Palov indeksi — shaxsiy inflyatsiyani aniqlash usullaridan biri hisoblanadi. Palov indeksi hozirda Oʻzbekiston va Turkmaniston davlatlarida qoʻllanadi. Aynan palov indeksining qoʻllanishi sababi, palov Oʻzbekiston va Turkmanistonda eng keng tarqalgan taomlardan biri hisoblanadi. Xususan, Turkmanistondagi uy xoʻjaliklarining 52 foiz daromadi oziq-ovqat mahsulotlariga ketadi[1]. Indeksga koʻra, vaqt oʻtgan sari hududlarda osh narxi oʻzgarishini oʻzida aks etadi. Iste'mol narxlari indeksini hisoblashda aholi uchun muhim hisoblangan tovarlar ulushi oʻzgarib turishi, isteʼmol savati empirik tadqiqotlardan koʻra biologik talablardan kelib chiqib tuzilganligi[2] sababli, shaxsiy inflyatsiya va asosiy taomga bogʻliq real ish haqini hisoblashda „palov indeksi“ ancha qulaydir.

Oʻzbekistondagi palov indeksi

tahrir

Birinchi palov narxlari 2019-yil dekabr oyida shakllantirilgan boʻlsa-da, rasman 2020-yil yanvar oyidan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan palov indeksi shakllantirilishi eʼlon qilindi. Unga koʻra mamlakatimizning barcha hududiy markazlarida joylashgan yirik umumiy ovqatlanish muassasalari („Osh markazlari“)dagi 1 kg palov uchun sarflanadigan masalliqlar ro‘yxati, shuningdek, ularning narxlari (qiymati) to‘g‘risidagi maʼlumotlar shakllantirilib borildi. Shuningdek, 1 kg osh miqdori 7 porsiyaga teng deb olinadi.

Respublikaning barcha hududlarida 1 kg palov tayyorlash uchun sarflanadigan masalliqlar miqdori o‘rganib chiqilib, mamlakat bo‘yicha o‘rtacha masalliqlar ro‘yxatini shakllantirildi[3]. Unga ko‘ra:

Shuni eʼtiborga olish kerakki, hududlardagi palov narxlari osh markazlaridagi narxlarga asoslanadi. Choyxona, restoran va boshqa muassasalardagi narxlar hisobga olinmaydi.

Turkmanistondagi palov indeksi

tahrir

Turkmanistonda ham palov indeksini hisoblash 2020-yil yanvar oyidan boshlangan. Turkmanistonda esa rasmiy statistik qoʻmita mavjud boʻlsa-da[4], inflyatsiya va isteʼmol narxlari haqida rasmiy maʼlumotlar boʻlmaganligi sababli mustaqil OAV turkman xalqi tomonidan yuborilgan maʼlumotlar asosida palov narxi hisoblanadi[5]. Yaʼni, elektron anketa orqali statistik maʼlumotlar yigʻiladi[6].

Hisoblash usuli

tahrir

Palov indeksini hisoblashda maʼlum bir oydagi 1 porsiya palov narxining oʻtgan oydagi 1 porsiya palov narxiga nisbati olinadi. Shu orqali aholining shaxsiy inflyatsiya darajasi haqida maʼlumot toʻplanadi[7]. Bundan tashqari aniqroq tahlil uchun aholining oʻrtacha ish haqi 1 porsiya osh narxiga boʻlinadi. Shu orqali isteʼmolchining vaqt oʻtgan sari koʻproq osh sotib olishi uning real ish haqi miqdori oshayotgani, agar kamroq sotib olishga qurbi yetsa uning real ish haqisi pasayayotganini anglatadi. Agar isteʼmol narxlari indeksi (inflyatsiya) hisoblashda „maxsus tanlanmalar“, „takrorlanuvchi oʻzgarishlar“ va baʼzi koʻrsatkichlarni hisoblamaslik holatlari mavjud boʻlishi mumkin boʻlsa[8], palov talab katta mahsulot sifatida oʻz narxi oʻzgarishi orqali davlatdagi inflyatsiyani aniqroq koʻrsatadi. Big Mac indeksidan farqli ravishda „Palov indeksi“ orqali mamlakatlardagi real almashuv kursini bilish imkonsiz[9].

Palov indeksi koʻrsatkichlari

tahrir

Oʻzbekistonda palov indeksi hududlar boʻyicha farq qilsa-da (xuddi oʻrtacha ish haqi singari), ularni umumlashtirib oʻrtacha miqdorni topish mumkin.

Oylar boʻyicha palov indeksi, nominal ish haqi va inflyatsiyaga taʼsiri[10][11][12]
Yil va oy 1 porsiya palov narxi (soʻm) Oʻtgan oyga nisbatan oʻzgarish sur’ati (foizda) O‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi (ming soʻm) Oylikka toʻgʻri keluvchi 1 porsiya palov miqdori Oylik inflyatsiya (foizda) Oylik inflyatsiya va palov indeksi orasidagi farq
2020-yil yanvar 14 026,21 −0,59 2403,96* 171,39 0,6 1,19
2020-yil fevral 13997,64 −0,02 2455,65* 175,44 0,8 0,82
2020-yil mart 14251,57 1,81 2584,9* 181,38 1,3 −0,51
2020-yil aprel 14434,86 1,29 2409,24 166,90 1,7 −0,41
2020-yil may 14553,86 1,01 2572,93 165,42 0,3 −0,71
2020-yil iyun 14485,93 −0,05 2580,46 178,14 −0,2 0,25
2020-yil iyul 14561,10 0,52 2528,01 173,61 −0,3 −0,82
2020-yil avgust 15241,93 4,68 2637,44 173,05 0,5 −4,18
2020-yil sentabr 15849,57 3,99 2692,29 169,87 1,4 −2,59
2020-yil oktabr 16029,79 1,13 2721,46 169,78 1,4 0,27
2020-yil noyabr 16138,98 0,69 2786,26 172,64 1,5 0,81
2020-yil dekabr 16181,0 0,26 3341,222 206,49 1,6 1,34
2021-yil yanvar 16366,14 1,14 2732,58* 166,97 1,0 −0,14
2021-yil fevral 16770,86 2,47 2818,87* 168,08 0,6 −1,87
2021-yil mart 16849,20 0,05 2876,4* 170,71 0,8 0,75
2021-yil aprel 17250,64 2,38 2920,0 169,27 1,5 −0,88
2021-yil may 17362,04 0,65 3108,1 179,01 0,5 −0,15
2021-yil iyun 18078,36 4,13 3168,8 175,28 −0,2 −4,33
2021-yil iyul 18202,29 0,69 3041,2 167,08 −0,2 −0,89
2021-yil avgust 18462,86 1,43 3085,8 167,14 0,5 −0,93
2021-yil sentabr 18654,57 1,04 3211,9 172,18 1,1 0,06
2021-yil oktabr 18742,86 0,47 3322,9 177,29 1,3 0,83
2021-yil noyabr 18828,57 0,46 3365,8 178,76 1,2 0,74
2021-yil dekabr 18852,21 0,01 3882,5 205,94 1,3 1,29
2022-yil yanvar 18807,14 −0,02 3223,5 171,40 0,9 0,92
2022-yil fevral 18921,43 0,61 3354,4 177,28 0,5 −0,11
2022-yil mart 18957,14 0,19 3703,5 195,36 1,5 1,31
2022-yil aprel 19228,57 1,43 3596,1 187,02 1,5 0,07
2022-yil may 19507,14 1,45 3565,2 182,76 1,0 −0,45
2022-yil iyun 19642,86 0,71 3910,6 199,08 0,9 0,19

* — koʻrsatilgan oylar boʻyicha o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi mavjud boʻlmaganligi sababli, choraklik maʼlumotlardan foydalanildi

Jadvaldan koʻrish mumkinki, oxirgi 30 oy ichida Oʻzbekiston fuqarolarining real ish haqi miqdori oshgan. Lekin palov indeksining oylar boʻyicha oʻzgarish sur’ati isteʼmol narxlari indeksi oʻsish sur’atidan 75 foizga koʻproqdir (18,97 va 10,84).

Oʻxshash indekslar

tahrir

Hozirda shaxsiy inflyatsiya va xarid qilish qobiliyati paritetini hisoblash uchun eng mashhur va ishonchli indeks Big Mac indeksi hisoblanadi. McDonald's dunyoning 100 dan ortiq davlatlarida mavjudligi sababli, valyutalar kursiga nisbatan real almashinuv kursini aniqlashga imkon beradi. Rossiyada esa, shaxsiy inflyatsiyani hisoblashda keng isteʼmol qilinuvchi taomlar boʻyicha „Olivye indeksi“ va „Borsh indeksi“ hisoblab chiqiladi. Lekin palov indeksidan farqli ravishda, sotiluvchi tayyor taom emas, ularga sarf etiluvchi tovarlar narxi hisoblab chiqiladi[13][14].

Tanqid

tahrir

Oʻzbekistondagi palov indeksi

tahrir

"Borsh indeksi" va „Olivye indeksi“dan farqli ravishda palov indeksini hisoblashda oʻrtacha ish haqini palov narxiga boʻlgan nisbati keltirilmaydi. Bundan tashqari, rasmiy statistika va soliq tashkiloti orasidagi maʼlumotlarda farq bor. Yaʼni, Davlat soliq qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, oʻrtacha ish haqi naq 27 % ga kamroq[15]. Budan tashqari yagona narxlarga ega Big Mac indeksidan farqli ravishda maʼlum hududlarning oʻzidagi osh markazlarida narx turli xil boʻladi. Statistik tanlanmada markazlardagi katta osh markazlarini olinishi, "masshtab samarasi" tufayli narxni tushirgan (yoki tannarxni arzonlashtira olgan) osh markazlarinigina koʻrsatadi[16].

Turkmanistondagi palov indeksi

tahrir

Turkmanistondagi palov indeksi rasmiy boʻlmagan, mustaqil OAV hisobidan yuritilganligi, mahalliy aholi tomonidan yuboriluvchi maʼlumotlar kamligi tufayli, aniq palov indeksi maʼlum miqdorda farq qilishi mumkin. Rasmiy isteʼmol narxlari indeksi maʼlumotlari mavjud emasligi va boshqa sabablar[17][18] tufayli palov narxidagi vaqtinchalik va mavsumiy oʻzgarishlar kattaroq sonda boʻlishi mumkin.

Manbalar

tahrir