Rahima Islomova (1917—1983) — sovet va oʻzbek siyosat arbobi, Sotsialistik Mehnat Qahramoni. Krupskaya nomidagi kolxoz raisi.

Rahima Islomova
Shaxsiy maʼlumotlari
Tavalludi 1917-yil
Vafoti 1983-yil
Fuqaroligi SSSR bayrogʻi SSSR
Millati oʻzbek
Kasbi
  • siyosatchi ayol

Hayoti va mehnat faoliyati

tahrir

Rahima Islomova Kattaqoʻrgʻon tumaniga qarashli Alijon qishlogʻida Jonboʻri va Oytoʻla aya xonadonida toʻngʻich farzand boʻlib dunyoga kelgan. Bu xonadon biroz kambagʻal dehqon oilasi hisoblangan. U juda aqlli, intiluvchan qiz boʻlib, maktabda oʻta tirishqoqligi bilan ajralib turardi. Shoʻro maktabi dasturiga uning bola qalbi allaqachon toʻlgan edi va u bu yoʻldagi fidoyilardan biri boʻlishni oʻzi uchun sharaf deb hisoblardi. Unga buyurilgan har bir vazifani qalbidagi joʻshqin ishtiyoq bilan sidqidildan bajaradigan bu qiz 1929-yil, maktabni tugatish oldidan komsomol safiga qabul qilinadi.

1930-yilda otasidan ayrilgan yoshgina Rahimaning boshiga butun oila roʻzgʻor tashvishi tushib qoladi. Soʻng oʻsha yildan to 1936-yilgacha oʻzi yashab turgan kolxozda kotiba sifatida bor gʻayrati bilan faoliyat yuritadi. Yosh va joʻshib turgan qalbi bilan deyarli har bir tadbirda faol qatnashib keladi. Shoʻro tuzumini koʻklarga koʻtarib, uni doim madh etadi. 1936-yilda olti oylik rahbar kadrlar tayyorlash kursini tamomlab, 1937-yildan yanvar oyidan Mitan tumani yoshlar uyushmasi qoʻmitasi kotibi oʻrinbosari vazifasida ish olib boradi. Shu yilning iyul oyida Toshkentda boʻlib oʻtgan komsomol qurultoyida ishtirok etadi. Bu qurultoyda Rahima OʻzSSR komsomol tashkilotining kotibi Isroil Ortiqov bilan uchrashuvida unga oʻz tumandosh yoshlarning istak va xohishlarini aytib oʻtadi hamda mavjud muammolarga yechim oʻlaroq keltirgan takliflarini oʻrtaga tashlab muhokama qiladi. Shundan soʻng I.Ortiqov Mitan tumani partiya qoʻmitasining birinchi kotibi Jumaniyoz Matniyozov bilan bogʻlanib, undan Rahima Islomova va tuman yoshlariga imkon qadar yordam berishini soʻraydi.

1937-yilning 7-avgustida Rahima Islomova Mitan tumani komsomol qoʻmitasi kotibasi sifatida ish boshlaydi. Qisqa vaqt mobaynida yoshlarni bir maqsad yoʻlida birlashtira olgan Rahima mehnatkash yoshlarning turmush sharoitini oʻzgarishida katta tashabbuslar koʻrsatib ulguradi. Shu jumladan, yoshlarning taʼlim olish masalalari, maktab va maorif tizimini yuksalishida jonbozlik koʻrsatadi[1].

Ayblov va qiynoqlar

tahrir

1938-yil 28-yanvarda millatchilar tashkilotining aʼzosi degan gumon bilan Samarqand NKVDsi tomonidan Rahima Islomovani OʻzSSR Jinoyat Kodeksining 57-1, 67-moddalari bilan ayblangan holda qamoqqa olishadi. Shaxsiy anketasiga koʻra, oʻsha paytda Rahimaning oila aʼzolari 67 yoshli onasi Oytoʻla aya, 16 yoshli ukasi Bozor, 14 yoshli Normurod va 10 yoshli singlisi Fozilani tashkil qilar edi. Rahimaning uyidan uning ortidan qon yigʻlagancha qolgan keksa onasi va ukalaridan boshqa hech bir shubxali buyum topilmaydi.

Rahima Islomova 1938-yil 4-fevral kuni boʻlib oʻtgan ilk soʻroq vaqtida IIXK Mitan tumani boʻlimi boshligʻi Fedyayevning kim seni bu aksilinqilobiy tashkilotga tortdi, deya bergan savoliga va qoʻygan aybloviga chiday olmasadan yigʻlab yuboradi. Soʻngra Mitan hududida bu kabi hech qanday tashkilot umuman boʻlmaganligi hamda oʻziga qoʻyilayotgan ayblovlarning barchasi uydirma ekanligini aytadi. 1938-yil 8-fevral kuni Mitan tumani ijroqoʻmi Rahima Islomovanining ishini qayta koʻrib chiqib, uning bu ishda 5 nafar shaxsni aksilinqilobiy tashkilotga jalb qilganlikda ayblanuvchi „xalq dushmani“ deb atab, komsomoldagi aʼzoligidan mahrum qilishadi.

1938-yil 1-oktabrgacha Rahima Samarqand qamoqxonasida saqlangan. Keyinchalik Toshkentga keltirilib, undan faqatgina aybini boʻyniga olishini talab qiladilar. Biroq Rahima haqiqat qaror topishidan umid qiladi va nohaq ayblovlarni tan olmaydi.

1938-yil 15-oktabr sanasida „uchlik“ yigʻiniga qayta chaqiruv boʻladi. Boshdan kechirganlarini barchasini soʻzlab, haqiqat talab qilib turgan Rahimani hech kim eshitmaydi ham. Hech qancha vaqt oʻtmay hay’at uning mol-mulkini musodara qilinishi hamda qizning oʻzi OʻzSSR va Jinoyat Kodeksining 64-67-moddalari bilan ayblanib, 8 yilga mehnat tuzatish lageriga hukm etilishi haqidagi qaror oʻqib eshittiriladi.

Rahimaning jazoni oʻtash joyi Arxangelsk viloyati Kostlas shahri boʻlib, u oʻsha yerda ham jonbozlik koʻrsatishi bilan faollar qatoridan oʻrin olishga muvaffaq boʻladi. Navbatdagi ikki yil mobaynida ham lagerning faxriylar taxstasidan joy oladi. Ayni fursatdan foydalanib, vaqt topildi deguncha u shoʻro hukumatining turli rahbar idoralariga shikoyat xati bilan 18 matrotaba murojaat qiladi. Afsuski, bu xatlarning hech biri kerakli manzilga yetib borish u yoqda tursin, hatto eshikdan ham chiqarilmaydi.

1941-yil 17-may kuni Rahima yana SSSR OLiy Sovetiga ariza bilan murojaat qiladi. Rus tilini bilmaganligi sababli xatni 1941-yil 7-iyunda Churagulovning yordamidagi tarjima bilan kerakli manzilga yoʻllaydi. U bu xatdagi murojaatini „sud menga butkul nohaqlik qildi“ deya boshlaydi. Soʻngra boshidan oʻtgan barcha qiyinchilik va tuhmatlarni yozadi. Xatda oʻz fikrini umumiylashtirgan holda Rahima shunday deydi:

Men mutlaqo aybsizman, menda gunoh yoʻq. Ayblov boshida 19 yosh edim, hozir esa 23 yoshdaman. Demak, mana 3 yil-u 4 oydirki qamoqdaman. U yoqda ukalarim yetim qolib ketgan. Tushuning, axir men Oʻrta Osiyolikman, shimol sovugʻi meni sogʻligʻimdan ayirmoqda. Navqiron yoshligim bu kabi tuhmatlar ichida qoldi. Iltimos, meni bunday zulmat lageridan ozod etinglar va hukmni bekor qiling.

Joriy ariza asosida Islomova Rahima ishi ham qayta koʻrib chiqish uchun topshiriladi. Prokurorning 1942-yil avgust oyidagi protesti asosida 1942-yil 18-noyabr kuni ozodlikka chiqishga muvaffaq boʻldi. Soʻngra Nadejda Krupskaya nomidagi kolxozda 29 yil davomida rais lavozimida ham faoliyat yurita oldi[2].

Oʻlimi

tahrir

Rahima Islomova 1983-yil 16-fevralda tergov va qamoqda boshdan kechirgan ogʻir qiyinchiliklari taʼsirida olamdan oʻtgan.

Manbalar

tahrir
  1. Ahmad, Sirojiddin. Qizil mustamlaka: e'lon qilinmagan urush Katta qirg'in qomusi (1929-1950). Toshkent: Info Captal Books, 2022-yil — 635-bet. ISBN 978-9943-5789-3-7. 
  2. „Alam va nadomatlar ichra yigʻlagan yoshlik bahori“. yuz.uz. Qaraldi: 15-may 2024-yil.