Sayyid Muhammad Fansurullohbek

(1872-yil, Qoʻqon — 1931-yi l, Toshkent) — shoir, siyosiy arbob

Sayyid Muhammad Fansurullohbek (1872-yil, Qoʻqon — 1931-yil, Toshkent) — shoir, siyosiy arbob. Qoʻqon xoni Xudoyorxonning kenja farzandi.

Sayyid Muhammad Fansurullohbek
Tavalludi 1872-yil
Vafoti 1931-yil
Toshkent
Turmush oʻrtogʻi To‘ra Suchukoy
Baxtibibi
Bolalari Xisrav, Humoyunxon, Podshohsohibaxon
Hojibek, Mavjudaxon, Xayrullobek
Otasi Xudoyorxon
Onasi Maʼsudaxon

Yoshligi

tahrir

Sayyid Muhammad Fansurullohbek 1872-yilda Qo‘qonda Xudoyorxon xonadonida (O‘rdada) tug‘ilgan. Uning bolaligi xonning sarsonlik va muhojirlik yillariga to‘g‘ri keladi. Nasriddinxon taxtga oʻtirgach, Xudoyorxon ikki xotini, o‘g‘illari O‘rmonbek, Fansurullohbek va Ibn Yaminbek[1] hamda xos soqchilari hamrohligida Toshkentga, fon Kaufman himoyasiga qochib keladi. Xon Orenburg tomon safarga chiqqanidan 1880-yilgacha Fansurulloh onasi bilan Turkiston shahrida yashaydi. Ularni bu shaharda qarindoshlarinikida Xudoyorxonning oʻzi qoldirgan edi.

Faoliyati

tahrir

1879-yilda Xudoyorxonning vafoti haqidagi xabar Turkistonga yetib kelgach, Fansurullohbek onasi bilan Toshkentga qaytadi. Toshkentda Zanjirli mahallasida hayot kechiradi. Fansurullohbek dastlabki maktab taʼlimini Turkistonda va Toshkentdagi eski maktabda olgan. Keyinchalik Shayxontohurdagi Eshonquli Dodxoh madrasasida tahsil olgan. Fansurullohbek madrasada aruz ilmini chuqur o‘rgangan. Sobiq xonning farzandlari orasida birgina Fansurullohbek shoir sifatida nom qozongan.

Fansurullohbekning muxammas va g‘azallari XIX asr oxiri, XX asr boshlarida tartib berilgan qo‘lyozma va toshbosma bayozlarda tez-tez koʻzga tashlangan. „Xisrav“ taxallusi bilan ijod qilgan. Chunki oʻgʻli Xisravbek Toshkentda vafot etgach, uning ismini taxallus sifatida ishlatgan. Fansurullohbek Turkiston o‘lkasida vujudga kelgan jadidchilik harakatida faol ishtirok etadi. Munavvar qori Abdurashidxonov bilan yaqin aloqada bo‘lib o‘lkadagi dastlabki gazetalardan bo‘lmish „Xurshid“, „Osiyo“, „Sur’at“, „Haqiqat“ gazetalarida o‘z maqolalari bilan ishtirok etgan.

Fansurullohbek Rossiyada sodir etilgan fevral inqilobidan keyin Turkistonni ozod qilish maqsadida tuzilgan bir qator siyosiy tashkilotlar safiga kiradi. Jadid ziyolilari bilan birga Toshkent, Andijon, Qo‘qondagi „Taraqqiyparvarlar“ firqasining shakllanishiga boshchilik qilgan. Shuningdek, o‘lkadagi xayriya jamiyatlar, siyosiy tashkilotlar tashkil etilishida faol ishtirok etgan.

Oilasi

tahrir

Fansurullohbekning otasi Xudoyorxon va onasi Maʼsudaxon(Og‘acha) bo‘lgan. Birinchi xotini To‘ra Suchukoy Kitob begi Jo‘rabek Qalandarqorining qizi. To‘ng‘ich o‘g‘li Xisrav 1926-yil 4-fevralda vafot etgan. Uning qabri Toshkentdagi Jo‘rabek dodxoh qabristonida. Humoyunxon va Podshohsohibaxon ismli qizlari hamda Hojibek ismli o‘g‘li bo‘lgan. Ikkinchi xotini Baxtibibi bo‘lib Mavjudaxon va Xayrullobek ismli farzandlari bo‘lgan. Bu ikki farzand go‘daklik chog‘idayoq vafot etgan.

Qatagʻon qilinishi

tahrir

1929-yilda avvaliga davlat siyosiy boshqarmasi tomonidan Fansurullohbekning yaqin maslakdoshi Munavvarqori hibsga olingan. 1930-yilda NKVD xodimlari tomonidan Fansurullohning oʻzi ham hibsga olingan. 1931-yilda Munavvarqori otib tashlanadi. Jismoniy jazolar, ruhiy bosimlar ostida Fansurullohbek 1931-yilda Toshkent turmasida vafot etgan. Fansurullohbekning jasadi turmada qolib ketadi va uni turma soqchilari dafn etishadi[2].

Manbalar

tahrir
  1. Haydarbek Bobobekov. Qo'qon tarixi. Toshkent, Fan, 1996 — 84-bet. ISBN 5—648-02374—X.. 
  2. G‘ayrat Yo‘ldosh „Xudoyorxonning sovetlar o‘ldirgan kenja o‘g‘li. Fansurullobekning ayanchli taqdiri (2-qism)“. kun.uz. Qaraldi: 21-iyun 2023-yil.