Moldova
Moldova[4] (rumincha: Moldova), Moldova Respublikasi[5] (rumincha: Republica Moldova) – Yevropaning janubi-sharqiy qismidagi davlat. Ukraina va Ruminiya bilan chegaradosh. Maydoni 33 846 km2. Aholisi 3,557,600 kishi (2014). Jahonda aholisi boʻyicha 118 oʻrinni va hududi boʻyicha 135-oʻrinni egallaydi.
Moldova Respublikasi rumincha: Republica Moldova
| |
---|---|
Shior: Yoʻq | |
Madhiya: Limba Noastra (Our Tongue) | |
Poytaxt | Kishinyov |
Rasmiy til(lar) | Rumincha[1] |
Hukumat | Parlamentar davlat |
Maia Sandu | |
Natalia Gavrilița | |
Igor Grosu | |
Mustaqillik (Sovet Ittifoqidan) | |
• Sana |
27-avgust 1991 |
Maydon | |
• Butun |
33,846 km2 (135-oʻrin) |
• Suv (%) |
1,4 |
Aholi | |
• 2014-yilgi roʻyxat |
3,557,600[2] (131-oʻrin) |
• Zichlik | 105,1/km2 |
YIM (XQT) | 2014-yil roʻyxati |
• Butun |
AQSh$13,974 milliard[3] (132-oʻrin) |
• Jon boshiga |
AQSh$ 3,926[3] |
Pul birligi | Moldovan Leu (MDL) |
Vaqt mintaqasi | UTC+2 |
• Yoz (DST) |
UTC+3 |
Qisqartma | MD |
Telefon prefiksi | 373 |
Internet domeni | .md |
|
Poytaxti – Kishinyov shahri. Maʼmuriy jihatdan 40 tuman, 21 shahar va 48 shaharchaga boʻlinadi. Davlat tili – moldavancha Moldova konstitutsiyasiga koʻra; konstitutsiyaviy sudining qaroriga binoan – rumincha[6].
Davlat tuzumi
tahrirMoldova – respublika. 1994-yil 29-iyulda qabul qilingan konstitutsiya amal qiladi. Davlat boshligʻi – parlament tomonidan saylanadigan prezident (2000-yildan V. Voronin). Qonun chiqaruvchi oliy organi – bir palatali parlament (Majlis), ijrochi organi – hukumat (Vazirlar kengashi).
Tabiati
tahrirMoldova Sharqiy Yevropa tekisligining janubi-gʻarbiy qismida joylashgan. Yer yuzasi oʻrqirli tekislik, dare vodiylari va jarliklar bor. Markaziy qismida Kodru qirlari joylashgan. Eng baland joyi 429,5 m. Dnestrning oʻng sohilini Dnestr boʻyi qirlari (balandligi 250–300 m, eng baland joyi 347 m) egallagan. Shimoliy Moldova tekisligi (250–300 m), Janubiy Moldova tekisligi bor. Ohaktosh, gips, shisha qumi, shagʻal, shuningdek, neft va gaz konlari topilgan.
Iqlimi – moʻʼtadil kontinental. Qishi qisqa, iliq, qor kam yogʻadi, yozi uzoq va iliq. Iyulning oʻrtacha temperaturasi – shimolida 19,5° va janubida 22°; eng yuqori temperatura 41°; yanvarning oʻrtacha temperaturasi shimolida – 5° va janubida – 3°; eng past temperatura –36°. Yiliga shimolida 560 mm, janubi-gʻarbda 370 mm, qirlarda 500–560 mm, tekisliklarda 400–450 mm yogʻin yogʻadi. Daryolari Qora dengizga quyiladi. Eng katta daryolari – Dnestr (irmoklari – Reut, Bik, Botna), Prut (irmoklari – Chugur, Kamenka, Larga, Lapushna, Sarata). Tuproqlari – asosan, qoratuproq (75%), qoʻngʻir va kulrang oʻrmon tuprogʻi (10%); dare qayirlarida – allyuvialoʻtloqi tuproqlar. Hududining aksariyati dasht va oʻrmon dasht mintaqasida joylashgan boʻlib, koʻp qismi haydalib, ekin ekiladi. Mamlakat maydonining 9% ni egallagan oʻrmonlarda dub, shumtol, grab, qora qayin, joʻka oʻsadi. Chalov, betaga kabi dasht oʻsimliklari kamayib ketgan. Hayvonlardan oʻrmonda yelik, toʻngʻiz, boʻri, tulki, boʻrsiq, olmaxon, oqsichqon yashaydi. Qushlarning 260 ga yaqin turi (soʻfitoʻrgʻay, mayna, qorashaqshaq, qarchigʻay, boyqush, bedana va boshqalar) uchraydi. "Kodru", "Gredina Turchaske", "Yagorlik", "Playul Faguluy", "Prudil de Jos" kabi qoʻriqxonalar tashkil etilgan.
Aholisi
tahrirAholisining 65% moldavanlar; ukrainlar, ruslar, ruminlar, gagauz va bolgarlar ham bor. Davlat tili – rumin tili. Koʻpchilik aholi (95%) xristian dinining pravoslaviye oqimiga mansub. Shahar aholisi 47%. Yirik shaharlari: Kishinyov, Tiraspol, Belts, Tigina.
Tarixi
tahrirHozirgi Moldova hududidagi Brinzeni, Rashkov, Chutuleshti va boshqa joylardan topilgan koʻxna manzilgohlarning dalolat berishicha, bu yerda aholi paleolit davridayoq oʻtroklashgan. Neolit davrining manzilgohlaridan Bug-Dnestr madaniyati yodgorliklari topilgan (miloddan avvalgi 6–5 ming yilliklar). Bu davrda odamlar urugʻchilik jamiyatiga birlashib, ovchilik, dehqonchilik, baliqovlash bilan shugʻullangan. Miloddan avvalgi 4ming yillikda hukmronlik qilgan Tripoli madaniyati davrida koʻpgina manzilgoqlar (Varvarovka, Karaku-shan, Kuban) barpo etilgan, kulolchilik rivojlangan.
Miloddan avvalgi 1ming yillikdan milodiy 1ming yillikkacha Moldova qududida daklarning qabilaviy birlashmalari va davlatlari mavjud boʻlgan. Milodiy 2-asr boshlarida rimliklar Dakiyani bosib oldi va uni asta-sekin Rimning viloyatiga aylantirdi. Lotin tili yoyilib, u sharqiy roman, shuningdek, moldavan tillariga asos boʻldi. 2–4-asrlarda bu yerda sarmatlar, skiflar, hunnlar, gotlar yashaganligi taxmin qilinadi. 10–12-asr boshlarida Moldovaning bir qismi Qad. Rus davlati taʼsir doirasiga, soʻng Galitsiya va Galitsiyavolin knyazligi tarkibiga kirgan. Lekin 12-asrda koʻchmanchi bijanaq va qipchoklarning hujumidan keyin slavyanlar deyarli barham topdi. 13–14-asrlarda Moldova hududi moʻgʻullar qoʻl ostiga oʻtdi. Bosqinchilar vengerlar tomonidan haydab yuborilgandan keyin Moldova yerlari Vengriya qaramogʻiga oʻtdi, 1359-yil ozodlik kurashi natijasida mustaqil Moldova knyazligi (poytaxti Yassi shahri) voʻjudga keldi. 14-asr 2-yarmida Karpat bilan Dnestr oraligʻidagi yerlar unga qarashli boʻldi. Shu davrda valaxlar va sharqiy slavyanlar bilan aloqa rivojlanib, natijada moldavan elati shakllandi. 16–18-asrlarda Moldova Usmoniylar imperiyasi xukmronligida boʻldi va 300 yil mobaynida oʻlpon toʻlab turdi. Avvaliga Tira, Benderi, Kiliya, 18-asrda Xotin Moldovadan ajratib olindi va ularga turk garnizonlari joylashtirildi. Chet el bosqinchilariga qarshi milliy ozodlik kurashi turli shakllarda olib borildi. 18-asr 2-yarmi va 19-asr boshlaridagi Rossiya-Turkiya urushlari natijasida Moldova ozod etildi. Ammo Yevropa davlatlarining oʻzaro raqobati tufayli Moldova yana Turkiyaga qaytarib berildi. 1775-yil Moldova knyazligining shimoliy qismi Avstriyaga, 1791-yil Yassi sulh shartnomasiga binoan, Dnestrning soʻl sohili Rossiyaga, yana bir qismi keyinchalik Rech Pospolitaga qoʻshib olindi. 1812-yil Buharest sulh shartnomasiga koʻra, Moldova knyazligining Prut va Dnestr oraligʻidagi yerlari Rossiyaga oʻtdi va Bessarabiya viloyati nomini oldi. Kishinyov shahri uning maʼmuriy markazi boʻlib qoldi. Bessarabiya Rossiyaning agrar oʻlkasi sifatida rivojlana boshladi. 1917-yil Rossiyadagi Fevral inqilobidan keyin bu yerda ham qoʻsh hokimiyatchilik vujudga keldi. 1917-yil noyabrdekabrda ayrim shahar va qishloklarda hokimiyat shoʻrolar qoʻliga oʻtdi. Vakolatli hokimiyat organi – "Sfatul Tseriy" ("Oʻlka kengashi") 1917-yil 2-dekabrda Moldovani Demokratik respublika deb eʼlon qildi. 1918-yil 24-yanvarda oʻzining Rossiyadan mustaqil ekanini bildirdi. 1918-yil 27-martda Moldova Demokratik Respublikam (Bessarabiya)ni Ruminiyaga qoʻshishga qaror qildi. 1918–19 yillarda Moldova soʻl sohil tumanlarida Avstriya-Germaniya, Antanta qoʻshinlari hukmronlik qildi. 1920-yil fevralda bu yerda shoʻro hokimiyati oʻrnatildi. 1924-yil 12-oktabrda Ukraina tarkibida Moldova muxtor shoʻro respublikasi tuzildi. 1939-yilgi Ribbentrop-Molotov paktining qoʻshimcha maxfiy bayonnomasi asosida Sovet Itti-foqi 1940-yil 26 va 27-iyunda Ruminiyadan Bessarabiya va Shimoliy Bukovinani darhol SSSR ga topshirishni talab qildi. 1940-yil 2-avgustda Moldova Shoʻro Respublikasi tuzildi. Ikkinchi jahon urushi yillarida Moldova jang maydoniga aylandi va 1944-yil avgustda bosqinchilardan ozod qilindi. Shundan keyin Moldovaning salkam yarim asrlik tarixi SSSR bilan bogʻliq boʻldi. 1987–89 yillardagi qayta qurish davrida milliy tiklanish qarakati boshlandi. 1990-yil 23-iyunda Moldova Respublikasi suvereniteta eʼlon qilindi. 1991-yil 27-avgustda Moldova Respublikasining mustaqilligi toʻgʻrisida Deklaratsiya qabul etildi. Biroq mustaqillikning dastlabki yillarida ayirmachilik harakati yuzaga kelib, bu narsa mamlakatda ichki qurolli mojaroga sabab boʻldi. Keyingi paytda nizoni bartaraf etish uchun muzokara olib borilayotir. Moldova – 1992-yildan BMT aʼzosi, shuningdek, MDX tarkibiga kiradi. Oʻzbekiston Respublikasi suverenitetini 1994-yil 23-avgustda tan olgan va shu kuniyoq diplomatiya munosabatlari oʻrnatgan. Milliy bayrami – 27-avgust – Mustaqillik kuni (1991).
Siyosiy partiyalari. Agrardemokratik partiya, Kommunistlar partiyasi, Sotsialistik partiya, Xristiandemokratik xalq partiyasi, Tiklanish va inoklik partiyasi.
Iqtisodiyoti
tahrirMoldova – industrial-agrar mamlakat. Milliy daromad tarkibida sanoatning ulushi 38%, qishloq xoʻjaligining ulushi 42%, qurilish, transport va aloqaning ulushi 11%.
Sanoati’. Oziq-ovqat sanoatida mevasabzavot konservalari tayyorlash, vinochilik, qand-shakar, yogʻmoy ishlab chiqarish asosiy tarmoqlardir. Ogʻir sanoat maj-muasida mashinasozlik, elektron, kimyo, metallurgiya sanoati yetakchi oʻrinda. Yengil sanoat (tikuvchilik, toʻqimachilik va boshqalar) tarmoqlari x.am mavjud. Konserva sanoatida 20 dan ortiq korxona bor, ular meva va sabzavotdan 100 xildan koʻproq konserva tayyorlaydi. Qand-shakar sanoati mamlakatning shimolida joylashgan. Tamaki-fermentatsiya, parfyumeriya, farmatsevtika va qandolatchilik, shuningdek, goʻsht, moy-pishloq, un-yorma sanoati tarmoqlari ham rivojlangan. Mashinasozlik va metallsozlik korxonalari avtomatlashtirish vositalari, temirchilik-press mashinalari, oziqovqat sanoati uchun texnologiya uskunalari, elektr yuk ortkichlar, traktor, qishloq xoʻjaligi mashina-mexanizmlari, nasoslar, oʻzgaruvchan tok elektr dvigatellari, sovitkichlar, kir yuvish mashinalari, past voltli elektr apparatlari, kabel ishlab chiqaradi. Sunʼiy teri, rezinatexnika buyumlari, lok-boʻyoq, kimyo, biokimyo, binokorlik ashyolari, oʻrmon va yogochsozlik, poligrafiya korxonalari bor. Yiliga oʻrtacha 15,7mlrd. kVtsoat elektr energiyasi hosil qilinadi.
Qishloq xoʻjal igida tokchilik va bogʻdorchilik yetakchi oʻrinda. Uzumning xoʻraki va vinobop turlari yetishtiriladi. Moldova janubiy va shimolida.kungaboqar ekiladi. Tamaki esa shimoliy va markaziy tumanlarda oʻstiriladi. Gʻallachilikning makkajoʻxori hamda bugʻdoy yetishtirish tarmoqlari rivojlangan. Sabzavot va rezavor meva yetishtirish ham muhim ahamiyatga ega. Chorvachilikda qoramol, choʻchqa, qoʻy va echki, parranda boqiladi.
Mamlakat mustaqillikka erishgach, xoʻjalikda bozor iqtisodiyoti shakllarini joriy etishga kirishildi, jumladan, davlat korxonalari xususiylashtirila boshladi, xususiy, qoʻshma korxonalar barpo etildi. Qishloq xoʻjaligida dehqon (fermer) xoʻjaliklari tuzish uchun yerlarni xususiy mulk qilib berishga kirishildi.
Trans porti. Transport yoʻli uzunligi –1,1 ming km, avtomobil yoʻllari – 10,2 ming km. Dnestrda kema qatnaydi. Kishinyovda xalqaro aeroport bor.
Sogʻliqni saqlash. 2001-yil Moldovada 12,8 ming vrach, 545 tibbiyot muassasasi, 25 mingoʻrinli kasalxonalar ishladi. Chemal togʻ iqlimiy kurorti, bolalar sanatoriylari bor.
Maorifi, ilmiy va madaniy-maʼrifiy muassasalari
tahrir2001/2002 oʻquv yilida 1577 maktab, gimnaziya, litseylarda 618,4 ming oʻquvchi taʼlim oldi, 42,5 ming oʻqituvchi ishladi. 82 oʻrta hunar taʼlim tizimida 23 ming, 67 kollejda 17 ming bola oʻqidi. 47 oliy oʻquv yurtida 86,4 ming talaba taʼlim oldi, shu jumladan, davlatga qarashli boʻlmagan 31 institutda 22,9 ming talaba oʻqidi. 2001-yil Moldovada doktoranturaga ega boʻlgan 45 ilmiy tadqiqot muassasasi ishladi. Respublikada ilmiy tadqiqotlarni muvofiqlashtiruvchi Moldova Fanlar akademiyasi faoliyat koʻrsatadi. Milliy tabiat va etnografiya muzeyi, Tarix, Arxeologiya, etnografiya, Tasviriy sanʼat, Xalq hunarmandchiligi, Gagauz tarix-etnografiya muzeylari bor. Hammasi boʻlib 71 ta muzey, 1,4 ming kutubxona, 1,2 ming klub muassasasi mavjud.
Matbuoti, radioeshittirishi va telekursaguvi
tahrirMoldovada 2001-yil 1,7 ming nomdagi kitob va risola 0,8 mln. nusxada, gazetalar 1,2 mln., jurnal va boshqa davriy nashrlar 3,4 mln. nusxada nashr etildi. Moldovada nashr etiladigan asosiy gazetalar: "Moldova suverane" ("Suveren Moldova"), "Nezavisimaya Moldova" ("Mustaqil Moldova"), "Sara" ("Vatan"). "Moldpress" axborot agentligi ishlaydi. 1930-yildan radioeshittirish, 1958-yildan telekoʻrsatuv olib boriladi.
Adabiyoti
tahrirDastlabki yozma yodgorliklar boy xalq ogʻzaki ijodi (ertak, qahramonlik eposlari, afsona, qoʻshiq, balladalar) asosida 9–10-asrlarda yaratilgan. Rumin tilidagi birinchi moldavan kitobi "Kazaniya" (Injilning izohi) 1643-yilda nashr etildi. 17-asrda yilnomalar, 18-asrda D. Kantemir (1673– 1723) tomonidan badiiytarixiy asarlar yaratildi. 19-asrning 2-yarmida Y. Kryange (1837–1889) va M. Eminesku (1850–1889) ijodi realistik nasr va sheʼriyat rivojida katta rol oʻynadi. 20-asr boshlarida A. Mateyevich, T. Roman oʻz sheʼrlari bilan adabiyotga kirib keldi. Ikkinchi jahon urushigacha ijod qilganlar orasida D. Milev, L. Barskiy, N. Markov, L. Kornyaku, M. Andriyesku va boshqa yozuvchilarni koʻrsatish mumkin. Urush davrida E. Bukov, B. Istru, A. Lupan, T. Menkj kabi adiblar bosqinchilarga qarshi kurashga bagʻishlangan asarlar yozishdi. 50-yillarda poeziya yetakchi janr boʻlgan boʻlsa (Ye. Bu-kovning "Andriyesh", "Mening mamlakatim", A. Lupanning "Yuzma-yuz", L. Delyanuning "Mangu yoshlik", F. Po-nomarning "Doʻstlik" dostonlari va sheʼriy toʻplamlari), keyingi yillarda salmokli nasriy asarlari yaratildi (Ye. Damian, V. Vasilake, R. Lungu, L. Damian, G. Viyeru, P. Botsu, E. Lotyanu va boshqalarning roman hamda qissalari). Andrey Lupan, Samson Shlyaxu, Yemelyan Bukov va boshqa larning ayrim asarlari, moldavan yozuvchilarining "Hajviy hikoyalar" toʻplami oʻzbek tilida nashr etilgan.
Meʼmorligi
tahrirMoldova hududidan miloddan avvalgi 3–2-ming yilliklarga oid madaniyat yodgorliklari topilgan. 10– 11-asrlarda yogʻoch, tosh va loydan imorat hamda inshootlar qurilgan shaharlar paydo boʻldi. 14-asr oʻrtalaridan meʼmorlik rivojlana boshladi, shahar atroflari tosh devor bilan oʻrab olindi. 16-asrdan minorali va ravokli qalʼalar qurildi. Saharna, Jabkadagi gʻormonastirlarning qoldiqlari saqlangan. 18-asrda shaharlar tez rivoj topdi, mahalliy meʼmorlar loyihasi asosida goʻzal va gʻaroyib ibodatxona binolari qurilishi avj oldi. Anʼanaviy shahar va qishloq uylari yogʻoch va toshdan, jamoat binolari zamonaviy konstruk-siyalardan barpo etila boshladi. 19-asr oxiri va 20-asr boshlarida Moldovaning Rossiyaga qoʻshib olingan qismida klassitsizm uslubi, Ruminiyaga karam qismida modern uslubi ustunlik qildi. 20-asr 2-yarmida qurilgan bino va in-shootlarda milliy meʼmorlik anʼanalaridan foydalanildi (Kishinyovning Mirva Velskiy koʻchasidagi turar joylar, "Inturist" mehmonxonasi va boshqalar).
