Reabilitatsiya (huquq)
Reabilitatsiya — huquqni muhofaza qiluvchi davlat organlari tomonidan jinoyat sodir etishda asossiz gumon qilingan yoxud ayblangan shaxs shaʼni va qadr qimmatining tiklanishi. Reabilitatsiya inson huquqlarini kafolatlashning oʻziga xos turi.
Reabilitatsiya huquqiy davlat, adolatli fuqaroviy jamiyat qurishning muhim shartlaridan hisoblanadi. Oʻzbekiston Respublikasida shaxsning huquq va qonuniy manfaatlari Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, shuningdek, xalqaro hujjatlar bilan muhofaza qilinadi va kafolatlanadi. 1930—1940-yillardagi qatagʻon qurbonlarining xotirasini abadiylashtirishda hamda ularning shaʼni va qadr-qimmatini tiklashga qaratilgan normativ hujjatlarda Reabilitatsiya qoʻllash nazarda tutilgan. Shuningdek, shoʻrolar davrida mamlakatning olis joylariga majburiy ravishda koʻchirilgan xalqlar va ayrim fuqarolar ham reabilitatsiya qilindi. Reabilitatsiya qilingan shaxsga nisbatan gʻayriqonuniy protsessual majburlov choralari qoʻllangan, chunonchi ushlab turilgan, qamoqda saqlangan, egallab turgan lavozimidan chetlashtirilgan, tibbiy muassasaga joylashtirilgan boʻlsa, unga yetkazilgan moddiy va maʼnaviy ziyon qoplanishi, uning barcha huquqlari tiklanishi shart.
Reabilitatsiya toʻla yoki qisman reabilitatsiya koʻrinishida boʻladi. Javobgarlikdan batamom ozod qilingan aybsiz shaxs toʻla reabilitatsiya qilingan hisoblanadi. Agar shaxs qamoqda saqlab turilganiga qaraganda kamroq muddatga ozodlikdan mahrum etilgan yoki qamoq bilan bogʻliq boʻlmagan jazoga hukm qilingan, ayblov qisman chiqarib tashlangan, yuqori sud ozodlikdan mahrum qilish muddatini oʻtalgan qismidan ham kamaytirilgan yoxud yengilroq jazo turi bilan almashtirgan, jinoiy jazo tayinlamay hukm chiqargan boʻlsa, u qisman R. qilingan boʻladi. Toʻla yoki qisman reabilitatsiya etilgan shaxsga ziyon tegishlicha toʻla hajmda yoxud qisman qoplanishi lozim. Reabilitatsiya qilinganni lavozimiga tiklash, ishlashdan mahrum boʻlgan vaqtini mehnat va ixtisoslik stajiga qoʻshish, oʻquv yurtida oʻqish va uyjoydan foydalanish huquqlarini tiklash tartibi bor. Shaxs ushlab turilgani, qamalgani, lavozimidan chetlashtirilgani, tibbiy muassasaga joylashtirilgani haqidagi maʼlumotlar ommaviy axborot vositalari orqali tarqatilgan boʻlsa, u reabilitatsiya qilingani haqida oʻsha ommaviy axborot vositalarida xabar berilishi shart. Reabilitatsiya etilgan shaxs vafot etgan taqdirda unga yetkazilgan moddiy ziyon uning merosxoʻrlari va oila aʼzolari foydasiga undiriladi. Ziyonning miqdorini sud belgilaydi. Mulkiy ziyon toʻlanishini manfaatdor shaxslar tergovchi, prokuror yoki suddan 2 yil mobaynida, boshqa huquqlarni tiklashni 1 yil mobaynida talab qilishlari mumkin (Oʻzbekiston Respublikasi JPK, 301 — 313moddalar).
Gʻafur Abdumajidov.[1]
Manbalar
tahrir
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |