Revmatologiya (revmatizm va ...logiya) — klinik tibbiyot boʻlimi. R. revmatik kasalliklarni: biriktiruvchi toʻqimalarning sistemali kasalliklari (revmatizm, sistemali qizil volchanka, sistemali sklerodermiya, dermatomiozit va tugunchali periarteriit), artritlar (revmatoid va boshqalar), osteoartrozlarni oʻrganadi. Revmatologik kasalliklar 120 dan ortiq nozologik shakllarni oʻz ichiga oladi. R. masalalari bilan klinitsistlar, morfologlar, immunolog va biokimyogarlar, fiziologlar, radiologlar va boshqa shugʻullanadi. R. nefrologiya, kardiologiya, gematologiya, pulmonologiya va tibbiyotning boshqa boʻlimlari bilan chambarchas bogʻliq.

Boʻgʻimlarning (revmatik) yalligʻlanishini dastlab Gippokrat tavsifladi. "Revmatizm" terminini tibbiyotga birinchi bor 2-asrda Galen kiritdi. 19-asrga kelib revmatizm harakat organlarining boshqa kasalliklaridan ajratib oʻrganila boshlandi. 19-asrning 30-yillarida zamonaviy R.ning asoschilari — fransuz olimi J.B.Buyo va rus olimi G.I.Sokolskiy boʻgʻimlar yalligʻlanishi bilan yurak zararlanishi oʻrtasidagi oʻzaro bogʻlikdikni aniqladilar (shuning uchun revmatizm BuyoSokolskiy kasalligi deb ham ataladi). S.P.Botkin revmatizmning infeksiyaga aloqadorligini ochib berdi.

Oʻzbekistonda 30-yillardan revmatizmga qarshi davo choralari koʻrilyshi munosabati bilan R. mustaqil ilmiyamaliy fan sifatida shakllandi. Bunda terapevt professorlar M.I. Slonim, Z.I.Umidova va boshqalarning. hissasi katta. Revmatizm, boʻgʻim va biriktiruvchi toʻqima kasalliklari muammolari bilan akademik R.A.Katsenovich, I.A.Mirzoyan, S.N.Yoʻldosheva, N.R.Nuriddinov, X.I.Yanbayeva, T.S.Soliyev va boshqa shugʻullanadi. Revmatoidli artrit, bodniig tarqalishi, rivojlanishi, klinik kechishi oʻrganildi (R.A.Qoraboyeva), revmatik kasalliklarda immun holat ustida tadqiqot olib borildi.

Keyingi yillarda yirik davolash va ilmiy muassasalar negizida tashkil etilgan ixtisoslashtirilgan ambulatoriya davolash kursi markazlarining kengaytirilishi revmatoidli artrit, shakl buzuvchi osteoartroz, podagra, ankilozlovchi spondiloartrit (Bexterev kasalligi) kabi kasalliklar ustida tadqiqot ishlarini rivojlantirishga imkon berdi.

Aholi oʻrtasida revmatizmning tarqalishini kamaytirish, ayniqsa, bolalar va oʻsmirlarda yuraktomir sistemasini zararlaydigan revmatik kasalliklarning oldini olish, bemorlarni har tomonlama tekshirish, kasallikni tez aniqlash va ularga tibbiy yordam koʻrsatish ishini tobora yaxshilash, R. markazlarini kengaytira borish, davolash usullarini takomillashtirish R.ning hozirgi dolzarb vazifalariga kiradi.

Toʻxtasin Soliyev.[1]

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil