Poʻlatjon Sultonov
Bu maqolada manbalar <ref></ref> teglariga olinmagan yoki umuman koʻrsatilmagan. |
Sultonov Poʻlatjon Salimovich (tugʻ. 1958-yil, Namangan viloyati, Oʻzbekiston SSR) – geolog olim, geologiya-mineralogiya fanlari nomzodi (1991), dotsent (1999), geologiya-mineralogiya fanlari doktori (2017), professor (2020).
Tarjimai holi
tahrirPoʻlatjon Sultonov 1958-yilning 9-may sanasida Namangan viloyati, Chust tumani Olmos qishlogʻida tugʻilgan. 1980-yilda Toshkent Davlat universiteti (xozirgi Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti) geologiya fakul’tetining muhandis-geokimyogar mutaxassiligi boʻyicha tamomlagan. 1980–1986-yillarda Toshkent davlat universitetining geologiya fakul’teti Litologiya kafedrasi tasarrufidagi „Shoʻkindi jinslar formatsiyasi va rudagenezi“ laboratoriyasida muhandis, 1986–1987-yillarda Kompleks geologiya qidiruv ekspeditsiyasining Sharkasar partiyasida geolog, 1987-1990-yillarda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi geologiya va geofizika institutining kunduzgi boʻlimda aspirant, 1990–1992-yillarda shu institutda kichik ilmiy xodim, 1992-1993-yillarda Toshkent Davlat universitetining „Litologiya“ kafedrasi katta oʻqituvchi lavozimlarida ishlagan. 1991-yilda „Janubiy Farg'ona paleogen davriga xos paligorskitli gillarining litologo-fatsial hususiyatlari va ulardan foydalanish imkoniyatlari“ mavzusida geologiya-mineralogiya fanlari boʻyicha nomzodlik dissertatsiyasini yoqlagan. 1993-1998-yillarda Namangan sanoat-texnologiya institutining (xozirgi Namangan muhandislik-qurilish instituti) „Ekologiya va mehnat muhofazasi“ kafedrasida katta oʻqituvchi, 1998–1999-yillarda „Ekologiya va kimyo“ kafedrasi mudiri, 1999–2004-yillarda „Atrof muhitni muhofaza qilish kafedrasi“ mudiri, 2004-2006-yillarda Texnologiya fakul’teti dekani, 2006–2007-yillarda „Ekologiya va mehnat muhofazasi“ kafedrasi mudiri, 2007–2010-yillarda – „maxsus sirtqi“ boʻlim boshligʻi, 2010–2013-yillarda kasb-hunar kollejlari va akademik litseylar boʻyicha prorektor lavozimlarida ishlagan. 1999-yilda dotsent ilmiy unvonini olgan. 2013–2015-yillarda Oʻzbekiston Milliy universitetining [geologiya] fakul’teti, geologiya kafedrasida dotsenti lavozimiga ishga taklif qilingan. 2015-2017-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Geologiya va geofizika instituti katta ilmiy xodim-izlanuvchisi(doktoranti), 2017-2018-yillarda shu institutda „Litologiya va choʻkindi jinslar tahlili“ laboratoriyasining yetakchi ilmiy xodim sifatida faoliyat olib borgan. 2018-yilda „Fargʻona botiqligi paleogen yotqiziqlarining fatsial-paleogeografik hususiyatlari va ular bilan bogʻliq foydali qazilmalar“ mavzusida doktorlik dissertatsiyasini (DSc)yoqlagan va geologiya-mineralogiya fanlari doktori ilmiy darajasini olgan. 2018–2020-yillarda Oʻzbekiston Milliy universitetining geologiya va geoinformatsion tizimlar fakulteti, geologiya kafedrasi professori vazifasini bajaruvchi lavozimida ishlagan. 2020-yildan yangi tashkil etilgan Geologiya fanlari universitetining Neft va gaz konlari geologiyasi fakul’teti dekani lavozimida faoliyat olib borgan. 2020-yilda professor ilmiy unvoniga sazovor boʻlgan. P. S. Sultonov 120 dan ortiq ilmiy maqolalar, bir qator ilmiy tadqiqot hisobotlari, 2 ta monografiya, 2 ta darslik, 8 ta oʻquv qoʻllama va oʻnlab uslubiy koʻrsatmalar muallifi.[1]
Mukofotlari
tahrirOʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi koʻkrak nishoni va Doʻstlik ordeni sohibi[1].
Manbalar
tahrir- ↑ 1,0 1,1 1,2 „Shavkat Mirziyoyev O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan bir guruh soha xodimlarini mukofotladi“. daryo.uz. daryo.uz (2021-yil 29-sentyabr). Qaraldi: 5-aprel 2024-yil.