Said Abdullaxon
Said Abdullaxon (1871, Xiva – 1933, Krivoy Rog, Ukraina) – Xorazm (Xiva xoni) (1918—1920), oʻzbek qoʻngʻirotlar sulolasidan. Muhammad Rahimxon II – Feruzning oʻgʻli.
Said Abdullaxon سعید عبدالله خان | |
---|---|
Xiva xoni | |
Mansab davri 1918-yil – 1920-yil | |
Oʻtmishdoshi | Asfandiyorxon |
Vorisi | Xonlik tugatilgan |
Shaxsiy maʼlumotlari | |
Tavalludi |
1871-yil Xiva, Xiva xonligi |
Vafoti |
1933-yil Krivoy Rog, Ukraina |
Otasi | Muhammad Rahimxon II |
Dini | Islom |
Said Abdullaxon 1918-yil 3-oktabrda Xorazm davlatidagi harbiy toʻntarish va uning ukasi Asfandiyorxonning oʻlimidan keyin taxtga koʻtarilgan. Said Abdullaxon 1918-yil martdan 1920-yil 2-fevralgacha hukmronlik qildi. Bu davrda Xorazm davlatining amaldagi hukmdori davlatning harbiy vaziri, yovmut qabilasidan boʻlgan turkman Junaidxon edi. Said Abdullaxon jismoniy jihatdan zaif va irodasiz boʻlib, Xiva xonligidagi barcha ishlarni amalda yasovulboshi Davlatmurod maxram orqali Junaidxon boshqargan. Junaidxon oʻz kishilari: Choriqboy (Toshhovuz), Safar Depmechi (Ilyali), Qilich Qora (Porsu), Goklan bola (Mangʻit), Anna Geldibek (Taxta), Xalil Maxsum (Urganch), Shixim Sulgʻun (Xiva)larni hokim qilib tayinlagan.
Hayoti
tahrir1917-yil 5-aprelda Asfandiyorxon manifestini eʼlon qilib, unda vakillik organi – Majlisni tuzishga vaʼda berdi. Biroq, keyinchalik vaziyat keskinlashdi va reaksion kuchlar hokimiyatni egallab oldi. Natijada Yosh xivaliklar hukumati agʻdarildi, manifestda eʼlon qilingan islohotlar bekor qilindi. Bu vaqtda turkman qabilasining boshligʻi Junaidxon Xivaga kelib, u xonlikning qurolli kuchlari qoʻmondoni etib tayinlanadi va tez orada butun hokimiyatni oʻz qoʻliga toʻplaydi.
1918-yilda Nurillaboy saroyida Junaidxonning yigitlari tomonidan amalga oshirilgan davlat toʻntarishi chogʻida Asfandiyorxon oʻldirildi va uning ukasi Said Abdullaxon (1918-1920) taxtga oʻtirdi.
1919-yil kuzida bolsheviklar yetakchilari Xiva xoni hokimiyatini agʻdarish toʻgʻrisida qaror qabul qildilar. Qizil Armiyaning yaxshi qurollangan askarlari Xorazmga yuborildi. 1920-yil fevral oyining boshlarida Junaidxon qoʻshini butunlay magʻlubiyatga uchradi[1].
Xiva xonligi qizil askarlar tomonidan bosib olingach, Said Abdullaxon taxtdan voz kechishga majbur boʻldi (1920-yil 2-fevral). Xon iltimosiga koʻra, Xivada qoldirilgan. Biroq, Xivadagi Muhammad Aminxon madrasasida qozikalon Ibrohim Oxun boshchiligida boʻlgan ulamolarning qizil askarlarga qarshi koʻtargan isyoni (1920-yil 23-iyun) dan keyin, bu isyonga hech qanday aloqasi boʻlmasa ham Said Abdullaxon va uning harami, yaqin qarindoshlari, 10 toʻra hamda Hikmatilla Oxun (qoziaskar), Obid Oxun va boshqa Xorazm Xalq Sovet Respublikasi (XXSR)dan badargʻa qilingan (1920-yil yozi).
1932-yilda Ukraina SSRda ommaviy ocharchilik (Golodomor nomi bilan tanilgan) boshlandi. 1933-yilda Said Abdullaxon kasal boʻlib, kondagi kasalxonaga yotqizilgan, u yerda unga dizenteriya tashxisi qoʻyilgan. Bir oydan keyin u uzoq davom etgan kasallik va toʻyib ovqatlanmaslikdan vafot etgan. U shaxta qabristoniga dafn etilgan[2].
Avlodlari
tahrirUkraina yozuvchisi Grigoriy Jamalovich Huseynov 1980-yillar boshida Said Abdullaxon avlodlari bilan uchrashib, Ukrainadagi xon avlodlari haqida tadqiqot olib borgan. Xususan, u Said Abdullaxonning Krivoy Rog shahrida yashovchi jiyani Abdurasul Muhammedyarovich Madiyarovdan intervyu oldi. U Ukrainadagi xon avlodlarining tarixi va hayoti haqida batafsil gapirib berdi. Grigoriy Huseynov oʻz tadqiqoti natijalarini „Xon konda qanday ishlagan“[3] inshosida bayon qilgan.
1920-yil 2-fevralda taxtdan voz kechgach, Said Abdullaxon va uning oilasi bolsheviklar tomonidan hibsga olindi. Xon va uning oilasi ustidan sud jarayoni 1920-yil 12-iyunda boshlandi. Sud hukmiga koʻra, Said Abdullaxon va uning eng yaqin erkak qarindoshlaridan 9 nafari (boshqa maʼlumotlarga koʻra 7 nafar) 3 yildan 5 yilgacha muddatga Xorazm Xalq Sovet Respublikasidan tashqariga chiqarib yuboriladi. Katta xon oilasining qolgan aʼzolari, nufuzli boʻlmagan erkaklar, ayollar, qariyalar va bolalar ulardan ajralib, respublikaning oʻzida qolib ketgan. Bundan tashqari, katta xon oilasining barcha mol-mulki, pullari, taqinchoqlari, uy-joylari, yer va mulklari musodara qilindi[4].
1926-yilda militsiyadan nafaqaga chiqqan Abdurasul surgunlar safiga qoʻshildi. U Olimpiada ismli rafiqasi bilan Krivoy Rogga kelgan va butun katta oila kon kazarmalaridan birida yashagan.
1933-yilda surgun qilinganlarning Oʻrta Osiyoga qaytishi yoki SSSRning boshqa hududlariga cheklovsiz joylashishiga ruxsat berildi. Said Abdullaxonning oʻgʻillari Rahmatulloh va Yusuf Yoqublar Toshkentga koʻchib oʻtdilar, u yerda ularning bir qancha qarindoshlari istiqomat qilishdi. Toshkentga yetib kelgach, ular Krivoy Rogga xat joʻnatib, turgan joyini maʼlum qilishdi. Said Abdullaxonning katta akasi Muhammadyor Xivaga qaytishga qaror qildi va Toshkentga yetib keldi. U yerda tilanchilik qilishga majbur boʻldi va 1936-yilda Toshkentda vafot etdi, vatani Xivaga yetib bormadi.
Surgunda
tahrirSurgun qilinganlar roʻyxatida Said Abdullaxonning oʻzi, uch oʻgʻli – Said Abdulla, Rahmatulloh va Yoqub Yusuf, ukasi – Muhammadyor, shuningdek, jiyanlari – Abdurasul, Madyor, Nosir va Ibodulla bor edi. Dastlab ular Xivadan Toshkentga olib ketilib, u yerda ikki kun ushlab turilgan, u yerdan poyezdda Samaraga joʻnatilgan. Samarada uch hafta turishgan. Samaradan ularning hammasi poyezdda Moskvaga olib ketilgan. Mahbuslar ikki hafta Oʻrda lagerida, 10 oy Andraikovskiy lagerida va ikki oy Ivanovo lagerida saqlangan. 1922-yil 12-fevralda ularning hammasi, jumladan Said Abdullaxonning oʻzi ham kutilmaganda ozodlikka chiqariladi va ish topish buyuriladi. Ular birinchi navbatda Yekaterinoslavga (hozirgi Dnepr) yuborilgan, ammo u yerda ular uchun ish yoʻq edi. Shundan keyin qoʻshni Verxovsevoga koʻchib oʻtishdi va mahalliy sovxozda ishlay boshladilar. 1924-yil iyul oyida hamma (mahalliy politsiya maktabiga oʻqishga kirgan Abdurasul Muxamadyarovichdan tashqari) Krivoy Rogga Dubovaya Balka koniga (keyinchalik „Bolsheviklar“ koni) kelishadi. Surgun qilinganlardan uch nafari konda qorovul boʻlib ishlay boshladi. Oʻsha paytda Ukrainaning markazida umumiy ishsizlik bor edi va boshqalar ish topa olmaydi. Birinchidan, ular na rus tilini, na ukrain tilini bilishgan, ikkinchidan, ularda bu mintaqa aholisiga xos boʻlgan hunarmandchilik va mahorat yoʻq edi. Xivada qolib ketgan sobiq xonning oilasi qashshoqlik chegarasidan past, ochlik va tom maʼnoda qoʻni-qoʻshnilarning sadaqa va yordamiga kun kechirayotgani, hatto kichik bolalar ham tilanchilik qila boshlagani haqida xabarlar kelib turgan. Shundan soʻng, badargʻa qilinganlar Xivaga qaytishni soʻrab, Davlat siyosiy boshqarmasiga (GPU) murojaat qilishadi. Ammo sovet hukumati „aholi qatlamlariga taʼsir qilishi mumkin“ degan sababni koʻrsatib, xon oilasining vataniga qaytishiga ruxsat bermaydi[5].
Vafoti
tahrirSaid Abdullaxon Krivoy Rogda oila qurmagan. 1932-yilda Ukraina SSRda katta ocharchilik (Golodomor nomi bilan tanilgan) boshlandi. 1933-yilda Said Abdullaxon kasal boʻlib, konda kasalxonaga yotqiziladi, u yerda dizenteriya tashxisi qoʻyiladi va bir oy oʻtgach, uzoq davom etgan kasallik va toʻyib ovqatlanmaslik natijasida vafot etadi. U shaxta qabristoniga dafn etilgan[6]. Xorazmlik adib Qoʻzi Davat Said Abdullaxon haqida „Xusumat“ (Nukus, 2001) tarixiy romanini yozgan.
Adabiyot
tahrir- Davlatyor Rahim, Shixnazar Matrasul, Feruz. Shoh va shoir qismati, 1 kitob, T., 1991
- Xudoyberganov K., Xiva xonlari shajarasi, Xiva, 1996
- Xorazm tarixi, 2j., Urganch, 1997
- Polvonniyoz Hoji Yusupov, Yosh xivaliklar tarixi (xotiralar), Urganch, 2000.
- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil.
Manbalar
tahrir- ↑ „Сўнгги Хива хони Саид Абдуллахоннинг аянчли тақдири“. Qaraldi: 7 oktyabr 2023.
- ↑ „В Киеве издадут книгу о пребывании в Украине семьи хивинского хана“ (ru). islam.in.ua. 2019-yil 31-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2019-yil 31-mart.
- ↑ „Александр Мельник. «Последний хан Хорезма из узбекской династии кунгратов (қўнғирот) — Саид Абдулла-хан»“ (ru). mytashkent.uz. 2019-yil 31-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2019-yil 31-mart.
- ↑ G. Guseynov. „Kak xan na shaxte rabotal“
- ↑ „Said Abdullaxon taxtdan voz kechganiga 100 yil bo‘ldi. Uning qismati qanday kechgandi?“ (2020-yil 12-fevral). Qaraldi: 7 oktyabr 2023.
- ↑ „Кладбище «Гвардейское».“. 2021-yil 12-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2020-yil 15-mart.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |