Mujrim-Obid
Mujrim-Obid (taxallusi; asl ismi: Mirakxoʻja oʻgʻli, XVIII asrning 2-yarmi; hozirgi Buxoro viloyati, Vobkent tumani, Kumushkent – XIX asrning 1-choragi) – zullisonayn shoir.
Mujrim-Obid | |
---|---|
Tavalludi |
Obidxoʻja Mirakxoʻja oʻgʻli XVIII asrning 2-yarmi |
Vafoti | XIX asrning 1-choragi |
Kasbi | Shoir |
Hayoti
tahrirOʻz davri Buxoro adabiy muhitining zabardast vakili. Tarjimai holiga oid maʼlumotlar yetarli emas. Baʼzi manbalarda shoirning ismi Obidxoʻja, otasining ismi Mirakxoʻja ekanligi qayd qilingan. Mir Arab madrasasida tahsil koʻrgan. Dastlab Mujrim taxallusi bilan sheʼrlar yozgan. XIX asrning boshlarida Amir Haydar unga Obid taxallusini bergan. Lekin u Mujrim taxallusidan ham voz kechmay, har ikkala taxallus bilan ijod etgan. U Amir Haydar saroyida muboshirlik vazifasida ishlagan. 80 yilcha umr koʻrgan shoir hayotining soʻnggi yillarida qashshoqlikda yashagan. Sheʼrlarida vafosiz dunyodan, adolatsiz zamondan, oqibatsiz odamlardan nolish – shikoyat ohanglari aks etgan.
Turkiy ijodida Navoiy va Mashrab, forsiy sheʼrlarida Bedilga izdoshlik qilgan. Uning turkiy devonida 459, forsiy devonida 206 gʻazal bor. Devonlarida, shuningdek, muxammaslari, qitʼalari, ruboiylari, „Hasbi hol“ masnaviysi mavjud. Asarlari toʻliq holda nashr etilmagan. Gʻazallaridan namunalar hamda qitʼa va ruboiylari bosilib chiqqan. Forsiy devoni mukammal emas.
Mujrim-Obid anʼanaviy uslubda goʻzal ishqiy gʻazallar yaratgan. Ularda soʻfiyona ruh kuchli. Ogʻir hayot yoʻlini bosib oʻtgan shoirning aksar sheʼrlarida shikoyat, qasrat ohangi ustun. Forsiy-arabiy soʻzlar koʻp uchrashi jihatdan sheʼrlarining tili murakkab, lekin uslubi sodda, ifoda tarzi ravon. Sharq adabiyotini chuqur bilishi, yetuk isteʼdod sohibi ekanligi sheʼrlaridan sezilib turadi. Sheʼrlari ohorli va goʻzal tashbehu timsollar, teran falsafiy umumlashmalar, keskin ijtimoiy fikrlarga boy. Qitʼa va ruboiylarida shoirning axloqiy qarashlari, pand-nasihatlari aks etgan. Umuman, dunyoning nomukammalligi, jamiyat qusurlari, odamlar feʼlidagi illatlarni tanqid qilish shoir sheʼriyatining asosini tashkil etadi.
Mujrim-Obidning turkiy va forsiyda bitilgan devonlarining qoʻlyozma nusxalari Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutida saqlanadi (inv. № 976, 1797, 3798, 991).
Adabiyotlar
tahrir- Oʻzbek adabiyoti tarixi [5 j.li], 5-j., T., 1978;
- Eshmonov Gʻ., Mujrim Obidning turkiy ijodiyoti, T., 2002.
Manbalar
tahrir- Mujrim-Obid, Gʻazallar, T., 1960;
- Mujrim-Obid, Ruboiy va qitʼalar, T., 1996.
Havolalar
tahrirVikiiqtibosda Mujrim-Obidga tegishli iqtiboslar mavjud. |
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |