Oʻzbekiston arablari

1. Arablarning etnik tarixi.

Arablar – G‘arbiy Osiyo va Shimoliy Afrika aholisining asosiy qismini tashkil etuvchi, kelib chiqishiga koʻra bir tilda soʻzlashuvchi xalqlar guruhidir (jazoirlik, misrlik, marokashlik, livanlik, bahraynlik, saudiyalik arablar va b.).

Arablarning asosiy qismi Islom diniga eʼtiqod qilib, koʻpchiligi sunniylar hisoblanadi. Islom dinining vujudga kelishi va tarqalishi arablar bilan bevosita bogʻliq.

Rivoyatlarga koʻra, arablar Nuh alayhisalomning Som ismli oʻgʻlidan tarqalgan. Shu bois, ular somiy (semit) xalqlar tarkibiga kiradi. Arabiston yarim orolining shimoliy mintaqalarida asosan koʻchmanchi (sahroi) arab qabilalari – beduinlar yashagan, janub qismidagi arablar esa oʻtroq hayot kechirishgan.

Hozirgi kunda Oʻzbekiston arablari zich joylashgan hududlar – Qashqadaryo viloyatining Qarshi, Mirishkor va Koson tumanlari, Samarqand viloyatining Samarqand, Pastdarg‘om va Kattaqo‘rg‘on tumanlari, Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumani, Navoiy viloyatining Karmana, Konimex va Nurota tumanlari.

Qashqadaryo viloyatining Koson tumanidagi „Arabxona“ mahallasida arablarning nisbatan yirik jamoasi istiqomat qiladi. Qachonlardir ular uyur va tuyalarini oʻtlatish maqsadida yangi yaylovlarni izlab kelib qolishgan. Hozirgi kunda ularning kundalik turmushida arablarga xos belgilarni uchratish qiyin boʻlsa-da, oʻz qabilaviy nomlarini (surux, qoraboʻyin, quraysh, shamshi va boshqalar) saqlab kelmoqda.

Arablar Buxoro, Qarshi, Xoʻjand, Kattaqoʻrgʻon kabi yirik shaharlarda, Koson, Nurota, Sherobod va boshqa tumanlarda ham istiqomat qilib kelishadi.

Qashqadaryo viloyatidagi Mirishkor tumanining Jeynov shaharchasi oltita mavzega boʻlingan: Xarruk, Bavor, Avon, Andxoy, Chuqurkoʻl va Kattapay. Ulardan faqat uchtasi – Avon, Xarruk va Bavorda aholi arab tilida soʻzlashadi. Xarruk va Bavor aholisi ajdodlarining Qarshi tumanida paydo boʻlishini VII asr bilan bogʻlaydilar. Avon aholisining esa bu borada fikrlari ikki xil: baʼzilari Xarruk va Bavordagi qoʻshnilarining fikriga qoʻshilsa, boshqalari oʻz ota-bobolarining Qashqadaryo oʻlkasiga koʻchirilishini Temur davri bilan bogʻlashadi.

Bir soʻz bilan aytganda, arablar butun Oʻzbekiston, Tojikiston va Turkmaniston boʻylab yoyilib ketgan. Bugungi kunda arablarning koʻpchiligi oʻzlarini oʻzbek yoki tojik deb atashlariga qaramay ota-bobolari arab boʻlgani haqidagi tarixiy xotira saqlanib qolingan. Qolaversa, „Arablar“, „Arabxona“, „Eski arab“, „Yangi arab“, „Arabon“ va boshqa shu kabi nomlar bilan ataluvchi koʻplab qishloq va mahallalarning mavjudligi ushbu fikrning toʻgʻriligini asoslaydi.

Oʻtkazilgan tadqiqotlarga koʻra Jeynov shaharchasi va Samarqand viloyatining Pastdargʻom tumanidagi Arabxona qishlogʻida yashovchi arablarning 36% oʻzlarini qaysi hududdan kelganligini bilmasligini, 28% Saudiya Arabistonidan, 19% Suriyadan, 9% Afgʻonistondan, 6% Yamandan, 3% esa Iroqdan koʻchib kelganliklarini bildirishgan.

Norasmiy maʼlumotlarga koʻra bugungi kunda Oʻzbekistonda 50 000 nafar arab istiqomat qilib kelmoqda.

Oʻrta Osiyo arablari uzoq asrlar davomida yerlik xalqlar bilan qizgʻin madaniy va savdo sotiq aloqalarini oʻrnatgan boʻlsalar-da, ular ichki nikoh, ayniqsa, qarindoshlar oʻrtasidagi nikohni afzal koʻrib kelishgan. Arablar, ayniqsa, oʻz qizlarini boshqa xalq vakillariga uzatishmagan. Oʻrta Osiyoda nasabi jihatidan oʻzlarini toʻrt ulugʻ sahobiylarga mansub deb biluvchi alohida etnoijtimoiy guruh mavjud boʻlib, ularda deyarli butunlay ichki nikoh (endogamiya) hukm surgan.

Ular ham oʻzlarini arablardan deb hisoblashi bilan birga, „oqsuyak“, „sayid“, „xoʻja“, „eshon“ kabi toifalarga ajratishgan.

Shuningdek, ichki qabilaviy aloqalar asosan oilaviy tadbirlarda ishtirok etish, oʻzaro yordam va qabiladoshlar qabristoni kabilarda koʻzga tashlangan.

2. Arablarning Oʻzbekiston hududiga kirib kelishi.

Arablarning hozirgi Oʻzbekiston hududlariga dastlab kirib kelishi arab halifaligi tomonidan islom dinining boshqa oʻlkalarga yoyilishi bilan bogʻliq.

Arab halifaligiga 632-yilda Abu Bakr Siddiq (r.a.) tomonidan asos solingan boʻlib, 1258-yilda moʻgʻullar tomonidan tugatilgan.

Arablar Oʻzbekiston va Tojikistonning quruq subtropik vohalarida joylashishgan.

Oʻzbekistonda yashovchi arablarni ularning tili, qabilaviy tuzilishi va kelib chiqishiga koʻra alohida guruhlar (Buxoro, Qashqadaryo, Samarqand arablari)ga ajratish mumkin.

Bunday hududiy guruhlarga boʻlinish bilan birga Oʻzbekiston arablari orasida uzoq vaqt davomida qabilaviy guruhlar (quraysh, shayboni, sanoni, baluk)ga boʻlinish anʼanasi ham saqlanib qolgan boʻlib, hozirgi kunda unutilgan. Baʼzi maʼlumotlarga koʻra, bir necha yuz yillar ilgari yashab oʻtgan ajdodlarning nomlari sharafiga atalgan zangiboy, baxshinboy, iskandari, rashidi, xodjap kabi guruhlar ham mavjud boʻlgan.

Arablarning Oʻrta Osiyoga kirib kelishi shartli ravishda uch bosqichga boʻlinadi.

Birinchi bosqich, VII asr oʻrtalari – XIII asrlar.

Bu davrda arablar asosan Islom dinini qaror toptirish maqsadi bilan kelib, keyinchalik mahalliy xalqlar tarkibiga singib ketgan.

Ikkinchi bosqich, XIV–XV asrlar.

Bu davr koʻproq Amir Temurning Iroq, Suriya kabi arab davlatlariga yurishlari natijasida ushbu mamlakatlar aholisining muayyan qismini koʻchirib keltirishi bilan bogʻliq.

Mazkur davrda ham arablar islom madaniyati va marosimlarini keng tarqatishgan, ularning asosiy qismi chorvachilik va hunarmandchilik bilan shugʻullangan. Arablar XX asr boshlariga qadar oʻzlarining etnik, til xususiyatlari va anʼanalarini saqlab kelgan. Xususan, Qashqadaryo va Samarqand arablarida Amir Temur davrida olib kelinganliklari haqidagi tarixiy xotira hamon saqlanib qolgan.

Uchinchi bosqich, XVI–XIX asrlar.

Ushbu davrda koʻchib kelgan arablarning koʻpchiligi hunarmandlar boʻlib, asosan Afgʻoniston hududlaridan oʻtgan. Mazkur arablar oʻzlarining til va etnik xususiyatlarini maʼlum darajada unutishgan.

Markaziy Osiyo mintaqasida arablarning aksariyati Zarafshon boʻylari, Samarqand shahri atroflaridan tortib, Qorakoʻl sohiligacha boʻlgan oraliqdagi shahar va qishloqlarda, shuningdek, Sherobod, Surxon, Kofirnixon, Vaxsh, Qizilsuv, Jilgʻa daryolarigacha boʻlgan yerlarda yashashadi. Fargʻona vodiysining shimoli­sharqiy tomonida ham arablarning bir guruhi istiqomat qiladi. Andijon viloyatining Boʻz, Baliqchi, Izboskan va Paxtaobod tumanlarida arablar koʻpchilikni tashkil qilgan va ular „arab“ nomini saqlab qolgan yarim koʻchmanchi choʻponlar boʻlishgan.

3. Oʻzbekiston arablari etnografiyasining oʻrganilishi.

Oʻrta Osiyo hududida yashab keluvchi arablar haqidagi maʼlumotlarni oʻrta asr manbalarida va Rossiya imperiyasi tadqiqotchilarining asarlarida uchratish mumkin. Sovet etnografiyasida ular Oʻrta Osiyo arablari sifatida oʻrganilgan.

Xususan, G.Seretel („Arabskie dialekti v Sredney Azii“), I.Vinnikov („Yazik i folklor buxarskix arabov“), B.Karmisheva („Oʻrta Osiyo

va Qozogʻiston xalqlari“), S.Volin, X.Ismoilov va R.Rassudova kabi etnolog va etnograflar tomonidan arablarning tarixi, madaniyati, tili va urf-odatlari oʻrganilgan.

Mustaqillik davrida ham Oʻzbekiston arablari etnografiyasi etnograflar (R.Rajabov, Sh. Iskandarov, P.Ravshanov) tomonidan oʻrganib kelinmoqda.

4. Oʻzbekistonda arab tili.

Shaharlarda va nisbatan tarqoq joylashgan qishloqlarda uzoq yillar davomida mahalliy xalqlar bilan yonma­yon yashab kelganlari bois arablarning aksariyati oʻzbek va tojiklar tarkibiga singib ketgan. Buxoro shahri, Qashqadaryodagi ayrim qishloqlarda kompakt holda yashovchi arablargina milliy oʻzligini va arab tilini maʼlum darajada saqlab qolgan.

XX asr boshlarida Qashqadaryo arablarining maʼlum qismi shaharlarga koʻchib bora boshlagan, lekin keyinchalik yana qishloq hududlariga qaytgan.

Arab tili afroosiyo tillari oilasining semit guruhiga kiradi.

Oʻrta Osiyo arab lahjalari boshqa maʼlum boʻlgan arab dialektlaridan batamom farq qilib, butunlay mustaqil guruhni tashkil etadi.

Tarixan Markaziy Osiyo arablarining tili Iroq va qisman Markaziy Arabiston badaviylari nutqiga juda oʻxshash.

Oʻrta Osiyo arablarining til xususiyatlaridan tashqari tashqi qiyofasi ham ularning Iroq va Markaziy Arabistondan Eron va Afgʻoniston orqali kirib kelganligini tasdiqlaydi.

Hozirgi kunda Buxoro viloyatining Gʻijduvon va Vobkent tumanlarida, Qashqadaryo viloyatining Kasbi tumanida va Jeynov shaharchasida yashovchi arablar oʻzlarining ona tillarini muayyan darajada saqlab qolganlar.

Oʻzbekiston hududida arab tilining ikkita guruhi – Buxoro

va Qashqadaryo shevasi mavjud. Buxoro shevasida tojik tilining taʼsiri kuchliroq, Qashqadaryo shevasida esa oʻzbek tilining taʼsiri sezilarli. Buxoro va Qashqadaryo arablari amalda bir birlarini tushunishmaydi.

Shaharlarda yashovchi oʻtroq arablar mahalliy aholi tarkibiga singib ketgan boʻlishiga qaramay, oʻzlarining til izlarini saqlab qolgan va mahalliy tillarga arab tilidagi koʻplab soʻzlar oʻzlashib qolgan. Koʻchmanchi arablar esa yirik qabilaviy guruhlar sifatida joylashar ekan, oʻzlarining xususiyatlarini, jumladan ona tilini uzoqroq vaqt saqlab kelganlar.

Uzoq davrdan buyon arablar yerlik xalqlar bilan chambarchas madaniy aloqada yashab kelgan boʻlishiga qaramay, oʻz tillarini saqlab qolganligini baʼzi olimlar eng katta kashfiyot deb ataydi. Ushbu holat oʻrta asrlardan to XX asr boshlariga qadar arab tili ilm­fan, maktab va madrasalarda savod chiqarish tili boʻlib kelganligi maʼlum darajada asosiy sabab sifatida koʻrsatiladi. Biroq, hozirgi kunda Oʻzbekistonda yashovchi arablarning tili yoʻqolib ketish xavfi ostidagi tillardan sanaladi.

5. Oʻzbekiston arablari xoʻjaligi.

Oʻzbekiston arablarining asosiy mashgʻuloti chorvachilik va dehqonchilik hisoblangan. Chorvachilikning birmuncha rivojlangan tarmogʻi qorakoʻl qoʻy (bu qoʻy turi xalq tilida arabi qoʻylar deb ham ataladi) va tuya naslchiligi boʻlgan, mamlakatning janubiy hududlaridagi tumanlarda esa dumli qoʻy koʻp boqilgan.

Arablar bugʻdoy, arpa, beda yetishtirib, bogʻ va tomorqalarga ham ega boʻlishgan. Arablarda uy hunarmandchiligidan paxta matolari va ayniqsa tuksiz, xususan ikki xil koʻrinishdagi gilamlar toʻqish oʻrin olgan:

"Qiz gilam" – nozik, asosan qizil rang ishlatilgan, oʻziga xos bezak berilgan va qizlarning sepiga atab tikilgan gilam. Asosiy motiv baxt va serfarzandlik ramzi sifatida bir juft qushning tasviri hisoblangan.

"Bozorigilam" (yoki „Arabi“) – sotish uchun maxsus tayyorlangan gilam. Asosiy bezagi murakkab kompozitsiyalarga mohirlik bilan birlashtirilgan geometrik shakllar hisoblanadi.

Arablar orasida tuya yungidan tuya chakmon tikish ham keng tarqalgan.

Hozigi kunda arablar sanoat, savdo, taʼlim va boshqa sohalarda faol mehnat qilishadi.

6. Moddiy madaniyati.

Oʻtgan asrlarda Oʻrta Osiyo arablarining katta qismi yarim koʻchmanchi hayot kechirishgan, XIX asrning 30 yillariga qadar esa asosiy turar joylari har xil tuzilishga ega chodir va kapalar boʻlgan. Shu bilan birga, koʻp asrlik madaniy aloqalar natijasida ular ham yerlik aholiga xos yopiq hovlilardan iborat doimiy uy joylarda yashay boshlagan.

Oʻrta Osiyo arablarining kiyim-kechaklari oʻzbek va tojiklarnikiga oʻxshash. Qashqadaryo viloyatining Kasbi tumanidagi Qamashi qishlogʻi va Mirishkor tumanidagi Jeynov shaharchasida yashovchi arab ayollarining bosh kiyimi va taqinchoqlarida oʻziga xos baʼzi motivlar saqlanib qolingan. Ilgari ushbu tumanlarning arab ayollari burniga sirgʻa taqib yurishgan. Ushbu odat hozirgi kunda Jeynovda saqlab qolingan. Yarim koʻchmanchi oʻzbek ayollariga oʻxshab oʻtmishda ular yuzlarini berkitishmagan.

Arab ayollarining anʼanaviy bosh kiyimlari rangi ularning oilaviy holatidan darak berib turgan. Masalan, oilali ayollar oq rangli roʻmol oʻrashgan.

Qizil rang poklik va soflik ramzi hisoblanib, arab qizlari biror joyi qirqilgan qizil rangli roʻmolni oʻrashmagan. Bundan tashqari, nikoh kuni arab qizlar burunlarini teshib, unga sirgʻa taqishadi. Bu oʻziga xos nikoh uzugi hisoblanadi.

Yaqinda turmushga chiqqan ayollarning "gizza" deb ataluvchi sharfida koʻplab katta kashta bezaklari boʻladi. Ajrashgan yoki beva boʻlsa, aksincha kam bezakli gizza oʻraydi.

Arab erkaklari boshiga oq yoki kulrang matodan salla oʻrashgan. Xorazm va Qoraqalpogʻistonda yashovchi arablar choʻkmor kiyishga odatlangan.

Oʻgʻil bolalar 12 yoshdan salla oʻray boshlashgan. Odatda sallani tagidan kalapush (doʻppi) kiyishgan. Jeynov arablarida kalapushga uy sharoitida ayollar tomonidan "iroqi" va "piltadoʻzi" kabi kashtalar tikilgan.

Adabiyotlar

tahrir

1. Etnicheskiy atlas Uzbekistana. Otv. red. Ilxamov A.; In-t „Otkritoe obщestvo“ – Fond sodeystviya – Uzbekistan – B. m.: IOOFS – Uzbekistan: R. Elinina, 2002 – 452 s.: il., kart. – 1000 ekz. 2. https://www.uzanalytics.com/tarix/6429/