Mulla Qirgʻiz madrasasi

Namangan shahrida joylashgan tarixiy obida

Mulla Qirgʻiz madrasasi — Namangan shahrida joylashgan meʼmoriy yodgorlik, XX-asr. Madrasani qurish ishlari 1910-yilda boshlanib, 1912-yilda tugallangan. Qisqa muddatda qurib bitkazilgan ushbu ajoyib inshoot oʻz ichiga 41 hujra va 3 ta gumbazni qamrab oladi. Mulla Qirgʻiz madrasasi ohirgi yillarda shahar hunarmandlari maskanlaridan biri boʻlib kelmoqda. Madrasada xalq amaliy sanʼatining 10 ga yaqin turlari boʻyicha ustalar mahsulotlar yaratish bilan birgalikda turli koʻrgazmalarda ham ishtirok etib kelishmoqda. Madrasaning tashqi va yon-atrofidagi maydonlari yaqin yillarda qayta taʼmirlandi.

Madrasa
Mulla Qirgʻiz madrasasi
Mamlakat  Oʻzbekiston
Joylashuvi Namangan
Meʼmoriy uslub O'rta Osiyo meʼmorchiligi va Islom meʼmorchiligi
Meʼmor Mulla Qirg'iz
Binokorlik 19101912

Tarixi

tahrir

Madrasaning tarixi mahalliy usta mulla Qirgʻiz (Mulla Bozor Oxund) nomi bilan bogʻliq. Mulla Bozor Oxund fiqh, hadis, adabiyot va boshqa ilmlarni yaxshi egallagan yirik olim, XVII-asrning 1-yarmida yashab ijod qilgan. Buxorodagi madrasada oʻqib, donishmand olim Mirzo Bahodir Buxoriydan taʼlim olgan, u zotdan ir-shod xatini — pirning yorligʻini olgach, Oʻrta va Yaqin Sharq mamlakatlariga sayohat qilgan. Diniy va dunyoviy bilimlarni oʻrganishlik bilan birgalikda yoshlikdan binokorlik sirlarini oʻrganib kelgan. Meʼmor Ismatullo Oxunddan mumtoz meʼmorlik uslublarini chuqur oʻrganadi va qurgan binolarda qoʻllab borgan.
Risolalarda(B.Roʻzinov, S.Rajabov) yozilishicha, Mulla Qirgʻiz madrasasining qurilish ishlarida foydalanilgan toʻgʻri burchakli gʻishtlarni Mirza Dadaboy va Toshboltavoy ustalar tayyorlashgan, madrasa peshtoqida foydalanilgan koshinlarni esa Mulla Mamasiddiq, Abdurahmon, Abduqahhor va Mamadali kulollar madrasa hovlisida alohida humdon qurib, aynan shu humdonda pishirib tayyorlashgan.

Qurilish uslubi

tahrir

Madrasa shahar markazida qurilgan. Bino tarhi notekis, 5 qirrali boʻlib, hujralar bilan oʻrab olingan. Ushbu shaklni Madrasa qurilgan joy sharoitlari taqozo qilgan. Qurilish ishlarida qadimiy Oʻrta Osiyo meʼmorchiligi anʼanalariga asosan pishiq gʻishtdan ark uslubida foydalanilgan. Ark uslubidagi gʻisht terish usuli besh burchak shaklidan ishlanganligi bilan boshqa uslublardan bino peshtoqidagi koshinlarning nafisligi bilan ajralib turadi. Madrasaning bosh koʻrinishi ikki qavatli qilib qurilgan. Peshtoqda: „Karam ahlining ehsonidan oʻzga qolmagan boqiy“, yaʼni „Har kim oʻzi ketsa ham, uning ehsoni abadiy qoladi“ soʻzlari yozib qoldirilgan. Uning yon qismiga esa: „Banno Mulla Qirgʻiz ibn Mashrabboy tijoriy, usta Mulla Qirgʻiz ibn Ibrohimboy meʼmori“, yaʼni „Mulla Qirgʻiz Mashrabboy savdogar oʻgʻli, usta Mulla Qirgʻiz Ibrohimboy meʼmorning oʻgʻli“ deb, madrasani qurdirgan odamning ismi va meʼmori yozib qoldirilgan.
Peshtoq yuzasi va ichki qismi ganchsiz holatda terilgan sirkorlik uslubida qilingan, bu uslub Fargʻona vodiysi yodgorliklariga mos boʻlgan tarzda oq, zangori, havorang, sariq, koʻk va och koʻk ranglardagi koshinlarni tashkil etadi. Madrasa hovlisiga kirilgach, oʻng tomonda qurilish usuli tashqi va ichki koʻrinishlari diqqatga sazovor boʻlgan masjid hamda gumbazli darsxona joylashganini koʻrish mumkin. Masjid va darsxona ustiga katta gumbazlar bir-biriga tutash qilib qurilgan, hujralar qoʻshqavatli va ularga yetarli yorugʻlik tushib turishi uchun xashtallardan foydalanilgan. Hovlida minora bor. Bosh tarzi meʼmorligida hujralar qiyofasiga koʻrkamlik baxsh etib turgan mexrobiy ravoq koʻzga tashlanadi. Mulla Qirgʻiz yaratgan Madrasasi anʼanaviyligi bilan emas, balki tarx, yechimining alohidaligi bilan diqqatga sazovor[1][2].

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  2. O'zbekiston ziyoratgohlari va qadamjolari:Andijon va Namangan viloyati (2-kitob), 2014.