Muhammad Yusuf
Muhammad Yusuf (asl ism-sharifi Yusupov Muhammadjon; 1954-yil 26-aprel, Marhamat tumani — 2001-yil 29-iyul, Ellikqalʼa tumani) — Oʻzbekiston xalq shoiri (1998). Muhammad Yusuf 1954-yilning 26-aprelida Andijon viloyatining Marhamat tumani Qovunchi qishlogʻida dehqon oilasida tugʻilgan. Rus tili va adabiyoti instituti(hozirgi Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti)ning rus tili va adabiyoti fakultetini tugatgan (1978).
Muhammad Yusuf | |
---|---|
![]() | |
Tavalludi |
26-aprel 1954-yil Andijon, Oʻzbekiston |
Vafoti |
29-iyul 2001-yil (47 yoshda)[1] Ellikqalʼa |
Fuqaroligi | SSSR va Oʻzbekiston |
Mukofotlari |
![]() ![]() |
FaoliyatiTahrirlash
Respublika kitobsevarlar jamiyati (1978-1980), „Toshkent oqshomi“ gazetasida (1980-1986), Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti (1986-1995)da turli lavozimlarda ishlagan. 1995—1997-yillar „Tafakkur“ jurnalida boʻlim mudiri, 1997—2001-yillarda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida rais oʻrinbosari sifatida faoliyat yuritgan.
Ijodiy faoliyatiTahrirlash
Muhammad Yusufning dastlabki sheʼrlari „Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati“ haftaligida bosilgan (1976). Shundan boshlab respublika matbuotida uning sheʼr, ocherk va maqolalari muntazam ravishda chop etila boshlagan. Muhammad Yusuf Oʻzbekiston xalq shoiri unvoni va Doʻstlik ordeni bilan mukofotlangan.
Nashr etilgan sheʼriy toʻplamlari:Tahrirlash
- „Tanish teraklar“ (1985)
- „Bulbulga bir gapim bor“ (1987)
- „Iltijo“ (1988),
- „Uyqudagi qiz“ (1989)
- „Halima enam allalari“ (1989)
- „Ishq kemasi“ (1990)
- „Koʻnglimda bir yor“ (1991),
- „Bevafo koʻp ekan“ (1993)
- „Yolgʻonchi yor“ (1993)
- „Erka kiyik“ (1995)
- „Osmonimga olib ketaman“ (1998)
Mazkur kitoblarga kirgan sheʼrlarda Muhammad Yusufga mansub boʻlgan avlodning eng oliyjanob va yuksak insoniy fazilatlari bilan birga yoshlik sururi, ishq va muhabbatning nafis navolari, oʻzbekona, sodda, ayni paytda ezgu, bokira va betakror tuygʻu hamda kechinmalari oʻzining yorqin ifodasini topgan. Soʻzning badiiy imkoniyatlaridan mahorat bilan foydalanish, musiqiy ravonlik, tuygʻular tiniqligi, samimiylik va mayinlik, ruhiyat manzaralarini loʻnda va yakdil ifodalay bilish Muhammad Yusuf sheʼriy uslubining yetakchi xususiyatlaridir. Uning qalamiga mansub aksariyat sheʼrlar taniqli xonandalar tomonidan ijro etilmoqda.
VafotiTahrirlash
Muhammad Yusuf ijodi ayni gullab yashnagan paytda, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ellikqalʼa tumanida sheʼriyat muxlislari bilan uchrashish maqsadidagi ijodiy safarida 2001-yil 29-iyulda vafot etgan. Andijonda dafn etilgan. Toshkent shahri va Marhamat tumanidagi koʻchalardan biri, shuningdek, Andijon shahridagi bolalar kutubxonasi va Marhamat tumanidagi ijod maktabi Muhammad Yusuf nomi bilan ataladi.
ManbalarTahrirlash
- ↑ „Shoir Muhammad Yusuf tavalludining 60 yilligi nishonlanadi“ (27-dekabr 2013-yil).
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |