Muhammad Nabi Vosil
Muhammad Nabi Vosil XIX asrda yashab ijod etgan isteʼdodli afgʻon shoiridir.
Hayoti
tahrirVosil 1827-yilda Kobul shahrida dunyoga keldi. Shoirning bobosi Ali Rizoxon Ahmadshoh Durroniy podshohligi yillarida mustavfiy lavozimidagi taniqli shaxs boʻlgan. Vosilning isteʼdodi va dars oʻqishdagi tirishqoqligini koʻrgan onasi uni Rahimdilxon mudarrisga oʻqishga beradi. Vosil mudarris rahbarligida qisqa vaqt ichida forsiy tilidagi adabiyot tarixi, arab tili va islomiy bilimlarni egallaydi.
Vosil imlo va inshoni yaxshi oʻzlashtirib olganidan soʻng onasi uni saroy dabiri Muhammad Muhsinga shogirdlikka beradi. Shogirdining zehni oʻtkirligi va xotirasi kuchliligini koʻrgan dabir koʻp oʻtmay uni oʻziga mirza va maslahatchi etib belgilaydi. Shundan soʻng Vosil uzoq yillar davomida Muhammad Muhsin boshchilik qilgan boʻlimda mirza vazifasida ishladi. Muhsin Dabir shimoliy viloyatlardan biriga ishga tayinlanganida Vosil ham uning muovini sifatida birga boradi. Qisqasi, Muhsin Dabir 1879-yilda vafot etguniga qadar Vosil uning rahbarligida ishladi va undan munshilik sirlarini puxta egalladi. Ustozi vafot etganidan keyin esa, amir Sheralixon dabirlik lavozimini Vosilga topshirdi.
Sheralixon 1879-yilda vafot etganidan soʻng, ikkinchi ingliz-afgʻon urushi davrida Vosil qanday ish bilan shugʻullangani maʼlum emas. Amir Abdurahmonxon Samarqanddan qaytib Kobulga yaqinlashganida esa, Vosil bir guruh saroy ahli bilan unga peshvoz chiqadi. Abdurahmonxon taxtni egallagach, uni yana ilgarigi vazifasi — saroy dabiri lavozimiga ishga belgilaydi.
Vosil 1890-yilda vabo kasalidan vafot etdi.
Ijodi
tahrirVosil mirza va dabir1 vazifalarida ishlash bilan birga adabiyot bilan ham yaqindan shugʻullanar, sheʼrlar yozar edi. U Hofiz Sheroziy sheʼriyati muxlisi edi. Garchi u Saʼdiy Sheroziy, Mushtoq Isfahoniy, Amir Xusrav Dehlaviy, Abdurahmon Jomiy, Soyib Tabriziy, Qudsiy va Hiloliylar gʻazallariga tatabbular yaratgan boʻlsa ham, Hofiz sheʼriyatiga nisbatan alohida munosabatda boʻlar edi. Uning aksar gʻazallari Hofizga ergashib yozilgani ham buning dalilidir. Tadqiqotchilar Vosilni Afgʻoniston dariyzabon adabiyotida uzoq davom etgan hind uslubining hukmronligidan soʻng birinchi boʻlib iroq uslubini qayta jonlantirgan shoir, deb taʼriflaydilar.
Vosil sheʼrlari majmuasi birinchi bor 1952-yilda „Anis“ gazetasi tahririyati tomonidan bosib chiqarildi. Bu toʻplam 130 betdan iborat boʻlib, shoirning gʻazal va tarjibandlarini oʻz ichiga oladi. Mazkur toʻplam shoir asarlarini toʻliq qamrab olmagan. Manbalarda nashr etilgan majmuaga kirmagan asarlar uchrab turishi shundan dalolat beradi. Shoirning oʻzi asarlarini jamlab devon tuzmagani taxmin qilinadi. Uning hozirgi kunda maʼlum boʻlgan devoni Tolib Qandahoriy nomli shaxs tomonidan tuzilgan, ammo u devon va unga kiritilgan asarlar haqida hech qanday maʼlumot bermagan.
Devon 250 sahifadan iborat boʻlib, unda Vosilning hozirgacha maʼlum boʻlgan sheʼrlari, jumladan Imom Husayn fojiasiga bagʻishlangan marsiyalari undan joy olgan.
Yuqorida aytilganidek, Vosil Hofiz Sheroziy sheʼriyatini oʻzi uchun adabiy meʼyor deb bilgan va har jihatdan unga ergashishga harakat qilgan. U bir sheʼrida buni quyidagicha ifodalagan edi:
خامه ام هر چند کلک استادان شکست، کلک حافظ میخراشد نوک اقلامم هنوز.
Mening qalamim ustozlar qalamini sindirgan boʻlsa ham,
Hofizning qalami haligacha mening qalamlarim uchini tirnaydi.
Bayt mazmuniga koʻra Vosil oʻz poetik mahoratini mumtoz adiblardan kam koʻrmasa ham, Hofiz Sheroziy darajasiga yeta olmaganini eʼtirof etadi. Uning Afgʻonistonda yillar davomida shoirlarga dasturulamal boʻlib xizmat qilgan hind uslubidan koʻz yumib iroq uslubida ijod qilishi sababi ham shu, deyish mumkin.[1]
1Soliqlar bo'yicha idora boshlig'i
Manba
tahrirRahmon Inomxoʻjayev. Dariyzabon adabiyoti(XVIII-XIX-asrlardagi). 2016
- ↑ Rahmon Inomxo'jayev. Dariyzabon adabiyoti (O'zbek), Toshkent, 2016.