Paranji (arab, faraji — keng koʻylak) — koʻpchilik musulmon ayollarining yopinchigʻi; chachvon bilan birga ansambl hosil qilgan. Ayollar gavdasini boshidan oyoq yashirib turishga xizmat qiladi. Bichimi keng toʻn shaklida boʻlib, yelkadan pastga tomon torayib boruvchi uzun bandagi (yengi) etakka yaqin joyda bir-biriga chatib birlashtiriladi. Ayol yuzini chachvon toʻsib turadi. Avra-astarli kilib tikiladi. Avrasi baxmal kimxob, banoras, olacha va boshqa matolardan tikilib, chetlari kashta tikib, kashtali jiyaklar tutib bezatiladi, astari chit, satindan tayyorlanadi hamda chetlariga zangori, pushti yoki sidirgʻa shoyidan adip qilinadi. Paranjining ikki yoniga (choʻntak oʻrniga) tik tushgan (25 sm uzunlikda) 2 ta jiyak tutashtirib chatiladi, jiyaklar uchidan popukchalar chiqarilgan, baʼzan qoʻngʻiroqchalar osilgan.

Oʻzbek paranjisi.

Paranjining oʻtmishdoshi faraji ham erkaklar, ham ayollarning yengil keng ustki kiyimi boʻlgan. Qadimgi Misrda paydo bulgan va boshqa Sharq mamlakatlariga tarqalgan. Markaziy Osiyoda XVI asrda ilm ahlining ustki kiyimi hisoblangan. XVI asrdan ayolni begona koʻzlardan yashiruvchi yopinchigʻiga, uzun yenglari bezak qismiga aylangan. Paranji yopinish islom shariatiga mos kelgan. XX asrdagi ijtimoiy oʻzgarishlar jarayonida (ayniqsa, 1930-yillardan boshlangan „Hujum“ harakati va boshqa tufayli) paranji deyarli urfdan qolgan.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil