Olabay haykali
Olabay haykali — Turkmaniston poytaxti Ashxobodda boʻribosar (turkmancha: alabay) it zotiga oʻrnatilgan zarhal haykal. Itga oʻrnatilgan dunyodagi eng katta oltin yodgorlik. Yodgorlikning umumiy balandligi 15 metr boʻlib, it haykalining oʻzi 6 metr (baʼzi manbalarda 5,7 metr), tagkursisi balandligi esa 9 metrdir. Prezident Gurbanguli Berdimuhamedovning shaxsiy tashabbusi bilan haykaltarosh Sargart Babayev yaratgan. Haykal 2020-yilning 12-noyabrida prezident ishtirok etgan marosimda ochildi.
Olabay haykali | |
---|---|
Turkmancha: Alabay heykeli | |
Olabay haykali (oʻngdan ikkinchi) balandligining boshqa taniqli haykallar balandligiga qiyosi | |
Rassom | Sargart Babayev |
Yil | 2020-yil, 10-noyabr |
Oqim | Realizm |
Mavzu | Boʻribosar |
Oʻlchami | 15 m × 35 m (49 ft × 115 ft) |
Joylashuvi | Ashxobod |
Haykal LED ekranli tagkursi ustida oʻrnatilgan boʻlib, shaharning davlat ishchilari uchun moʻljallangan tumanida, aylana yoʻl oʻrtasida joylashgan. Turkmaniston aholisining yirik qismi qashshoqlikda yashayotgan bir paytda, xususan, mamlakatda oziq-ovqat yetishmovchiligi yuzaga kelgani xabar qilinayotgan bir paytda itga zarhal haykal oʻrnatilgani tanqidga uchradi. Haykal uchun qancha mablagʻ sarflangani nomaʼlum.
Tavsifi
tahrirBerdimuhamedov 2019-yilning noyabrida olabayga 15 metr balandlikdagi haykal oʻrnatilishini eʼlon qildi.[1] Haykalni turkman haykaltaroshi Sargart Babayev yaratdi.[2] Olabay haykalining umumiy balandligi 15 metr boʻlib, haykalning oʻzi 6 metr (baʼzi manbalarda 5,7 metr), tagkursisi balandligi esa 9 metrdir.[3] Haykal 2015-yilda Babayev yaratgan va Berdimuhamedovga bagʻishlangan oltin haykalga oʻxshash.[2]
Haykal shaharning davlat ishchilari uchun moʻljallangan tumanida, diametri 35 metr aylana yoʻl oʻrtasida joylashgan.[4] Haykal LED ekranli yumaloq tagkursi ustiga oʻrnatilgan boʻlib, ekranda haqiqiy olabaylar oʻynayotgani aks etgan video koʻrsatib turiladi. Haykal prezident Berdimuhamedovning shaxsiy tashabbusi bilan yaratildi.[5] Uni oʻrnatish ishlariga „Altin“ mahalliy shirkati yetakchilik qildi.
Ochilish marosimi
tahrir2020-yilning 12-noyabrida olabay haykali joylashgan turar-joy tumanining rasmiy ochilish marosimi uyushtirildi.[6] Marosimda prezident Gurbanguli Berdimuhamedov qatnashdi. Marosim qatnashchilari Berdimuhamedov olabay haqida yozgan kitobni qoʻlda tutgan holda, it va prezident haqida sheʼr oʻqidi, qoʻshiq kuyladi. Shuningdek, marosim davomida yosh bolaga olabay iti sovgʻa qilindi.
Turkmaniston televideniye, radioeshittirish va kinematografiya davlat qoʻmitasi ochilish marosim haqida oʻz YouTube kanalida lavha eʼlon qildi. Kanaldagi boshqa videolar kabi, bu video ostida sharh qoldirish yoki like va dislike tugmalarini bosish funksiyalari kanal egalari tomonidan oʻchirib qoʻyilgan. Turkman matbuoti xabarlarida haykal itning „gʻururi va oʻziga ishonchini“ ifodalashi taʼkidlandi.[7]
Tanqidi
tahrirTurkmaniston aholisining yirik qismi qashshoqlikda yashayotgan bir paytda, xususan, mamlakatda oziq-ovqat yetishmovchiligi yuzaga kelgani xabar qilinayotgan bir paytda itga zarhal haykal oʻrnatilgani tanqidga uchradi.[7] Haykal uchun qancha mablagʻ sarflangani nomaʼlum. Olabay haykali hamda uning muallifi Sargart Babayev 2015-yilda Berdimuhamedovga bagʻishlab yasagan oltin haykal ochilishi xorij matbuotida keng yoritildi va tanqid qilindi.
