Nirvana (guruh)
Nirvana — granj janridagi amerikalik rok-guruh. „Smells Like Teen Spirit“ (1991) hiti orqali sanʼat dunyosiga kirib kelgan. Nirvana Sietldagi Alice in Chains, Pearl Jam va Soundgarden granj guruhlari kabi mashhur boʻlib ketdi. „Nevermind“ albomi chiqqanidan keyin AQShda radio va televideniyeda granjga koʻproq vaqt ajratiladigan boʻldi.
Nirvana | |
---|---|
Umumiy maʼlumot | |
Mamlakat | AQSh, Vashington |
Faoliyat yillari | 1987—1994 |
Janr |
Granj Alternativ rok |
Leybl |
Sub Pop Records DGC Records |
Tarkib |
Kurt Cobain Krist Novoselic Dave Grohl |
Vebsayt | Universal Nirvana |
90-yillar ommaviy axborot vositalarining koʻzi Kurt Cobainda edi. Guruhning juda yorqin va afsuski juda qisqa faoliyati 1994-yil Kurt Cobainning oʻlimi bilan tugaydi. Lekin guruhning mashhurligi bu bilan toʻxtab qolmadi, aksincha borgan sari oʻsib bordi. Kurt Cobainning oʻlimidan 2 oy oldin guruh a'zolari ustida ishlashni boshlagan „You Know You're Right“ qoʻshigʻi 8-yildan keyin AQSh va Yevropa hit-paradlarida birinchi qatorlarni egalladi. Nirvana albomining chiqqan kunidan to 2006-yil 26 sentabrgacha olib borilgan hisoblarga koʻra 60 million albom sotilgan. Amerikada 10 million „Nevermind“ albomi sotilgan.[1]
Guruh tarixi
tahrirBoshlangʻich yillar
tahrirKurt Cobain va Krist Novoselic 1985-yil tanishadilar. Ikkalovi ham Melvins guruhining muxlislari va doʻstlari boʻladilar. Bir qancha martta oʻz guruhlarini tashkil qilmoqchi boʻladilar. Lekin har safarida baʼzi sabablarga koʻra buni amalga oshira olmaydilar. Oxiri ular Aaron Burckhard bilan tanishadilar va Nirvanani tashkil qiladilar.
"Oʻsha paytlar xuddi Gang of Four va Scratch Acid guruhlarining kopiyalaridek ijod qilar edik, " — deydi Kobeyn.[2] Bir qancha oydan keyin Burkxard guruhdan ketadi va uni oʻrniga vaqtinchalik Melvins guruhining barabanchisi Deyl Krover keladi. Uning baraban chalishlarini guruhning ilk demolarida eshitishimiz mumkin. Kroverdan keyin, uning oʻrniga Deyv Foster keladi. Guruh ilk oylarida nomini bir necha martta oʻzgartiradi („Skid Row“, „Pen Cap Chew“, „Bliss Throad Oyster“, „Windowpane“ va „Ed Ted Fred“). Oxiri 1988-yil guruh Nirvana nomida toʻxtaydi. Bu nom ostida birinchi marta 1988-yilning mart oyida sahnaga chiqadilar. Ikki oydan keyin guruhga Chad Channing qoʻshiladi.
Guruhning birinchi rasmiy plastinkasi „Love Buzz“ 1988-yil chiqadi. 1989-yil iyun oyida guruh oʻzining yangi albomi „Bleach“ni chiqaradi. Albomga Djek Endino produserlik qiladi. Birinchi ming plastinka oq vinilga bosiladi. Keyingi ikki ming plastinka esa qora vinilga bosiladi va bu ilk uch ming plastinka bilan plakatlar ham beriladi. Qolgan plastinkalar esa qora va oqdan tashqari turli ranglarda bosiladi. Hammasi boʻlib 35 ming ekzemplyar chiqariladi. „Bleach“ albomida Melvins, Mudhoney, Black Sabbath va Led Zeppelin guruhlarining taʼsiri bilinib turar edi. Qoʻshiqlarning matniga Semuel Bekket va Charlz Bukovskining ijodi tasir qilgan. 1989-yil 22 iyunda Nirvana Amerikada katta turnega chiqadilar va 26 ta shaharda sahna oladilar. 2001-yil „Rolling Stone“ jurnaliga intervu bergan Novoselic: "Oʻsha turne paytida furgonimizda oʻtirib faqatgina bitta kasseta eshitardik, kassetaning bir tarafida The Smithereens, ikkinchi tarafida esa Celtic Frostning albomi oʻynardi, " — dedi va bu kombinatsiya ularning ijodiga ham taʼsir qilgan boʻlishi mumkinligini aytdi.[3] „Bleach“ chiqishi bilanoq bir qancha kollejlarning radiolarida eng mashhur albomga aylandi.
Albomni chiqarishga ketgan 606 dollar va 17 sentni Jayson Everman berdi. Cobainni u bilan Dilan Carlson tanishtirgan edi. Channing esa uni beshinchi sinfdan beri tanir edi. Everman boʻsh vaqtlarnini guruh bilan oʻtkazadigan boʻldi. Alaskada baliqchi boʻlib ishlab kelgan Everman albom uchun pul kerak boʻlganda osonlikcha ularga qarz berib turdi. Albomning muqovasida Djeyson Evermanning ham nomi bor, lekin u albom yozish jarayonida ishtirok etmagan. Albom yozilib boʻlganidan keyin Everman vaqtinchalik guruhda ikkinchi gitarachi sifatida qoladi va guruhdan birinchi Amerika turnesidan keyin ketadi. Guruhdan ketganidan keyin Soundgarden guruhida bas-gitara chaladi va keyinchalik Mind Funk guruhiga qoʻshiladi. Nirvana unga olgan qarzini qaytib bermaydi.
1989-yilning kuzida Nirvana Yevropada turnega chiqadi. Ular 42 kunda 36 ta konsertda chiqishlari kerak edi.
1990-yilning boshlarida Nirvana yangi albom ustida ishlashni boshlaydi. Bu safar Nirvaning produseri Butch Vig boʻladi. Medisondagi Smart Studiosda guruh yangi albomidagi 7 ta qoʻshiqni yozadi. Studiyada albom yozayotgan paytlarida Kurt va Kris ularga kerak boʻlgan barabanchi Chad emas degan hulosaga keladilar va Chad guruhdan ketadi. Bir qancha hafta barabanlarda Melvins guruhidagi Deyl Krover oʻynaydi. Undan keyin esa Mudhoneyning barabanchisi Den Piters keladi va u bilan guruh „Sliver“ qoʻshigʻini yozadi. Oʻsha yili The Melvins guruhidagi Bazz Osbourn ularni Dave Grohl bilan tanishtiradi. Dave Vashingtonlik "Scream" hardcore guruhida barabanchi boʻlgan.[4] Guruh 1990-yilda tarqalgan.
Nevermind
tahrir1990-yilning yozida Soundgarden guruhining menejeri Susan Silver guruhni Jane's Addiction va Faith No More guruhlari bilan ishlagan bir yurist bilan tanishtirib qoʻyadi. Yurist katta ovoz yozish studiolari bilan shartnomalar tuzadi. Bir firma bilan shartnoma tuzayotganda Kurtni aqliga bir fikr keladi. Million dollarni olib keyin esa tarqalib ketish, xuddi Sex Pistols kabi. U bu fikrini yurist bilan poylashadi yurist esa Kurt hazillashyapti deb oʻylaydi. Ozginadan keyin Susan Silver ularni mashhur menejer Denni Goldberg bilan tanishtirib qoʻyadi. Goldberg ularni Gold Mountain Entertainment firmasiga olib kirib qoʻyadi. Oxiri kelishib Geffen Recordsfirmasida toʻhtashadi. Firmaning boshligʻi alternativ rok bilan shugʻullanuvchi DGC Records leyblini ochadi. 1991-yil 4-yanvarda protokol imzolanadi. 30-aprelda esa ikkita albom uchun shartnoma imzolanadi. Guruh 287 ming dollar avans oladi deb kelishiladi. Sub Pop Records bilan ham kelishilgan edi. Firma 75 ming dollar va albomlarning sotuvidan kelgan mablagʻning 2 foizini olardi. „Nevermind“ albomining orqa muqovasida Sub Pop logosi qoʻyilgan. Bu guruhning foydasini biroz kamaytirsada, bankrot boʻlaman deb turgan firmani bu ahvoldan qutqaradi. Shartnomaga koʻra Nirvana Sub Pop uchun yana bitta singl yozishi kerak edi va Molly’s Lips qoʻshigʻi Sub Popga beriladi. Qoʻshiq „Singles Club Sub Pop“ seriyasida chiqadi. Plastinkani birinchi toʻrt mingi yashil vinilda bosiladi. GME guruhning har bir aʼzosi uchun ming dollardan moʻljallab beradi, lekin bu ularga yetmaydi va ular Vashington (shtat)Vashingtondagi bir musiqiy magazinda oʻz rasmlari bosilgan maykalarni sotadilar.
1991-yil may oyida Nirvana ikkinchi albomlarini ustida ishlash uchun Kaliforniyaning Van-Nays shahridagi „Sound City“ studiosiga keladilar. Gruppa oʻz produserini oʻzgartirmaslikka qaror beradi. Albomni yozish uchun atigi 135 ming dollar ketadi. 2 oy har kuni 10 soatdan ishlab koʻp qoʻshiqlar yozadilar. Baʼzi qoʻshiqlar repertuarda avvaldan bor edi. Qolgan „On a Plain“ i „Stay Away“ kabi qoʻshiqlarning studio sessiyalarining birinchi oyida matni hali bitmagan edi.[5]
Yozilgan qoʻshiqlarni koʻzdan kechirish uchun DGC leybldan Andy Wallace taklif qilinadi. Albomni yanada chiroyli qilish uchun Andy Wallace bir qancha oʻzgarishlar kiritadi. Albom chiqqanidan bir qancha oy keyin Cobain bir intervuda albomning musiqasini juda tekis qilib yuborgani aytib Andydan shikoyat qiladi.[6]
DGC Records 250 ming „Nevermind“ albomini sotishni moʻljal qilayotgan edilar. Albom chiqqanidan 6 oydan keyin albom faqatgina Amerikada uchinchi platinali albom boʻldi va „Smells Like Teen Spirit“ qoʻshigʻiga olingan klip MTV ekranlaridan uzoq vaqt arimadi. Alternativ Rokning mashhurligini ortishi va Glem-metalning mashhurligini tushishi aynan shu albomning chiqishi bilan bogʻliq.
1991-yil yanvar oyida albom „Billboard“ jurnali hit paradida Michael Jacksonni ham ortda qoldirib birinchi oʻringa chiqdi. 1992-yilning boshlarida Avstraliya, Yangi Zellandiya, Yaponiya, Singapur mamlakatlarida konsertlar beradilar. Konsertlardan keyin 24-fevralda Cobain Courtey Lovega uylanadi. Toʻy Gavaya orollaridagi Vaykiki shahrida boʻladi. Shu yilning 18-avgustida qizlari Frances Bean dunyoga keladi. 30 avgustda esa Nirvana Angliyaning Reding shahridagi festivalda sahna oladilar. Koʻpchilik bu chiqishni Nirvananing eng yahshi chiqishi deb biladi.[7]
Oʻsha paytlar axborot vositalarida Kurtning kasal ekanligi va oʻlganligi haqida notoʻgʻri xabarlar yoyilib ketgan edi va Kurt tomoshabinlarga bir hazil qilmoqchi boʻladi. Invalid aravachasida boshiga oq parik eniga esa oq halat kiyib olgan Kurt sahnaga chiqadi va Bette Midlerning „The Rose“ qoʻshigʻini qisiq ovoz bilan aytishni boshlaydi va yiqiladi. Tomoshabinlar bu hazil ekanligini biladilar. Oʻrnidan sakrab turgan Kurt „Breed“ qoʻshigʻini bor kuchi bilan aytishni boshlaydi. Shouda Kurt qizli boʻlgani haqida tomoshabinlarga xabar beradi. 2005-yil Grohl „Loveline“ radiosiga bergan intervusida bu konsertdan oldin butun guruh aʼzolari shouning dabdala oʻtishiga amin boʻlganliklarini aytadi. Lekin bu shou Nirvananing eng esda qoluvchi shoularidan biri boʻladi.[8]
Ikki haftadan keyin guruh „MTV Video Music Awards“ da sahna oladigan boʻladi. MTV boshqaruvi guruhning Smells Like Teen Spirit qo'shig'ini chalishini xohlaydi. Lekin Nirvana yangi qoʻshiqlari Rape me (meni zoʻrla) ni aytmoqchi boʻladi. MTV norozi boʻladi va oxiri Lithium qoʻshigʻini ijro etishga kelishadilar. Sahnaga chiqishlari bilan Kurt Rape Me ni kuylashni boshlaydi va hech narsa boʻlmagandak Lithiumga oʻtib ketadi. Qoʻshiqning oxirlarida Krist gitarani otadi va ila olmaydi. Gitara uni boshiga tushadi. Hushidan ketay degan Krist sahnadan chiqib ketadi.[9] Oʻsha payt Kobein apparaturani sindirayotgan boʻladi, Grohl boʻlsa mikrafonni olib: „Hoy, Eksl!“ — deb „Guns N' Roses“ning vokalisti Axl Rosega murojaat qilib baqiradi. Konsertdan oldin Nirvana bilan biroz kelishmovchiliklar boʻlgan boʻladi.[10]
1992-yil 15-dekabrda Nirvana „Incesticide“ noyob qoʻshiqlar albomini chiqaradi. Albomda „Sliver“, „Dive“, „Been a Son“, „Aneurysm“ va The Vaselines guruhining kaver qoʻshiqlari bor edi. The Vaselines guruhi shu albom tufayli mashhur boʻlib ketgan.
In Utero
tahrir1993-yil "In Utero" albomini yozish uchun guruh produser Steve Albinini chaqiradi. Studiodagi sessiyalar Neverminddan farqli oʻlaroq qisqa ammo mazmunli surdi.
Albomni chiqishiga oz qolganda koʻp notoʻgʻri gaplar chiqib ketdi. Baʼzi jurnallarda DGC boshqaruvi albom yoqmabdi va shu sababdan albom bosilmaydi degan notoʻgʻri maʼlumotlar bosildi. Bu sababdan guruhning muxlislari guruhning erkin ijod qilishiga leybllarning bosslari halaqit qilar ekan degan xulosaga keldilar. DGCni albomni bosmasligi haqidagi gaplar notoʻgʻri boʻlsada, guruh Albinining bazi qarorlaridan norozi edi. Albini past chastotalarni juda ham eshitilmas qilib yuboryapti deb oʻyladilar[11] va Cobain, „Heart-Shaped Box“ va „All Apologies“ qoʻshiqlari mukammal chiqmadi deb hisobladi.[12] Keyin R.E.M.ga koʻp vaqt proyuserlik qilgan Scott Litt, bu ikki qoʻshiqni koʻzdan kechirish uchun taklif qilindi. Natijada qoʻshimcha asboblar va orqa vokal qoʻshildi. Litt „Pennyroyal Tea“ qoʻshigʻiga ham oʻzgartirishlar kiritdi. Lekin guruh albomda bu qoʻshiqning Albini versiyasini qoldirishga qaror berdilar. DGC keyinchalik bu qoʻshiqni Litt versiyasini ham singl sifatida chiqarishni moʻljallayotgan edi.
„In Utero“ nomida toʻxtashdan oldin guruh bu albomning nomini ikki martta oʻzgartirdilar. Birinchi nom „I Hate Myself And I Want To Die“ edi. Bu gap Kurtning hazili edi. Undan „qaleysan?“ deb soʻraganlarida u shu javobni berar edi. Keyin Krist bunga norozi boʻladi. "Bolalar oʻzlarini oʻldiradilar, keyin biza ham sudga aralashib qolamiz, " — deydi. Ikkinchi variant esa „Verse Chorus Verse“ edi. Bir kuni Kurt Courtney yozgan sheʼrini tasodifan koʻrib qoladi va „In Utero“ soʻzlarini yoqtirib qoladi. Shunday qilib albomga nom tanlanadi.
Albom chiqqanidna keyin senzuraga duch keladi. Kmart va Wal-Mart kabi yirik sotish firmalari albomni sotishga qarshi boʻladilar. Sabab albomning muqovasi va „Rape Me“ qoʻshigʻi edi. Shu sababdan guruh albomni boshqacharoq versiyasini chiqaradilar. „Rape Me“ ni „Waif me“ (Meni tashlab yubor)ga oʻzgartiradilar. Albomga „Pennyroyal Tea“ ashulasining Litt versiyasi kiritiladi. Bundan boshqa oʻzgarishlar boʻlmaydi. Kurtdan albomning bu versiyasi kimlar uchun deb soʻralganda u: "mustaqil musiqa doʻkonlari boʻlmagan kichik shaharlar aholisi uchun, " — deb javob berdi.[13]
„Heart-Shaped Box“ qoʻshigʻi alternativ va oddiy radiolarda maqtovli taqrizlar oldi. „In Utero“ albomi esa „Billboard“ hit-paradida birinchi oʻrinni oldi. Lekin albom „Nevermind“ ning muvaffaqiyatiga erisha olmadi. AQShda albomni tanitish maqsadida turne qilishadi, ammo zal hech qachon tomoshabinlar bilan toʻla boʻlmadi.
Oxirgi oylar va Cobainning oʻlimi
tahrir1993-yil 18-noyabrda guruh „MTV Unplugged in New York“ akustik konsertida sahna oladi va Kurt oʻzi sevgan sanʼatkorlarni bir nechta qoʻshiqlarini kuylaydi.
1994-yilning boshlarida guruh Yevropa gastroliga ketadilar. Turne yaxshi boshlangan boʻlsada, Kurt shoularda juda charchagan koʻrinardi, ayniqsa Italiyadagi konsertda. 1-martda Myunhendagi konsertdan keyin Kurt bronxit va ogʻir laringit boʻlib qoladi. Guruh qolgan 32 konsertini bekor qiladi. Krist Sietlga, Dave Berlinga, Kurt esa Rimga uchadilar. Usha kuniyoq Kurt „Excelsior“ oteliga joylashadi. 3-martda Courtney qizi bilan Londondan Kurtning oldiga keladilar. Ertalab Courtney Kurtni hushidan ketgan holda yotganini koʻradi va uni kasalxonaga olib boradilar. Kurt 50 tabletka Roginpol trankvilizatorini va koʻp miqdorda alkogol qabul qilganligini aniqlaydilar. GME baxtsiz hodisa haqida xabar beradi, lekin hamma buni oʻz joniga qasd qilishga urunish ekanligini bilar edi.
Keyingi hafta Kurtni yaqinlari psixoterapiya olishi kerakligiga qaror berishadi. 25-martda Courtney, Krist va Kurtni bir qancha eski doʻstlari uning psixoterapiyasida ishtirok etadilar va "sen bilan boshqa aloqa qurmaymiz, seni hammamiz tashlab ketamiz, " — deb unga tahdid qiladilar. 5 soat surgan seansda Kurt hamma narsaga eʼtiborsiz oʻtiradi. Seans foyda bermaydi. Courtney Kurtni „Exodus“ klinikasida davolanishga koʻndiradi. Bir qancha kundan keyin Kurt davolanishga rozi boʻladi. Kurtning davolanishi atigi ikki kun davom etadi. Kurt klinikadan qochadi va Sietlga qaytib keladi.[14] 1994-yil 8-aprel juma kuni soat 7:00 da Cobainni jonsiz holda Sietldagi uyida topishadi. Aniqlashlari boʻyicha, u 11-model Remington toʻpponchasidan ogʻziga 1 marta otgan. Bundan soʻng guruh tarqab ketadi.
Kurt Cobain oʻlimidan keyin
tahrirNirvananing bir qancha albomi Cobainning oʻlimidan keyin chiqarildi. Ulardan birinchisi „MTV Unplugged in New York“ 1994-yil 1-noyabrda chiqdi. Bu albom 1993-yil 18-noyabrda yozib boʻlingan edi.
„Unplugged in New York“ chiqqandan ikki hafta oʻtgandan keyin „Live! Tonight! Sold Out!!“ nomli Nirvananing video-termasi chiqarildi. Bu termaga guruh ayol kishi kiyimlarini kiyib chiqqan 1993-yil yanvar oyida Rio-de-Janeyroda boʻlib oʻtgan „Hollywood Rock Festival“ konsertidagi ijrolari va yana shu kabi unutilmas epizodlar kiritilgan.
Kurtning oʻlimidan keyin Krist va Dave Kurtning xotirasi uchun konsertlarda ijro qilingan 30 ta ashuladan iborat albom chiqarmoqchi boʻladilar, lekin bu fikrddan qaytadilar.[15] Lekin baribir guruhning jonli ijrolari „From the Muddy Banks of the Wishkah“ nomi ostida muhxislariga yetadi. (Vishka — Vashingtondagi daryo. Kurt oʻqishni tashlagandan keyin Vishkadagi koʻprikning tagida yashagan.)
1997-yil avgust oyida Wall of Sound saytida Grohl va Novoselic Nirvananing noyob qoʻshiqlari yigʻilgan boks-setni chiqarish ustida ish olib borayotganlari haqida informatsiya chiqadi.[16] Toʻrt yil keyin Krist va Dave boks-set tayyorligini va sentabr oyida chiqishini eʼlon qildilar. Boks-setni chiqarishni „Nevermind“ albomining oʻn yilligiga moʻljal qilayotgan edilar. Lekin boks-set chiqishidan oldin Courtney Love Krist va Daveni Kurtning merosidan noqununiy foydalanayotganlari uchun sudga beradi va sud boks-set chiqarishni man qiladi. Sud ishlari bir yil suradi.[17]
Asosiy tortishma guruhning eng oxirgi yozuvi boʻlgan „You Know You're Right“ qoʻshigʻi haqida boʻldi. Krist va Dave bu qoʻshiqni boks-setda boshqa noyob qoʻshiqlar bilan chiqarmoqchi boʻldilar. Love esa bu qoʻshiq guruhning eng yaxshi qoʻshiqlari termasida chiqishi kerak deb bu fikrga qarshi chiqdi. Bir yil davom etgan sud ishlaridan keyin „Nirvana“ albomini chiqarishga qaror berdilar. Courtney ham rozi boʻldi va Krist va Davega Kurtning qoʻshiq yozuvlari boʻlgan kassetasini berdi.
Guruh muhlislari „You Know You’re Right“ qoʻshigʻini birinchi boʻlib 1995-yilda „MTV Unplugged“da Lovening guruhi „Hole“dan eshitdilar. Lekin qoʻshiqning nomi „You’ve Got No Right“ga oʻzgartirilgan edi. Bu qoʻshiqning birinchi chala varianti 1993-yil 23-oktabrda Chikagodagi konsertda ijro etilgan edi. Bu qoʻshiqning haqiqiy, rasmiy variantini chiqishi haqida birinchi boʻlib „Access Hollywood“ koʻrsatuvida Love eʼlon qiladi va bu qoʻshiqqa olingan klipdan 10-sekundli parcha koʻrsatiladi. 2002-yil nomaʼlum shaxs bu klipning uzunroq parchalarini internetda tarqatadi va yaqinda butun klipni qoʻyishga soʻz beradi. Lekin qonunni buzishdan qoʻrqib buni amalga oshirmaydi. 2002-yil sud ishlari tugatilayotganda kutilmagan holda qoʻshiqning toʻliq varianti oʻrtaga chiqadi. Ovoz juda yomon sifatda edi, qoʻshiq matni esa tugatilmagan edi. Bunga qaramasdan 2002-2003-yillar qoʻshiq bir qancha radiolarda eng koʻp chalinadigan qoʻshiqlar orasida edi.
„Nirvana“ termasi 2002-yil 29-oktabrda chiqadi. „You Know You’re Right“ bilan bir qatorda termaning ichidan guruhning butun hit qoʻshiqlari yer oladi. Lekin muxlislar qoʻshiqlarning terilishidan norozi boʻladilar. „Sappy“ qoʻshigʻi termaga kirmagan edi. AQShlik muxlislar termaga „All Apologies“ning akustik versiyasi va „About a Girl“ning elektronik versiyasi kiritilganidan norozi boʻladilar. Bundan tashqari, termaga „Love Buzz“, „Drain You“, „Aneurysm“ va „Where Did You Sleep Last Night?“ kabi hit qoʻshiqlar kirmaganidan muxlislar hayron boʻladilar.
„With the Lights Out“ boks-seti 2004-yil noyabrda chiqariladi. Bok-setga Kurtning eski demo-yozuvlari, jonli ijrolar va guruhning turli paytlardagi ijrolari kiritilfgan edi.
2005-yil kuzda „Sliver: The Best of the Box“ boks-seti chiqariladi. „Rolling Stone“ jurnali Kobeynning qizi Frensis disk muqovasini bezatishda va qoʻshiqlarni tanlashda yordam berganligi haqida yozdi.[18].
Nirvanadan keyin
tahrirNirvana tarqalganidan keyin Krist va Dave musiqani tashlamadilar. Dave Grohl Foo Fighters guruhini tuzdi. 2006-yilgacha guruh beshta albom chiqarishga ulgurdi. 2005-yilda chiqqan „In Your Honor“ albomidagi „Friend of a Friend“ qoʻshigʻi Kurt va Krist bilan tanishganligi haqida. Bu qoʻshiqni Grohl 1990-yilda yozgan edi.
Foo Fightersdan tashqari Grohl Tom Petty and the Heartbreakers, Mike Watt, Queens of the Stone Age, Tenacious D, Nine Inch Nails, Garbage, Killing Joke va Cat Power kabi guruhlarda barabanchi boʻlgan.
Kurtning oʻlimidan keyin Krist Novoselic Sweet 75 guruhini tuzadi. Keyinchalik Eyes Adrift guruhini tuzadi. Bundan tashqari Novoselic Djonni Keshning „Twisted Willie“ albomida gitara chalgan. Bu bilan bir qatorda krist musiqachilar huquqini himoya qiluvchi JAMPAC komitetida faol boʻladi. 2004-yil u „Of Grunge and Government: Letʼs Fix This Broken Democracy“ nomli kitob chiqaradi.
Myunxendagi oxirgi konsertdan keyin kutilmagan holda Nirvananing tarixi kesildi. Qolgan ishtirokchilar va Pet Smir oxirgi konsert uchun toʻplanadilar. 1997-yil Sietldagi „Bumbershoot“ festivalida Foo Fighters ijro etib boʻlganidan keyin Dave kutilmagan holda barabanlarga oʻtiradi va sahnaga krist Novoselic chiqib keladi. Trio Princening „Purple Rain“ va Led Zeppelinning „Communication Breakdown“ qoʻshiqlarini ijro etadilar. Bu qisqagina sahna Sietlga va butun Nirvana muxlislariga minnatdorchilik bildirish uchun edi.
Courtney Love va litsenziyalar
tahrir2006-yil 13-aprelda Courtney Love oʻziga tegishli Nirvananing qoʻshiqlarini 25 foizini 50 million dollarga sotishini eʼlon qildi. Virgin Recordsning eski direktori, „Primary Wave Music Publishing“ bosmaxonasining boshligʻi Larry Mastel ularni sotib oladi. Muxlislar xavotirlanmasligi uchun Courtney: "Biz Nirvananing ruhiga sodiq qolamiz va musiqani boshqalarning qoʻliga topshirayotganda juda eʼtiborli boʻlamiz, " — deb ularga murojaat qiladi.[19].
Diskografiya: Studiyaviy albomlar
tahrirAsosiy maqola — Nirvana diskografiyasi
Muqova | Reliz sanasi | Nomi |
15-iyun, 1989 | Bleach | |
24-sentabr, 1991 | Nevermind | |
12-dekabr, 1992 | Incesticide | |
21-sentabr, 1993. | In Utero |
Guruh tarkibi
tahrirAsosiy tarkib
tahrir- Kurt Cobain † — vokal, gitara (1987—1994)
- Krist Novoselic — bas gitara (1987—1994)
- Dave Grohl — baraban, vokal (1990—1994)
Guruhga turli yillarda kirgan ishtirokchilar
tahrir- Aaron Burckhard — baraban (1987—1988)
- Dale Crover — baraban (1988, 1990)
- Dave Foster — baraban (1988)
- Chad Channing — baraban (1988—1990)
- Dan Peters — baraban (1990)
Sessiya ishtirokchilari
tahrir- Jason Everman — gitara (1989)
- Pat Smear — gitara (1993—1994)
- Lori Goldston — violonchel (1993—1994)
- Melora Creager — violonchel (1994)
Manbalar
tahrir- ↑ RIAA Top 100 Albums (Wayback Machine saytida 2007-01-22 sanasida arxivlangan) 2006, 26 sentabr maʼlumotlari
- ↑ Azerrad, Michael. „Come as You Are: The Story of Nirvana“. Doubleday, 1993. ISBN 0-385-47199-8, 294 bet.
- ↑ Fricke, David. „Krist Novoselic“. Rolling Stone. 13-sentabr 2001-yil.
- ↑ Azerrad, Michael. „Come as You Are: The Story of Nirvana“. Doubleday, 1993. ISBN 0-385-47199-8, 151 bet.
- ↑ Azerrad, Michael. „Come as You Are: The Story of Nirvana“. Doubleday, 1993. ISBN 0-385-47199-8, 176—177 betlar.
- ↑ Di Perna, Alan. „"Grunge Music: The Making of Nevermind"“. Guitar World. 2006-yil 27-aprelda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2008-yil 8-yanvar. (Wayback Machine saytida 2006-04-27 sanasida arxivlangan)
- ↑ NME.com — 2007-yil 20 fevralda Kurtning tugʻilgan kuniga bagʻishlab oʻtqazilgan tanlovda 1992-yil Redingdagi sahna olishlari eng yahshi deb tan olingan
- ↑ NME.com
- ↑ Sergey Klimovitskiy. "100 stranits gruppi „Nirvana“", Nota-R bosmahonasi, ISBN 5-85929-090-X
- ↑ Azerrad, Michael. „Come as You Are: The Story of Nirvana“. Doubleday, 1993. ISBN 0-385-47199-8, 279 bet. Kurtning aytishicha Curtney Love Axlga hazil bilan qizining choʻqintirgan otasi boʻlishini soʻraydi. Eksl javob tariqasida Kobeynga ayoliga „Oʻchir ovozingni, qanjiq!“ degin deb aytadi. Kurt Lovega oʻgirilib: „Oʻchir ovozingni, qanjiq!“ — deydi, bu esa Nirvananing boshqa aʼzolarida kulgu uygʻotadi.
- ↑ Fricke, David. „Kurt Cobain: The Rolling Stone Interview“, Rolling Stone. 27-yanvar 1994-yil.
- ↑ Azerrad, Michael. „Come as You Are: The Story of Nirvana“. Doubleday, 1993. ISBN 0-385-47199-8, 336—337 betlar
- ↑ Pareles, Jonyu „Concert Preview“, New York Times. 14-noyabr 1993-yil.
- ↑ Morell, Brad. „Nirvana & The Sound Of Seattle“, Omnibus Press, 1996 ISBN 0-7119-5221-3
- ↑ Ali, Lorraine. „One Last Blast“, Rolling Stone. 17-oktabr 1996-yil.
- ↑ Graff, Gary. „Nirvana Box Set Coming Someday“, Wall of Sound. 28-avgust 1997-yil.
- ↑ Heath, Chris. „The Nirvana Wars: Who Owns Kurt Cobain?“, Rolling Stone. 6-iyun 2002-yil.
- ↑ Lash, Jolie. „Unreleased Nirvana Due“, Rolling Stone. 20-sentabr 2005-yil.
- ↑ Vineyard, Jennifer. „Courtney Love Sells Substantial Share Of Nirvana Publishing Rights“ (Wayback Machine saytida 2010-05-31 sanasida arxivlangan), MTVNews.com, 13-aprel 2006-yil.
Havolalar
tahrirVikiomborda Nirvana haqida turkum mavjud |
- Nirvana Live Guide — Nirvananing jonli ijrolari fotolari (ingl.)
- Live Nirvana — Ijro va Yyzuvlar xronologiyasi (ingl.)
- The Internet Nirvana Fan Club — Nirvana muxlislari sayti (rus.)
- Nirvanaall.ru (Wayback Machine saytida 2019-04-24 sanasida arxivlangan) — Nirvana muxlislari sayti (rus.)