Rustam Abdurahmonov
Rustam Abdurahmonov (1905, Buxoro — ?, Toshkent) — jurnalist, tarjimon, adabiy tanqidchi. U matbuot sahifalarida Abdulla Qodiriy, Maqsud Shayxzoda va boshqa yozuvchilar ijodi haqida o‘zining vulgar-sotsiologik qarashlarini bayon etgan.
Rustam Abdurahmonov | |
---|---|
Tavalludi |
1905-yil Buxoro |
Vafoti |
sanasi ma’lum emas Toshkent |
Fuqaroligi | Buxoro amirligi, BXSR, O‘zbekiston SSR |
Sohasi | jurnalistikajurnalist, tarjimon, adabiy tanqidchi |
Ish joylari |
„Ozod Buxoro“, Lenin yo‘li“, „Ilg‘or Surxon uchun“, „Kolxoz yo‘li“, „Qizil O‘zbekiston“ gazetalari; O‘zbekiston kompartiyasi Markaziy Komiteti huzuridagi Partiya tarixi instituti. |
Taʼlimi | O‘rta Osiyo Kommunistik universitetining jurnalistika fakulteti |
Dastlabki muxbirlik faoliyati
tahrirRustam Abdurahmonov 1905-yilda G‘ijduvon tumanida dehqon oilasida tug‘ilgan. 8 yoshida novvoyga shogird tushib, 9 yil novvoylik qilgan. 1922-yili Markaziy Rossiyadan Buxoroga kelgan otliq askarlardan birining oilasi bilan tanishib, ulardan o‘qish-yozishni o‘rgangan. 1925-yilda Buxorodagi ikki yillik pedagoglar tayyorlash kursini tugatgach, o‘zi tug‘ilib o‘sgan qishloq maktabida o‘qituvchilik qila boshlagan. Shu voqeadan bir yil avval, 1924-yil kuzida, maktab sahnasida „bosmachi“larga qarshi yozilgan va amir amaldorlari masxara qilingan pyesani ko‘rgan Rustam Abdurahmonov „Eski amaldorlar yo‘qolsin!“ degan maqola yozgan va maqola „Ozod Buxoro“ gazetasida bosilib chiqqan edi. U endi o‘qituvchilik qilish bilan birga qishloq muxbiri sifatida ham qalam tebratib, „Qizil O‘zbekiston“, „Yosh leninchi“ gazetalari va „Mushtum“ jurnali sahifalarida „Ko‘rgan“, „Chumchuq“, „Darakchi“, „Xabarchi“, „Kenjatoy“ taxalluslari bilan, „Ozod Buxoro“ gazetasining „Qarmoq“ hajviy bo‘limida esa „Mulla Tayoq“ taxallusi bilan xabar, maqola, feleton va hajviy she’rlarni e’lon qiladi.
Jurnalistik faoliyati
tahrirRustam Abdurahmonov 1927-yildan boshlab „Ozod Buxoro“da ishlay boshlaydi. 1928-yilda O‘rta Osiyo Kommunistik universitetining jurnalistika fakultetiga o‘qishga kiradi. O‘qishni tugatgach, 1930—1933-yillarda „Ozod Buxoro“ gazetasi o‘rniga chiqa boshlagan „Buxoro proletari“ gazetasiga muharrir etib tayinlanadi. 1933—1941-yillarda „Lenin yo‘li“, „Ilg‘or Surxon uchun“ viloyat hamda „Kolxoz yo‘li“ va „Qizil O‘zbekiston“ respublika gazetalariga muharrirlik qiladi. Ikkinchi jahon urushi boshlanganidan so‘ng armiyaga chaqirilib, 1942-yilning noyabridan Voronej frontida o‘zbek tilida chiqa boshlagan „Vatan sharafi uchun“ gazetasiga 1946-yilgacha muharrirlik qilgan, mayor darajasigacha ko‘tarilgan[1].
Ilmiy-ijodiy faoliyati
tahrirArmiya safidan ozod qilingan Rustam Abdurahmonov 1946—1959-yillarda O‘zbekiston kompartiyasi Markaziy Komiteti huzuridagi Partiya tarixi institutida katta ilmiy xodim, tarjima sektorida ilmiy mudir, maslahatchi, direktor o‘rinbosari lavozimlarida xizmat qiladi. N.V.Gogolning „O‘lik jonlar“, L.N.Tolstoyning „Urush va tinchlik“, V.G.Belinskiyning „Gogolga xat“, B.Polevoyning „Chin inson qissasi“ asarlarini o‘zbek tiliga o‘giradi.
Rustam Abdurahmonov adabiy tanqid bilan ham shug‘ullanib, „Mafkura maydonida kurashni kuchaytiraylik“, „Uzangiga ko‘tarilgan“ („Ochilgan qo‘riq“ romanining tarjimasi to‘g‘risida) (1934), „Obid ketmon“ qissasi haqida“ (1935) kabi maqolalar yozgan. Muallif bu maqolalarida badiiy adabiyotga vulgar sotsiologizm nuqtayi nazardan yondashgan[2].
Rustam Abdurahmonov yetarli adabiy ma’lumotga ega bo‘lmagani holda keyin ham adabiyot va adabiyotshunoslik masalalari (masalan, Shayxzoda va Ahmad Yassaviy ijodlari)ga aralashib, vulgar-sotsiologik qarashlarini davom ettirgan.