dam olish maskanlarida, hovuz, ariq yoqalarida go‘zal landshaftlar hosil qiladi.

Tibbiyotda qo‘llanilishi tahrir

Salix L. po‘stlog‘i glikozid salitsin (salitsil kislota), uglevodlar, sellyuloza, lignin, oshlovchi moddalar, antotsian, flavonoidlar, C vitamini saqlaydi. Undan tayyorlangan preparatlar qon oqishini to‘xtatuvchi, og‘riq qoldiruvchi, tinchlantiruvchi, antiseptik, isitma tushiruvchi, diuretik, shamollashga qarshi kasalliklarda qo‘llaniladi. Uning qonning quyuqlashuviga qarshi ta’siri yurak-qon tomirlari sistemasida tromb hosil bo‘lishining oldini olish bilan muhimdir. Tibbiyotda va xalq tabobatida undan damlama va nastoykalar tayyorlab o‘pka shamollashlarida, tomoq og‘riqlarida, varikozda, terlash hidini yo‘qotishda, bosh og‘riqlarida ishlatiladi.

Asalarichilikdagi ahamiyati tahrir

Salix L. turlari erta bahorda asalarilar uchun gulshira va gulchangi beradi. Bunda bir o‘simlikda 23,4-31 g. shakar yig‘ilishi aniqlangan. L.Bulgakova o‘z kuzatishlarida Salix L. turlari gulshira va gulchangi berishi haqida qisqacha ma’lumot bergan[3]. Kraxotin 1991 tol turlari gulchangi beradigan tur sifatida qaraydi. Shu sababdan uning tabiatda va manzarali o‘simlik sifatida tarqalishi, asalarichilikda o‘z ahamiyatiga ega. Bundan tashqari tol turlarining gullash davri asalarida ozuqa tanqisligi bo‘lgan erta bahor davriga to‘g‘ri keladi. Salix turlari bahorning erta yoki kech kelishiga qarab turli vaqtlarda gullaydi. Bu esa asalarilar oilasining rivojlanishi davrida ma’lum darajada ozuqa bilan ta’minlaydi. Bu o‘simlik tuproq-iqlim muhitiga talabchan emas va ko‘paytirish oson. Shuningdek, manzarali va ihota sifatida, xo‘jalik maqsadida ekiladi. Salix carpea L. turi keng maydonlarda ekilganda uning asal mahsuldorligi 150 кg/gа tashkil etgan[4]. Uzoq Sharqda 70 dan ortiq Salix turlari yovvoyi holda keng tarqalgan bo‘lib, noqulay sharoitda ham gulshira ajratishi, bularning turlarining birin-ketin gullashi natijasida gullash davri 30-35 kun davom etishi, yalpi maydonlardan 100-120 kg/ga asal olinishi qayd etilgan. Qulay ob-havo sharoitida kontrol uyalari 2 kg.gacha asal  to‘plashi aniqlangan. Tol turlarining keng tarqalganligi bois birinchi darajali gulchangi va gulshira beruvchi o‘simlik hisoblanadi. O‘zbekiston sharoitida tuqayzor, tog‘ daryo o‘zanlarida tarqalgan turlarning vaqti biroz cho‘zilib 25-30 kun davom etadi. Bu esa erta bahorda arilar uchun ozuqa tanqis bo‘lgan davrga to‘g‘ri keladi. Changchilari, urug‘chilari ham ikki mevachi barglardan hosil bo‘lgan. Gulchangi yopishqoq va hasharotlar yig‘ib olish uchun qulay bo‘lgan gulchangi beradigan o‘simlikdir. Gullab bo‘lgandan so‘ng changchi va urug‘chi shingillari to‘kilib ketadi.

 

Manbalar tahrir

  1. „Tol“ OʻzME. T-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  2. Дробов В.П.. Растительные ресурсы Гиссарского хребта (бассейна реки Тупаланг). Ташкент: Изд.АНУзР, 1951 — 72 bet. 
  3. Булгакова Л.Л.; Суворин Ф.. Медоносы кочевого пчеловодства. Ташкент: Госиздат УзР, 1961 — 28-31 bet. 
  4. Аветисян Г.А.. Географическая изменчивость нектаропродуктивности медоносных растений и медосборов. Из материалов XIX международного конгресса по пчеловодству, 1963б, М., Сельхозгиз — 118 bet.