Tasviriy sanʼati
tahrirMoldova hududida miloddan avvalgi 2–1ming yilliklarga mansub metall taqinchoklar, milodiy 1ming yillikka doir qurollar, sopol, jez, ku-mush, oltin idish va buyumlar topilgan. Ular zargarlik va metallni badiiy ishlash rivojlanganidan darak beradi. 13–14-asrlarda xalq amaliy sanʼatida Vizantiya va musulmon Sharqining taʼsiri kuchli boʻlgan. 14– 17-asrlarda zardoʻzlik, 18–19-asrlarda gilamchilik yuksaldi. 19-asrdan boshlab dunyoviy tasviriy sanʼat, ayniqsa, portret rassomligi rivoj topdi, rassomlik oʻquv yurtlari ochildi. 19-asr oxiri va 20-asr boshlarida hayotiy manzaralar, turli janrlardagi rasmlar, psixologik portretlar yaratildi (V. Okushko, Ye. Maleshevskaya va boshqalar). 20-asr 2-yarmida rangtasvirchilardan M. Gamburd, V. Russu-Chobanu, portretchilardan K. Kitayka, I. Bogdesko, G. Sainchuk, haykaltaroshlardan K. Kobize-va, B. Marchenko kabilar tasviriy sanʼat rivojiga hissa qoʻshdilar. Xalq sanʼatida tosh oʻymakorligi, gilam toʻqish, kashtadoʻzlik, kulollik, yogʻochsozlik ravnaq topdi.
Musiqasi oʻziga xos milliy folklor asosida shakllangan va qoʻshni xalqlar badiiy madaniyati bilan hamohang rivojlangan. Xalq qoʻshiqlari, asosan, bir ovozli, ohanglari xilma-xil. Afsonaviy voqeiy qoʻshiklarda qahramonlik va ozodlik gʻoyalari aks etgan. Mehnat, marosim, muhabbat, hazil, davra qoʻshiklari bor. Eng koʻp tarqalgan xalq musiqasi doyna deb ataladi. Jok, moldovenyaska deb atalgan joʻshqin va oʻynoqi xalq raqslari dunyoga tanilgan. Torli cholgʻulardan kobza, simbala, tilchali asboblardan doktorimba (vargan), puflab chalinadigan asboblardan flu-yer va kaval (nay), chimpa, buchum kabilar bor. 19-asrda ilk kompozitorlar (G. Muzichesku, K. Mikuli, E. Kaudelli, Ch. Porumbesku) ijod qila boshladilar. Zamonaviy kompozitorlar orasida A. Stircha, G. Nyaga, E. Lazarev, Ch. Tkach, Ye. Doga, dirijyorlardan T. Gurtovoy, D. Gʻoya, A. Samoile, xonandalardan T. Cheban, T. Alyoshina, M. Biyeshu va boshqa mashhur. 1955-yil Kishinyovda Moldova opera va balet teatri ochilgan, davlat filarmoniyasi (1940) qoshida simfonik orkestr, "Doyna" xor kapellasi, "Jok", "Leutarlar", "Fluyerash" kabi ansambllar faoliyat koʻrsatadi. Oʻzbekistonda T. Cheban, M. Biyeshu va qator ansambllar gastrolda boʻlgan.
Teatr sarchashmalari xalq oʻyinlaridan boshlanadi. Kolinde-kolada deb atalgan qad. xalq marosimlari, xeitul deb atalgan yangi yil kuglovlari va turli-tuman oʻyinlarda teatr sanʼati unsurlari boʻlgan. Iroziy (irodi) deb atalgan tomo-shalar, polvon, akrobat (pehlivan, soptar)larning mahoratlarini namoyish etishlari va gayduklarning oʻziga xos teatri mashhur boʻlgan. Oʻrta asrlarda saroy va sayyor truppalari tomosha koʻrsatishgan. 1816-yilda yozuvchi va maʼrifatchi G. Asaka rahbarligida moldavan tilida birinchi spektakl koʻrsatilgan. Professional teatrni barpo etishda V. Aleksandri, K. Negrutssi, A. Russo, M. Kogelnichanu va boshqa dramaturglar katta xizmat qildilar. 20-asrning 20-yillarida tashkil topgan drama toʻgaraklari asosida Balta shahrida musiqali drama truppasi (keyinchalik drama studiyasi) tuzildi. Shu studiyani bitirib chiquvchilar 1933-yilda Tiraspolda tashkil etilgan drama teatri (hozirgi Moldova akademik musiqali teatri)ning oʻzagi boʻldi. Endilikda Moldovada 14 teatr, shu jumladan, "Luchaferul" teatri, "Likurich" qoʻgʻir-choq teatri, Bels musiqali drama teatri, filarmoniya, sirk va boshqa ishlab turibdi. Ularda A. Lupan, L. Kornyanu, E. Bukov kabi mahalliy mualliflarning pyesalari bilan bir qatorda jahon mumtoz dramaturgiyasining asarlari ham sahnalashtirilgan. Teat_r arboblari orasida D. Dariyenko, N. Massalskaya, Ye. Ureke, K. Shtirbu, I. Shkuryalarni koʻrsatish mumkin. Teatrlar uchun kadrlarni Kishinyovdagi G. Muzichesku nomidagi sanʼat instituti tayyorlaydi. s Kino tarixi 1927-yildan boshlanadi. Oʻsha yili birinchi hujjatli film yaratildi. 1940-yildan Kishinyovda ish boshlagan kinovakillik punkti 1952-yilda xronika (voqeiy) filmlar ki-nostudiyasi (1957-yildan "Moldovafilm")ga aylantirildi. 1955-yilda birinchi moldavan filmi – "Moldova taronalari" (rejissor A. Zolotnitskiy) dunyo yuzini koʻrdi. Shundan keyin "Ataman Kodr" (1958), "Kuzning soʻnggi kuni" (1965, rejissor V. Derbenyov), "Qotillikda ayblanadi" (1969, rejissor B. Volchek), "Lautari" (1971, rejissor E. Lotyanu), "Yoningda erkak boʻlsa" (1978, rejissor V. Gajiu) va boshqa yaratildi. Kino aktyorlaridan D. Dariyenko, M. Volontir, K. Tirseu, S. Toma, M. Sagaydak, G. Grigoriular mashhur. Moldovada 100 kinoteatr bor.
Oʻzbekiston – Moldova munosabatlari
tahrirMoldova (Moldova Respublikasi) poytaxti – Chizinau shahri. BMT aʼzosi
Manbalar
tahrir- ↑ „Moldovada davlat tili nomi rumin tiliga o‘zgartiriladi“. https://daryo.uz/.
- ↑ Национальное бюро статистики Республики Молдова. По данным на 1 января 2014 года. Без населения непризнанной Приднестровской Молдавской Республики (левобережья Днестра и муниципия Бендеры).
- ↑ 3,0 3,1 „World Economic Outlook Database, April 2014“. IMF. Qaraldi: 28-iyun 2014-yil.
- ↑ https://mfa.uz/uz/pages/o-konsulskix-okrugax-diplomat
- ↑ arxiv nusxasi, 2022-03-20da asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 2022-03-21
- ↑ Manba xatosi: Invalid
<ref>
tag; no text was provided for refs namedCCDecision 12.1013
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |