Regeneratsiya
Regeneratsiya (lotincha: regeneratio qayta tiklanish) (biologiyada) — organizmning yoʻqotgan yoki jarohatlangan organlar va toʻqimalarni tiklash xususiyati, shuningdek, uning ayrim qismlaridan bir butun organizmning tiklanishi (somatik embriogenez, vegetativ koʻpayish). Regeneratsiya terminini fransuz tabiatshunosi R.Reomyur 1712-yilda fanga kiritgan.
Odam va hayvonlarda regeneratsiya reparativ (olib tashlangan yoki nobud boʻlgan tuzilmalar oʻrniga yangisining hosil bo'lishi) va fiziologik (qarigan toʻqimalar o'rniga yangisining hosil boʻlishi) boʻladi. Fiziologik regeneratsiya koʻproq uchraydi (masalan, sut emizuvchilarda qon va ayrim epiteliy hujayralarining yangilanib turishi).
Hayvonlardagi regeneratsiya turlari
tahrirRegeneratsiya turli hayvonlarda turlicha rivojlangan. Koʻpchilik tuban umurtqasiz hayvonlar (gʻovak tanlilar, boʻshliqichlilar)da tananing kichik parchasidan yaxlit organizm rivojlanishi mumkin. Tuban umurtqalilar (suvda va quruqlikda yashovchilar, sudralib yuruvchilar), shuningdek, bir qancha yuksak umurtqasizlar (halqali chuvalchanglar, qisqichbaqasimonlar, ignaterililar)da koʻz qismlari, dum, ichak va toʻqimalar, odam va sut emizuvchilarda esa faqat ayrim toʻqimalar tiklanadi. Sharoit oʻzgarganida geteromorfoz kelib chiqishi mumkin. Regeneratsiya mexanizmlarini hujayraviy manbalar, hujayralararo va toʻqimalararo taʼsirlar, gormonlar va biologik faol moddalar taʼsiri, nerv va immun sistemalari, shuningdek, genetik omillar orqali tushuntirish mumkin. Har xil organlar va toʻqimalar regeneratsiyasida kam ixtisoslashgan (koʻpchilik hayvonlarda) va ixtisoslashgan (tuban umurtqalilarda) hujayralar ishtirok etadi. Masalan, odam va hayvonlarda suyak toʻqimasi regeneratsiyasi osteogen (suyak hosil qiluvchi), muskul toʻqimasi regeneratsiyasi yoʻldosh (satellit) hujayralar bilan bogʻliq. Organizmning yoshi, moddalar almashinuvining intensivligi, endokrin va nerv sistemasi holati, kasalliklar regeneratsiyani kuchaytirishi yoki sekinlashtirishi tufayli patologik regenratsiya roʻy berishi mumkin. Bunda jarohat uzoq vaqt bitmaydi.
Oʻsimliklardagi regenratsiya turlari
tahrirOʻsimliklarda regenratsiya yoʻqotilgan qismining oʻrnida (poyaning jarohatlangan joyi gʻudda (kallyus) bilan qoplanadi) yoki boshqa joyda kuzatilishi mumkin. Masalan uchki novda kesilganida yon novdalarning oʻsishi tezlashadi, kuzda toʻkilgan barglar oʻrniga bahorda yangi barglar hosil boʻladi. Lekin koʻpincha regeneratsiya biron kuch taʼsirida uzib olingan qismning tiklanishi tarzida tushuniladi.
Tabiatda ildiz, ildizmeva, poya, barg bachkilari, alohidalangan hujayralar, protoplastlar, ayrim suvoʻtlarda koʻp yadroli protoplazmasining ayrim qismlari regeneratsiyasi keng tarqalgan. regeneratsiyaning yoʻqotilgan organlarning qayta tiklanishi va vegetativ koʻpayishiga biologik moslanish sifati oʻsimlikshunoslikda, bogʻdorchilik, oʻrmonchilik va gulchilikda katta ahamiyatga ega. [1]
✓
tahrirManbalar
tahrirBu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |