Sandiqli choʻli
Sandiqli choʻli — Oʻzbekistonning Qashqadaryo, Buxoro viloyatlari va Turkmanistonning Lebap viloyati hududidagi qumli choʻl. Sandiqli choʻli Qizilqumning janubiy davomi. Shimolida Qorakoʻl vohasi, shimoli-sharq va sharqda Qarshi dashti va Qashqadaryo vohasi, gʻarbda Amudaryogacha pasayib boradi. Gʻarbdan sharqqa 50—70 kilometr, shimoldan janubga 70—90 kilometrga choʻzilgan. Balandligi 200—300 metr. Yer yuzasining tuzilishi har xil, katta qismini eol relyef shakllari: qum tepalar, doʻng qumlar, qum tekisliklari, barxanlar egallagan boʻlib, ularning uzunligi, eni, balandligi turlichadir. Choʻlda tubi shoʻrxok va taqirlar bilan band tovoqsimon botiqlar, shuningdek, qir, qum massivlari, platosimon tepaliklar, quruq oʻzanlar uchraydi. Toʻrtlamchi davr qum, gil va shagʻalli yotqiziklaridan tuzilgan. Qir va tepaliklarda bur, paleogen, neogen davrlari togʻ jinslari yer yuzasiga chiqib qolgan. Amudaryoga yaqin qismida siljib yuruvchi barxanlar bor. Iqlimi keskin kontinental, iyulning oʻrtacha temperaturasi 28—31°, yanvarniki —1,4°. Yillik yogʻin 120–160 mm. Choʻlda boʻz, qoʻngʻir, taqir, qumli, shoʻrxok, och boʻz tuproklar tarqalgan. Oʻsimliklardan saksovul, quyonsuyak, qandim, shoʻra, shuvoq, efemerlar oʻsadi. Hayvonlardan kaltakesak, ilon, qumsichqon, jayron, tulki, boʻri, qoʻshoyoq, yumronqoziq va boshqalar uchraydi.
Sandiqli choʻlidan bahorgi va yozgi yaylov sifatida foydalaniladi. Gaz, neft zaxiralari va shoʻrxoklarda shifobaxsh balchiqlar bor.[1]
Manbalar
tahrirUshbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |