Sebarga (Trifolium) — dukkakdoshlarga mansub bir, ikki va koʻp yillik oʻtsimon oʻsimliklar turkumi, yemxashak ekini. 200 ga yakin turi Shimoliy yarim sharning moʼtadil, shuningdek, subtropik mintaqalarida, qisman Janubiy Amerika va Afrikada uchraydi. Qizil (T. pratense L.), pushti S. (T. hybridum), oq S. (T. repens), misr S.si (T. alexandrinun L.), eron sebarga (T. resupinatum L.) turlari dehqonchilikda keng tarqalgan. Oʻzbekistonda, asosan, qizil va misr sebargasi (bersim) ekiladi. Qizil yoki oʻtloq sebarga ikki yillik oʻtsimon oʻsimlikdir. Ildizi oʻq ildiz, 30 — 40 sm chuqurlikda joylashadi, ayrimlari 1 metrgacha boradi; ildizida 1–3 mm li tuganaklar hosil boʻladi. Poyasi tik usadi, shoxlanadi. Bargi 3 boʻlakli, chetlari tekis, bandining uzunligi 12—20 sm. Guli mayda, qizil, oq, binafsha. Gultoʻplami dumaloq, baʼzida shingilsimon. Bir toʻplamda 100—135 gul mavjud. Mevasi 3—6 urugʻli dukkak, rangi sariq, qoʻngʻir. Urugʻi sariq, binafsha; mayda, 1000 ta urugʻi vazni 1,2—2 g. Urugʻi 1— 2° haroratda unib chiqadi. 15—29° da yaxshi oʻsib rivojlanadi. Moʻtadil nam iqlimga moslashgan. Ekilganidan keyin 6—7 kunda unib chiqadi. Maysasi 65—80 kunda gullaydi, 110—120 kundan keyin urugʻi pishadi. Qizil sebargadan yuqori toʻyimli koʻkat, pichan, silos, vitaminli oʻt uni tayyorlanadi. 100 kg koʻkatida 20 ozuqa birligi, 2,7 kg oqsil, 380 g kalsiy, 70 g fosfor, 400 mg karotin; 100 kg pichanida esa 52,2 ozuqa birligi, 7,9 kg oqsil, 1200 g kalsiy, 340 g fosfor, 2500 mg karotin mavjud. S. tuproqni azot bilan boyitadi. 1 ga da 100–200 kg hisobida sof azot toʻplaydi. Bir dalada S. 2—3 yil davomida oʻstiriladi. Har oʻrimda 1—3 marta sugʻoriladi. Toʻyimli pichan, koʻkat olish uchun gullash davri boshlanishi bilan oʻrib olinadi. Oʻzbekistonda qizil S.ning Oʻzbekiston sholichilik ilmiy tadqiqot institutida UzRos (1954) va Oʻzbekiston 3 (1981) navlari chiqarilgan va barcha viloyatlar uchun rayonlashtirilgan.

Kasalliklari: antraknoz, rak, fuzarioz, askoxitoz, zang.

Zararkunandalari: uzuntumshuq, shilimshiq.

Ad.h Otaboyeva H. va boshqa, Oʻsimlikshunoslik, T., 2000.

Halima Otaboyeva.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil