Noʻgʻay (13-asrning 1-yarmi — 1300) — Oltin Oʻrda tumanboshisi, Joʻjixonning evarasi. Berkaxon qoʻshini qoʻmon-doni sifatida Huloku va uning vorislariga qarshi bir qancha yurishlar qilgan. Janglardan birida bir koʻzidan ajralgan. Berkaxon vafotidan soʻng Oltin Oʻrdada N.ning obroʻ-eʼtibori tez ortib borgan. Dondan Dunaygacha boʻlgan ulkan hudud N. nazorati ostida boʻlgan. 13-asrning 70-yillaridan oʻz tasarrufidagi ulusda mustaqil siyosat yurgiza boshlagan. N. Vizantiya impe-ratori Mixail Paleologning nikohsiz tugʻilgan qizi — Yevfrosiniyaga uylangan (1273). 1271, 1277, 1278 yillarda N. imperator Mixailning iltimosiga koʻra, Bolgariyaga qarshi yurish qiladi. Keyingi oʻn yillikda N. qoʻshinlari Bolgariya, Frakiya va Makedoniya yerlarini bir necha bor gʻorat qiladi. Dunay orti davlatlari, xususan, Tirnovo shoxdigi, Branichevskiy va Vidin knyazliklari N.ga tobe etiladi. 90-yillarda Serbiya qiroli Milutin oʻzini N.ning vassali sifatida tan oladi. N. bilan ittifokda boʻlishga rus knyazliklari, Polsha, Vengriya, Bolgariya, Serbiya harakat qilishgan. N. yordamida Telebugʻaxon (Toʻlabugʻaxon) Oltin Oʻrda taxtidan tushirilib, oʻrniga Toʻqta oʻtqazilgan. Toʻqta qudratli tumanboshidan xalos boʻlish maqsadida N.ga qarshi harbiy harakatlar boshlagan. 1300-yil Donning gʻarbidan oquvchi Koʻkanliq daryosi boʻyidagi hal kiluvchi jangda N. qoʻshini tor-mor keltirilgan. N. asir olinib, qatl etilgan. N. nomi bilan keyinchalik noʻgʻaylar atala boshlagan.

Adabiyot

tahrir
  • Yegorov V. L., Istoricheskaya geografiya Zolotoy Ordi v XIV—XVI vv., M., 1983.

Hamidulla Dadaboyev.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil