Pushtagli lola
Pushtagli lola (lotincha: Tulipa carinata) — loladoshlar oilasi, lola turkumiga mansub bir urugʻpallali, koʻp yillik oʻt oʻsimlik. Oʻzbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kamyob, endemik tur sifatida kiritilgan. Birinchi marta rus botanigi Aleksey Ivanovich Vvedenskiy tomonidan tasvirlangan. Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari, Koʻhitang, Boysun togʻlari, Hisor tizmasi va Sangardak daryosining havzalarida uchraydi[1].
Pushtagli lola | |
---|---|
Ilmiy tasniflash | |
Olam: | Eukariotlar |
Tip: | Gulli oʻsimliklar |
Sinf: | Bir urugʻpallalilar |
Turkum: | Lola |
Oila: | Loladoshlar |
Binar nomi | |
Tulipa carinata |
Tavsifi
tahrirBalandligi 15-50 sm boʻlgan, koʻp yillik, piyozchali oʻsimlik. Piyozboshisi tuxumsimon shaklda, diametri 1,5-4 sm, tashqi qobigʻi qora-qoʻngʻir rangli, ichki tomoni qalin tuk bilan qoplangan. Barglari 3-4 ta, bandsiz, yuqoriga yoʻnalgan, pastki qismi poyani oʻrab turadi, lansetsimon, baʼzida ellipssimon shaklda. Guli ikki jinsli, choʻziq, yakka, gultojibarglari pushti yoki qizil rangda. Gulining tubi och yoki toʻq sariq tusda. Changchi iplari qora, changdonlari qizil, baʼzan, qora rangda. Hasharotlar yordamida changlanadi. Gullari xushboʻy hidga ega. May-iyun oylarida gullab mevasi iyul-avgust oylarida pishib yetiladi. Mevasi — yashil yoki qoʻngʻir rangli koʻsak meva. Urug‘i va piyozchasidan koʻpayadi[2].
Tarqalishi va oʻsish sharoiti
tahrirTabiatda yakka-yakka holatda uchraydi. Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlari Koʻhitang, Boysun togʻlari, Hisor tizmasi, Sangardak daryosi havzalarida tarqalgan. Togʻning oʻrta qismidagi toshli va mayda zarrali tuproqlarda oʻsadi. Gullarining terib olinishi va piyozchalarini kavlanishi natijasida areali qisqarib ketgan. 1996—yildan buyon Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Botanika bogʻida ekib oʻstirilmoqda[3].
Manbalar
tahrir- ↑ „Тюльпан килеватый - Tulipa carinata - Описание таксона - Плантариум“. 2015-yil 12-mayda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2015-yil 28-aprel.
- ↑ „Виды тюлпанов“.
- ↑ O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobi I jild, 2019.