Rubob binti al-Qays (arabcha: رُبَاب بِنْت ٱمْرِئ ٱلْقَيْس) – uchinchi shia imomi Husayn ibn Alining birinchi xotini. Bir necha yillik farzandszlikdan soʻng Husaynga Sakina va Abdulloh ismli ikki farzand tugʻib bergan. 680-yilda boʻlib oʻtgan Karbalo jangida Rubob oʻsha yerda boʻlgan va u yerda Umaviylar xalifasi Yazid I (hukmronligi: 680–683) qoʻshinlari tomonidan eri va uning tarafdorlarining qirgʻin qilinganiga guvoh boʻlgan. Oʻsha paytda Rubobning hali yosh bola yoki goʻdak boʻlgan oʻgʻli Ali al-Asgʻar ham oʻldirilgan. Ayollar va bolalar, jumladan, Rubob ham Kufaga, soʻngra poytaxt shahar Damashqqa olib ketilgan, u erda koʻchalarda xalqqa asir sifatida namoyish etilgan va keyin qamoqqa olingan. Oradan biroz vaqt oʻtgach, qoʻyib yuborilib, oʻz ona shahri Madinaga qaytarilgan. Rubob Husayndan keyin turmushga chiqishdan bosh tortgan va bir yildan soʻng Madinada vafot etgan. Unga Husayn xotirasiga bagʻishlangan bir qancha elegiyalar yozilgan.

Rubob binti Imru al-Qays
Vafoti hijriy 62-yil (milodiy 681–682)
Madina
Turmush oʻrtogʻi Husayn ibn Ali
Bolalari

Sakina binti Husayn (vafoti: 735)

Abdulloh (vafoti: 680)
(shuningdek, Ali al-Asgʻar ibn Husayn ham deyiladi)
Otasi Imru al-Qays

Nikohi

tahrir

Rubob Banu Kalb qabilasi boshligʻi Imru al-Qays ibn Adiyning qizi boʻlgan. Imru Madinaga Umar (h. 634–644) xalifaligi davrining boshlanishida kelgan. Banu Kalb qabilasini ham oʻz ichiga olgan qabilalar ittifoqi boʻlmish Qudaʼa islomni yangi qabul qilganlar ustidan hokimiyatga ega boʻlgan[1]. Oʻsha tashrifi chogʻida unga Islom paygʻambari Muhammadning (vafoti: 632) kuyovi Ali tomonidan oʻrtada nikoh aloqalarini oʻrnatish taklifi berilgan. U qizlaridan birini Aliga, yana ikki nafarini uning oʻgʻillari Hasan (vafoti: 670) va Husayn ibn Aliga (vafoti: 680) turmushga berishga vaʼda qilgan[1]. Ikki aka-ukadan faqat Husayngina Imruning qizi Rubobga uylangan. Ularning nikohi Ali (h. 656–661) xalifaligining soʻnggi yillarida boʻlgan[1]. Bir necha yil farzand koʻrolmagan Rubob dastlab qizi Sakinani dunyoga keltirgan. Sakina Husaynning toʻngʻich qizi boʻlishi mumkin[1]. Uning tugʻilgan yili va sanasi haqida aniq maʼlumotlar mavjud emas. Turli manbalarga koʻra, bu yil hijriy 47[2], 49[3] yoki 51-yil[2] (milodiy 671-yil) sifatida keltirilgan[3]. Husaynning Rubob va Sakinaga boʻlgan muhabbati haqida qisqa sheʼr ham yozilgan[1]. Keyinchalik Rubob Husayndan oʻgʻli Abdullohni[1] dunyoga keltirgan, shia manbalarida u, shuningdek, Ali al-Asgʻar nomi bilan ham mashhur[1]. Husaynning Abu Abdulloh kunyasi orqali uning oʻgʻli nazarda tutilgan boʻlishi mumkin[1].

Karbalo jangi, asirlik va oʻlim

tahrir
 
Rubobning Karbalo jangida halok boʻlgan yosh farzandi Ali al-Asgʻarni xotirlash marosimi

Husayn 680-yilda Umaviylar xalifasi Yazid ibn Muoviyaning taxtga kelishini qattiq qoralagan. Yazidning malaylari Husaynni hukmdorga bay’at qilishga majbur qilganlarida Husayn avvaliga oʻzining tugʻilgan shahri Madinadan Makkaga qochib ketgan, keyin esa oilasi va kichik bir guruh tarafdorlari hamrohligida Iroqning Kufa shahriga yoʻl olgan[4]. Sunniy tarixchisi Ibn al-Asir (vafoti: 1232–1233) oʻzining „Al-komil fi-t-ta’rix“ asarida[2] Husaynning Kufaga safari chogʻida uning yonida xotini Rubob, ikki farzandi Sakina va Abdulloh ham bor boʻlgani haqida yozgan[4].

Husaynning kichik karvonini Kufa yaqinidagi Karbalo shahrida Umaviylar qoʻshinlari tutib, qirgʻin qildilar. Dastlab ularni bir necha kun qurshab oldilar va yaqin atrofdagi Furot daryosiga tomon yoʻllarini toʻxtatib qoʻydilar[1]. Bu jangda Abdulloh ham oʻqdan yaralanib halok boʻlgan[1]. Tarixchi Abulfaraj Isfahoniyning (vafoti: 967) „Maqatil at-Talibiyyin“ asarida[5] Abdullohning oʻsha paytda hali yosh bola[1], ehtimol, goʻdak boʻlganligi haqida yozilgan. Ushbu maʼlumot ham shia qarashlaridan hisoblanadi[6]. Al-Isfahoniy va oʻn ikki imom huquqshunosi Ibn Tavusning (vafoti: 1266) soʻzlariga koʻra, Husayn jang maydoniga soʻnggi bor joʻnab ketish oldidan oilasi oldida Rubobga ayriliq soʻzlari bilan murojaat qilgan[7]. Jang Husaynning boshi kesilganidan keyin tugagan, shundan soʻng umaviy askarlari uning qarorgohini talon-taroj qilishgan[8], Husayn va uning halok boʻlgan hamrohlarining boshlarini kesib tashlashgan, keyin esa ularning kesilgan boshini xalqqa koʻrsatish uchun ularni nayzalarda koʻtarishgan[9]. Ayollar va bolalar asir olinib, Kufaga, keyinroq poytaxt shahar Damashqqa yoʻl olishgan[8]. Asirlar Damashq koʻchalaridan xalqqa namoyish qilib olib oʻtilgan[10], keyin esa nomaʼlum muddatga qamoqqa tashlangan[11]. Nihoyat, Yazid I ularni ozod qilgan va asirlar Madinaga qaytib kelgan[11]. Erining vafotidan keyin Rubob boshqa turmush qurishdan bosh tortgan[1]. Sunniy olimi Ibn Saʼdning (vafoti: 845) „At-Tabaqat al-kubra[2], shuningdek, Ibn Asokirning (vafoti: 1176) „Tarikh Dimashq[2] asarida Rubob Husaynning qabri tepasida bir yil gʻam chekkani[1], shundan keyin 681 yoki 682-yillarda Madinada vafot etgani aytilgan[12].

Manbalar

tahrir
  1. 1,00 1,01 1,02 1,03 1,04 1,05 1,06 1,07 1,08 1,09 1,10 1,11 1,12 Madelung 2004.
  2. 2,0 2,1 2,2 2,3 2,4 Reyshahri 2009.
  3. 3,0 3,1 Mernissi 1991.
  4. 4,0 4,1 Burney Abbas 2009.
  5. Tabatabai 1975.
  6. Haider 2014.
  7. Mir 2014.
  8. 8,0 8,1 Veccia Vaglieri 2012.
  9. Momen 1985.
  10. Esposito 2022.
  11. 11,0 11,1 Qutbuddin 2005.
  12. Naji & Mohammad-Zadeh 2017.