„Sening isming“ (yaponcha: 君の名は。Kimi no na va.) — rejissyori Makoto Shinkai boʻlgan toʻliq metrajli anime-film. Film animatsiyasi bilan „CoMix Wave Films“ studiyasi shugʻullangan, „Toho“ kompaniyasi filmning distributori hisoblanadi. Personajlar dizayni ustida Tanaka Masayoshi ishlagan, kompozitori esa Yodziro Noda (RADWIMPS guruhidan). Premyera 3-iyul 2016-yil Los-Anjelesda oʻtkazilgan „Anime Expo 2016“ koʻrgazmasida boʻlib oʻtgan, Yaponiyada esa 26-avgust 2016-yil namoyish etilgan[1][2][3]. Shinkai tomonidan yozilgan Novelizatsiya-romani 18-iyun 2016-yilda chop etilgan[4]. „Anime Expo 2016“ filmni amerika kompaniyasi „Funimation“[5] tomonidan litsenziyalanganini eʼlon qilgan. BBC[6] versiyasi boʻyicha ushbu anime 2016-yilning eng zoʻr oʻntaligiga kirgan, Rossiyaning „Mir Fantastiki“ jurnali esa uni yuz yilikning eng zoʻr anime-filmi deb nomlagan.

Sening isming
Rejissyor(lar) Makoto Shinkai
Prodyuser(lar)
  • Kōichirō Itō
  • Katsuhiro Takei
Ssenariynavis(lar) Makoto Shinkai
Rollarda
Kinematografiya Makoto Shinkai
Muharrir(lar) Makoto Shinkai
Studiya(lar) CoMix Wave Films
Distribyutor Toho
Chiqarilgan sanasi
  • 3-iyul, 2016-yil(2016-07-03) (Anime Expo)
  • 26-avgust, 2016-yil(2016-08-26) (Japan)
Davomiyligi 107 daqiqa
Mamlakat Yaponiya bayrogʻi Yaponiya
Til Yaponcha
Byudjeti ¥ 750 million
Daromadi $ 380.1 million

Mazmuni tahrir

Film Taki Tachibana va Mitsuha Miyamidzu ismli bosh qahramonlarni tanishtirish bilan boshlanadi; ular uygʻonganlarida, oʻzlari uchun muhim boʻlgan nimanidir yoʻqotganlik hissi paydo boʻladi. Keyin film Hida provinsiyasi qishlogʻida yashovchi oʻrta maktab oʻquvchisi Mitsuhaning hayoti haqidagi hikoyani boshlaydi. Mitsuha gʻalati tuygʻu bilan uygʻonadi va maktabda doʻstlari unga bir kun oldin u oʻzini juda gʻalati tutganini aytishadi. Ammo Mitsuha hech narsani eslay olmaydi. Uyga qaytgach, Miyamidzu ziyoratgohida miko rolida boʻlib, singlisi bilan kutikamisake (yaponcha : 口噛み酒, qadimiy sakening turi, guruchni chaynash orqali tayyorlanadi) marosimida qatnashadi. Marosim tugagandan soʻng, Mitsuha oʻz shahri va hayoti uchun nafrat bilan qichqiradi va hech boʻlmaganda Tokioda yashovchi chiroyli yigit boʻlib qayta tugʻililishni orzu qiladi. Ertasi kuni ertalab Mitsuha Tokio markazida yashovchi oʻrta maktab oʻquvchisi Taki Tachibananing tanasida uygʻonadi va bu qanday va nima uchun sodir boʻlganini bilmaydi.

Tez orada Taki va Mitsuha uxlayotganlarida bir-birining tanasiga ruhlari almashayotganini tushunishadi, ammo buning sababi ular uchun sir boʻlib qoladi. Bir muncha vaqt oʻtgach, ular birovning tanadasidagi hayotni qiziqarli deb hisoblay boshlaydilar, oʻzlari uchun xatti-harakatlar qoidalarini oʻrnatadilar va shaxsiy hayotlariga aralashmaslikka kelishib olishadi, bir-birlarining tanasida oʻtkazgan kunlar haqida eslatmalarni qoldiradilar. Ammo kelishuvga qaramay, Mitsuha Takiga hamkasbi Miki Okudera bilan yaqinlashishiga yordam beradi va oxir-oqibat Mitsuha Takining nomidan uchrashuv kunini belgilaydi. Miki uchrashuv davomida Takining feʼl-atvori soʻnggi paytlarda juda oʻzgarganini payqadi. Yigitning yuragi oʻziga tegishli emasligini koʻrib, Takini oʻz xayollari bilan yolgʻiz qoldirib, uyiga qaytadi. Taki biroz oʻylanib, Mitsuha bilan telefon orqali bogʻlanmoqchi boʻladi, biroq uning raqami mavjud emasligi maʼlum boʻlib, ruhlarning almashishi negadir toʻxtab qoladi. Koʻp oʻylagach, Mitsuha uning hayotida alohida oʻrin tutishini tushunadi va Mitsuhaning shahriga borib, u bilan shaxsan gaplashishga qaror qiladi.

Shahar nomini ham, uning aniq manzilini ham bilmagan Taki, faqatgina xotirasida qolgan manzara eskizlariga tayanadi va yoʻl topishga harakat qiladi. Doʻstlari Tsukasa Fujii va Miki Okudera bilan birga Yaponiyaning boshqa qismlariga sayohat qilib, Mitsuha yashaydigan shaharni topish uchun behuda harakat qiladi. Bir kuni Hida shahrida joylashgan yoʻl chetidagi restoranda Mika rasmdagi manzarani payqaydi. Xuddi shu shaharda tugʻilgan restoran egasi ularni ulkan zarba krateriga olib boradi va ularga uch yil oldin aynan shu joyda kometa Itomori degan shaharchani vayron qilib, aholining uchdan bir qismini yoʻq qilganini aytadi. Taki falokatdan halok boʻlgan odamlarning ismlari roʻyxatini koʻzdan kechiradi va Mitsuha va uning ikkala doʻsti Katsuxiko Teshigawara va Sayaka Natori ismini topadi.

Nima haqiqat-u nima yolgʻonligini anglamagan Taki, hodisalarni tushunishga harakat qilib, voqea haqida biror bir maʼlumot topishga harakat qiladi. Telefondagi Mitsuha qoldirgan barcha yozuvlar sirli ravishda gʻoyib boʻladi va Takining soʻnggi umidi uning xotiralarida qolgan togʻlardagi yer osti ibodatxonasi boʻlib qoladi. Restoran egasining yordami bilan yigit u yerga yoʻl topishga muvaffaq boʻladi. Oʻzining va Mitsuhaning vaqt jadvallari bir-biriga mos kelishini anglab yetgach, Musubi (yaponcha: 結び „bogʻlamoq“) ismli maʼbad xudosidan yordam soʻraydi va kometa qoldiqlari zarbasidan oldin Mitsuhaning tanasi bilan qayta bogʻlanish umidida Mitsuha tayyorlagan sakeni ichadi. Mitsuhaning tanasida boʻlib qolgan Taki Mitsuhaning doʻstlariga falokat haqida gapirib beradi va shaharni evakuatsiya qilish uchun ulardan yordam soʻraydi. Takining oʻzi Mitsuhani topish uchun maʼbadga boradi.

Mitsuhaning ruhi Takining tanasida uygʻonadi va u togʻ choʻqqisi tomon harakatlanadi, Taki ham Mitsuhaning tanasida u tomon boradi, faqatgina, ular bir-birlarini his qilishlari mumkin boʻladi holos. Ammo quyosh botgan va katavare-doki (yaponcha: 片割れ時, qosh qoraygan) boʻlgan oʻsha qisqa daqiqada ikkisi oʻz tanalariga qaytadilar va oʻsha yerda turib, bir-birlarini koʻra oladilar. Uchrashuvdan xursand boʻlishiga qaramay, Taki Mitsuhani yaqinlashib kelayotgan ofat haqida ogohlantiradi va Mitsuhaning otasi aholini evakuatsiya qilishiga ishontirishi kerakligini aytadi. Shuningdek, ular bir-birlarini va tanalarini almashib qolishini unutib qoʻymasliklari uchun bir birining ismlarini qoʻllariga yozishga qaror qilishadi. Ammo yozishni tugatmasdan, ularning uchrashuvi tugaydi, quyosh butunlay botadi va ikkisi oʻz vaqtlariga qaytadilar. Qahramonlar bir-birlarining ismlarini eslash uchun astoydil harakat qilishlariga qaramay, eslay olmaydi.

Kometa qulaganidan beri sakkiz yil oʻtadi. Garchi Itomori shahri vayron qilingan boʻlsa-da, shaharda oʻtkazilgan „fuqarolik mudofaa mashgʻulotlari“ tufayli uning aksariyat aholisi qochishga muvaffaq boʻladi (hokimiyatning rasmiy versiyasiga koʻra). Bir kuni, endi ulkan Tokioda yashovchi Mitsuha, bir zinapoyada oʻtmishning noaniq tasvirlari bilan azoblanishda davom etayotgan Takini uchratadi.

Personajlar tahrir

Mitsuha Miyamidzu (yaponcha: 宮水 三葉) — yuqori sinf oʻquvchisi va miko, provinsial shaharchasida yashaydi, juda qatʼiy va talabchan odam. Uning otasi — xotini vafot etgandan soʻng ibodatxona va oilasini tashab ketgan mahaliy burgomistr, shunday ekan, Mitsuha boshlangʻich maktabda oʻqiydigan singlisi va buvisi bilan yashaydi. Provinsiyada zerikkan Mitsuha Tokiyoda yashashni orzu qiladi.

Taki Tatibana (yaponcha: 立花 瀧) — Tokiyo markazida yashaydi. Boʻsh vaqtini doʻstlari bilan oʻtkazadi va kichik italiyancha restoranda yarim stavkada oʻz hayotini taʼminlash uchun ishlaydi. Nafis sanat, arxetiktura va shunga oʻxshash narsalarga qiziqadi. Katta shaharning sur’atidan charchagan Taki qayerdadir togʻlarda betashvish hayotni orzu qiladi.

Miki Okudera (yaponcha: 奥寺ミキ) — universitet talabasi, Taki ishlovchi restoranda ishlaydi.

Yojuha Miyamidzu (yaponcha: 宮水四葉) — Mitsuhaning singlisi.

Xitoha Miyamidzu (yaponcha: 宮水一葉) — oila va ibodatxona boshi, Mitsuha va Yojuhaning buvisi.

Katsuhiko Tesigavara (yaponcha: 勅使河原克彦) — Mitsuhaning doʻsti, texnika va mexanika boʻyicha mutaxasis.

Sayaka Natori (yaponcha: 名取早耶香) — Mitsuhaning dugonasi, radio ishqibozlari klubi faoli.

Tosiki Miyamidzu (yaponcha: 宮水俊樹) — Mitsuha va Yojuhaning otasi, Itomori shahrining burmomistri.

Tsukasa Fudzi (yaponcha: 藤井司) va Sinta Takagaki (yaponcha: 高木真太) — Takining maktabdagi doʻstlari.

Yukari Yukino (yaponcha: 雪野百香里) — Mitsuha, Katsuhiko va Sayakaning yapon adabiyoti oʻqituvchisi. Shuningdek, „The Garden of Words“ filmining bosh qahramoni.

Musiqasi tahrir

"RADWIMPS" guruhi film uchun 22 tadan ortiq treklarni, shuningdek, mavzu qoʻshiqlarini yaratgan:

Tijoriy muvaffaqiyati tahrir

Film, ayniqsa, Yaponiyada katta tijoriy muvaffaqiyatga erishdi[8]. 17-dekabrga kelib, film butun dunyo boʻylab $275 899 756[9] yigʻib, eng koʻp daromad keltirgan anime filmlar roʻyxatida birinchi oʻrinni egalladi va „Ruhlar olami“ (2001) filmidan oʻzib ketdi. Film 358 million dollar daromad koʻrdi[10]. Rossiya, Belarusiya, Qozogʻiston va Ukrainada „Your Name“ litsenziyasini „Istari komikslar“ kompaniyasi sotib oldi, premyerasi 2017-yil 7-sentabrda boʻlib oʻtdi[11].

Mukofotlar va nominatsiyalar tahrir

  • 2016-yil — London kinofestivalining tanlov dasturida ishtirok etish.
  • 2016-yil — Sitjesdagi Kataloniya kinofestivalining eng yaxshi animatsion filmi uchun mukofoti.
  • 2017-yil — uchta Yaponiya kino akademiyasining mukofoti : eng yaxshi ssenariy (Makoto Shinkai), eng yaxshi musiqa (RADWIMPS), eng mashhur film. Bundan tashqari, lenta ikkita nominatsiyani oldi: eng yaxshi animatsion film, eng yaxshi rejissor (Makoto Shinkay).
  • 2017-yil — Maxsus Moviy lenta mukofoti.
  • 2017-yil — Eng yaxshi animatsion film uchun Maynichi mukofoti.
  • 2017-yil — uchta Seiyu mukofoti: Eng yaxshi aktyor (Ryunosuke Kamiki), eng yaxshi aktrisa (Mone Kamishiraishi), eng yaxshi hamkorlik.
  • 2017-yil — „Eng yaxshi mustaqil animatsion film“ uchun „Enni“ mukofotiga ikkita nominatsiya va animatsion badiiy film uchun eng yaxshi rejissor (Makoto Shinkay).
  • 2017-yil — Eng yaxshi ssenariy uchun Osiyo kino mukofotiga nomzod (Makoto Shinkay).
  • 2017-yil — Eng yaxshi Osiyo filmi uchun Avstraliya Kino Akademiyasi mukofotiga nomzod.
  • 2017-yil — Eng yaxshi animatsion film uchun Sputnik mukofotiga nomzod.
  • 2018-yil — Eng yaxshi animatsion film uchun Saturn mukofotiga nomzod.

AQSh filmi tahrir

2017-yil 27-sentabr J. J. Abrams va ssenariy muallifi Eric Heisserer „Sening isming“ filmini amerikacha moslashuvi ustida ish olib borishlarini maʼlum qildi. Film Paramount Pictures tomonidan tarqatiladi va Bad Robot Productions tomonidan ishlab chiqariladi[12][13]. Film rejissori Marc Webb[14] boʻlishi kerak edi, lekin 2020-yil sentabrida Lee Isaak Cheung rejissor va ssenariy muallifi lavozimini egalladi[15].

Yana qarang tahrir


Manbalar tahrir

  1. „Makoto Shinkai Reveals Kimi no Na wa./your name. Anime Film for August 2016“. Anime News Network (10-dekabr 2015-yil).
  2. „Makoto Shinkai's Kimi no Na wa./your name. Film Trailer Reveals August 26 Opening, Song“. Anime News Network (6-aprel 2016-yil).
  3. „Anime Expo to Host Makoto Shinkai & His Latest Film's World Premiere“. Anime News Network (17-iyun 2016-yil).
  4. „Makoto Shinkai Publishes Kimi no Na wa./your name. Novel Before Film Opens“. Anime News Network (11-may 2016-yil).
  5. „Anime Expo: Funimation Licenses Makoto Shinkai's your name. Film“. Anime News Network (3-iyul 2016-yil).
  6. Desyat luchshix filmov 2016 goda  
  7. „RADWIMPS' Soundtrack for Makoto Shinkai's 'your name.' Tops Chart for 2nd Week“. Anime News Network.
  8. Motoko Rich. „The Anime Master of Missed Connections Makes Strong Contact in Japan“. The New York Times (4-dekabr 2016-yil). Qaraldi: 5-dekabr 2016-yil.
  9. „Kimi no na wa (2016)“. The Numbers. Qaraldi: 18-dekabr 2016-yil.
  10. „Kimi no na wa (2016) - Financial Information“. Box Office Mojo. Qaraldi: 28-mart 2017-yil.
  11. Владислав Никиткин. „«Твоё имя» Макото Синкая осенью выйдет в российский прокат“. КГ (1-iyun 2017-yil). 2017-yil 9-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 9-iyun 2017-yil.
  12. Borys Kit. „J.J. Abrams, Paramount Team Up for Sci-Fi Love Story 'Your Name'“ (27-sentabr 2017-yil). Qaraldi: 28-sentabr 2017-yil.
  13. Dave McNary. „J.J. Abrams Developing Remake of Japanese Hit ʻYour Name’ With Paramount“. Variety (27-sentabr 2017-yil). Qaraldi: 28-sentabr 2017-yil.
  14. Sneider, Jeff „Marc Webb to Direct ʻYour Name’ Remake for Paramount, Bad Robot“. Collider (14-fevral 2019-yil). Qaraldi: 17-fevral 2019-yil.
  15. Justin Kroll. „Lee Isaac Chung To Direct ʻYour Name’ Live-Action Reimagining From Toho, Paramount And Bad Robot“ (inglizcha). Deadline.com (18-sentabr 2020-yil). 2020-yil 18-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 19-sentabr 2020-yil.

Havolalar tahrir