Turkman hukumatining olabay it zoti xalqaro miqyosda Markaziy Osiyo choʻpon iti oʻlaroq maʼlum boʻlgan boʻribosarning „turkman zoti“ ekani haqidagi iddaolari ilmiy asosga ega emas. Amerika itboqarlar klubi boʻribosar itlarini „bugungi kunda mavjud boʻlgan eng qadimgi itlar guruhi“ deb taʼriflaydi.[8] Klub maʼlumotlariga koʻra, „bugungi zotlarning koʻpchiligidan farqli oʻlaroq, Markaziy Osiyo choʻpon itlari inson tomonidan yaratilgan yoki biron muayyan shaxs yoki mamlakat tomonidan yaratilgan emas“.[8]
Shuningdek, Turkmaniston hukumatining olabay itini koʻklarga koʻtarish kampaniyasiga qaramay, 2021-yilda mamlakatda qarovsiz, baʼzi holatlarda esa egasi boʻlgan itlar ham ayovsiz oʻldirilayotgani xabar qilindi. Xususan, 2021-yilning fevralida taʼsis etilgan va aprel oyiga belgilangan it bayrami arafasida poytaxt Ashxobodda qarovsiz itlar va mushuklar sanitariya xodimlari tomonidan olib ketilayotgani va oʻldirilayotgani xabar qilindi.[8] Prezident Berdimuhamedov oʻzini Turkmaniston xalqiga hayvonlarni sevuvchi rahbar oʻlaroq koʻrsatib kelayotganiga qaramay, Ashxobod va boshqa shaharlarda qarovsiz hayvonlar shafqatsizlik bilan yoʻq qilinayotgani keskin tanqidga uchradi.[8]
Olabay va turkman hukumati targʻiboti
tahrirAxaltaka oti va olabay iti prezident Gurbanguli Berdimuhamedov va uning hukumatining Turkmaniston milliy merosi haqidagi targʻibotida muhim oʻrin tutadi.[2] Berdimuhamedov maʼmuriyati olabay itini milliy gʻurur manbasiga aylantirishga kurashib keladi.[1] Tarixchi va „Turkman boʻlishni oʻrganish“ kitobi (inglizcha: Learning to Become Turkmen) kitobi muallifi Victoria Clement olabay iti axaltaka oti kabi „hukumatga Turkmaniston hududining mutlaq turkman ekani toʻgʻrisidagi qarashni mustahkamlashga koʻmaklashadi“, deb yozdi.[1]
2020-yilda Turkmaniston Madaniyat vazirligi ushbu ikki jonivorni UNESCO Umumjahon nomoddiy madaniy merosi roʻyxatiga kiritish uchun hozirlanayotgani xabar qilindi. Berdimuhamedovning oʻgʻli, Turkmaniston bosh vaziri oʻrinbosari Sardor Berdimuhamedov Xalqaro olabay birlashmasi raisi etib tayinlangan.[2] Prezident Berdimuhamedov 2019-yil „Turkman olabayi“ (turkmancha: Türkmen alabaýy) nomli kitobini eʼlon qildi. Berdimuhamedov oʻz kitobini shiddat bilan qarsak chalayotgan amaldorlarga taqdim etish marosimi davomida olabay haqida sheʼr ham oʻqib berdi. Sheʼrga keyinchalik qoʻshiq bastalandi.[1] Turkmaniston davlat matbuotida prezident olabay bilan hordiq chiqarayotgani aks etgan videolar tez-tez eʼlon qilinib turiladi.[9]
2021-yilning fevralida esa Olabay kuni bayrami taʼsis etildi.[10] Bayram har yili aprelning soʻnggi yakshanbasida, yaʼni Axaltaka oti kuni bilan birga nishonlanadi. 2021-yilning martida esa Turkmaniston parlamenti „Xizmat koʻrsatgan itboqar“ va „Xalq itboqari“ faxriy unvonlarini taʼsis qildi. Bundan tashqari, olabaylar ishtirokida oʻtkaziladigan goʻzallik tanlovi gʻolibiga beriladigan „Yilning jasur turkman olabayi“ medali ham taʼsis qilindi. Bu unvonlarni Berdimuhamedov shaxsan koʻrib chiqib, maʼqullagani xabar qilindi.[11]
Berdimuhamedov Ashxobod bilan doʻstona munosabatda boʻlgan davlat rahbarlariga bir necha marta olabay iti bolasini yoki axaltaka otini sovgʻa qilgan. Ular orasida Oʻzbekistonning sobiq prezidenti Islom Karimov va Rossiya prezidenti Vladimir Putin bor.[7][12] Berdimuhamedov olabay iti bolasini Putinga sovgʻa qilayotib uni boʻynidan ushlab, havoda ushlab turgani uchun Internetda tanqidga uchradi.[7] Bu holatni koʻrib turgan Putin oʻrnidan turib, itni quchogʻiga oldi.
Manbalar
tahrir- ↑ 1,0 1,1 1,2 1,3 „Top dog: Turkmen breed rivals horse for national affection“. France 24 (2019-yil 19-noyabr). Qaraldi: 2021-yil 13-aprel.
- ↑ 2,0 2,1 2,2 2,3 „Turkmenistan's president gets his golden dog“. Eurasianet (2020-yil 11-noyabr). Qaraldi: 2021-yil 13-aprel.
- ↑ „Туркманистонда Олабай итига олтин ёдгорлик ўрнатилди“. Kun (2020-yil 12-noyabr). Qaraldi: 2021-yil 13-aprel.
- ↑ „Президент Туркменистана открыл в Ашхабаде золотой памятник алабаю“. RBK (2020-yil 12-noyabr). Qaraldi: 2021-yil 13-aprel.
- ↑ „Золотой памятник алабаю открыли в Ашхабаде — фото“. Sputnik (2020-yil 12-noyabr). Qaraldi: 2021-yil 13-aprel.
- ↑ „Президент Туркменистана открыл золотой 15-метровый памятник алабаю. Монумент поставили, чтобы проявить «уважение и почтение» к этим собакам“. Meduza (2020-yil 12-noyabr). Qaraldi: 2021-yil 13-aprel.
- ↑ 7,0 7,1 7,2 7,3 „Turkmenistan leader unveils giant gold dog statue“. BBC (2020-yil 12-noyabr). Qaraldi: 2021-yil 13-aprel.
- ↑ 8,0 8,1 8,2 8,3 „Ит байрами арафасида Туркманистон маъмурлари қаровсиз итларни қирмоқда. Баъзан эгаси борларини ҳам“. Ozodlik radiosi (2021-yil 16-mart). Qaraldi: 2021-yil 13-aprel.
- ↑ „Туркманистон президенти таътилни қандай ўтказаётгани намойиш қилинди“. Kun (2019-yil 5-avgust). Qaraldi: 2021-yil 13-aprel.
- ↑ „Туркманистонда ит байрами таъсис этилди“. Ozodlik radiosi (2021-yil 26-fevral). Qaraldi: 2021-yil 13-aprel.
- ↑ „Туркманистонда «Хизмат кўрсатган итбоқар» ва «Халқ итбоқари» унвонлари таъсис этилди“. Ozodlik radiosi (2021-yil 17-mart). Qaraldi: 2021-yil 13-aprel.
- ↑ „Бердимуҳамедов Путинга кучук совға қилди“. Kun (2017-yil 11-oktyabr). Qaraldi: 2021-yil 13-aprel.
Havolalar
tahrir- Haykal ochilishi haqida turkman davlat telekanali lavhasi
- Berdimuhamedovning olabayga atab yozgan sheʼri