Shirin qalampir
Shirin qalampir (lot. Capsicum annuum) — bir yillik oʻt oʻsimlik boʻlib, vatani Markaziy Amerika (Meksika, Gvatemala) hisoblanadi. Qimmatli sabzavot ekini. Oʻzbekistonda shuningdek bulgʻor qalampiri (bolgarskiy) deb ham yuritiladi.
Shirin qalampir | ||||||||||||||
---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|---|
Shirin qalampirning turli xil rangli mevalari | ||||||||||||||
Biologik klassifikatsiya | ||||||||||||||
| ||||||||||||||
Capsicum annuum |
Tarixi
tahrirAmerika qitʼasi kashf qilingandan soʻng, shirin qalampir Yevropa hamda Osiyo davlatlariga tezda tarqala boshladi. Dastlab qalampir 15-asrlarda Ispaniya va Portugaliyada etishtirilib boshlandi. Shundan soʻng 16-asrning oʻrtalarida u Italiya, Jazoir va Osiyo hamda Oʻrta yer dengizi davlatlariga tarqay boshladi. Shu davrdan boshlab qalampir Portugaliyaliklar tomonidan boshqa Osiyo va Afrika qitʼasi davlatlariga yetib bordi. Rossiyaga shirin qalampir 16-asrda Turkiya va Erondan kirib borgan. Oʻzbekiston hududida shirin qalampir dastlab bulgʻor dehqonlari tomonidan Toshkent atroflarida yetishtirila boshlangan boʻlishi mumkin.
Botanik tavsifi
tahrirPoyasi oʻtsimon, tik oʻsadi, shoxlanuvchan, boʻyi 25-30 sm dan 80 sm gacha, issiqxonada 2 metrdan ham baland o’suvchi navlari yetishtiriladi. Barglari uzun yoki kalta bandli, usti silliq yoki tukli, uzinchoq shaklda. Gullari ikki jinsli, oq, sariq yoki och binafsha rangda boʻlishi mumkin. Naviga qarab ekilgandan 80-90 kun oʻtgach gullaydi va kuzgi sovuq tushguncha davom etadi. Fakultativ oʻzidan changlanuvchi, hasharotlar (chumoli, tripslar, qisman asalarilar) yordamida 15% chetdan changlanishi mumkin. Shirin qalampir achchiq qalampir navlaridan uzoqda ekilishi shart. Mevasi - ichi boʻsh soxta rezavor. 2,4,6 kamerali boʻladi, Shirin qalampir mevalari turli xil shakl (silindrsimon, kvadrat va yomoloq) va ogʻirlikda (100-190 gram), biologik pishgan mevalari qizil, qizgʻish, sariq, pushti, och yashil va hatto toʻq binafsha rangli boʻlishi mumkin. Urugʻlari och sariq rangli, yumaloq, 1000 tasinig vazni 4-8 gram keladi. Ildizning asosiy qismi tuproqning 20-30 sm li qavatida rivojlanadi.
Biologik xususiyatlari
tahrirTropik iqlimlarda qalampir koʻp yillik, moʻtadil va subtropik sharoitlarda bir yillik oʻsimlik. Qalampir issiqsevar, oʻsuv davri (urugʻlari ungandan pishguncha) 120-160 kun. Oʻsib rivojlanishi uchun maqbul harorat 18-25C boʻlishi zarur. 13C dan past haroratda oʻsishi toʻxtaydi, -0,5 – -1C da nobud boʻlishi mumkin. Keskin yuqori haroratlarda ham (35C<t) rivojlanishi sustlashadi, gullari toʻkiladi. Urugʻlari juda sekin (8-12 kun) unib chiqadi. Qalampir yorugʻsevar, qisqa kun oʻsimligi. Tuproq namligiga talabchan. Oʻsuv davrida tuproq namligi uning toʻla namlik sigʻimidan 70-80% boʻlishi kerak. Namlik etishmasa gullari toʻkiladi, mevalarinig sifati buziladi.
Yetishtirish
tahrirQalampir janubiy kenglikning 55-gradusidan shimoliy kenglikning 52-gradusidagi hududlarda terqalgan. Hozirgi vaqtda dunyoda umumiy 1,7 mln gektar (2008) maydonda ekilib, 26 mln tonna (2007) yalpi hosil yig’ishtiriladi. Asosan Xitoy, Meksika, Indoneziya, Turkiya, Ispaniya, AQSh yirik qalampir etishtiruvchi davlatlar hisoblanadi. Sobiq ittifoq hududida shirin qalamrir asosan O’rta Osiyo, Kavkazorti davlatlarida, Ukraina, Moldova, Rossiyaning quyi Povoljye va Shimoliy Kavkaz hududlarida ochiq maydon hamda issiqxonalarda etishtiriladi.
Asosiy Shirin qalampir etishtiruvchi davlatlar – 2007 (tonna)[1] | |
---|---|
Xitoy | 14,033,000 |
Meksika | 1,690,000 |
Indoneziya | 1,100,000 |
Turkiya | 1,090,921 |
Ispaniya | 1,065,000 |
AQSh | 855,870 |
Nigeriya | 723,000 |
Misr | 475,000 |
Koreya Respublikasi | 345,000 |
Niderlandiya | 340,000 |
Dunyoda jami | 26,056,900 |
Agrotexnikasi
tahrirShirin qalampir tuproq unumdorligiga talabchan. Oziq moddalarga boy, mexanik engil qumoq, shoʻrlanmagan barcha tuproqlar shirin qalampir etishtirish uchun yaroqli. Ildizmevali ekinlar, piyoz, poliz ekinlari, karam eng yaxshi o’tmishdosh hisoblanadi. Qalampir koʻchatlari maxsus isitiladigan yoki isitilmaydigan koʻchatxonalarda tayyorlanadi. Buning uchun urugʻi gektariga 800-1000 gram hisobida fevral oxiri mart oyi boshida sepiladi. Ko’chatlar 4-5 chin barg chiqargandan soʻng(aprel oyi oxirlarida) ochiq dalaga ekishga tayyor boʻladi.
Oʻgʻitlash
tahrirBoʻz tuproqlarda gektariga azot 120-200, fosfor 140-150, kaliy 90–100 kg hisobidan sof holda solinadi; goʻng gektariga 20-30 tonna, fosfor umumiy normasining 50%, kaliy umumiy normasining 50% shudgor tagiga, fosforning 25% bilan azotning 15-20% egat olishda beriladi. Qolgan azot va kaliy normalari aralashtirilib oʻsuv davrida beriladi.
Ekish muddati va usuli
tahrir4-5 chin bargli ko’chatlar aprel oyi ikkinchi yarmidan may oyi birinchi oʻn kunligigacha ekiladi. Koʻchatlar oldindan olib qoʻyilgan, sugʻorilgan joʻyaklarga ekiladi. Shirin qalampir koʻchatlari qator orasi 60, 70 yoki 90 sm qilib, oʻsimliklar orasi 25-40 sm qilib oʻtqaziladi.
Parvarishlash
tahrirKoʻchatlar dalaga oʻtqazilgandan soʻng, yaxshi tutib olgach, darhol birinchi kultivaciya va chopiq qilinadi. Oradan bir oy oʻtgach, ekin qator oralariga ikkinch marta ishlov berish va chopiq oʻtkaziladi. Oʻsuv davrida tuproq namligi dala nam sigʻimiga nisbatan 75-80% dan kam boʻlmasligi kerak. Oʻzbekiston tuproq sharoitlariga qarab har 7-12 kunda bir marta, jami 14-15 marta, har safar 600–700 m3/ga normada sugʻorish zarur.
Hosilni yigʻish
tahrirShirin qalampir meva tuga boshlagandan soʻng, hosili 35-45 kunda texnik etiladi. Bunda u normal yiriklida va yashil soʻngra qizil rangga kirib, xushboʻy hid va mazzaga ega boʻladi. Hosil har 4-5 kunda teriladi.
Navlari
tahrirOʻzbekistonda ochiq maydonlarda shirin qalampirning Dar Tashkenta, Zarya Vostoka, Lastochka, Nargiza, Tong, Zumrad kabi navlari etishtiriladi.
Mevasining kimyoviy tarkibi
tahrirMevalarining kimyoviy tarkibi nafaqat navlariga balki ularning pishganlik darajasiga ham qarab o’zgaradi. Savzavot ekinlari orasidan C vitaminga nihoyatda boyligi bilan ajralib turadi. Ko’k mevari tarkibida uning miqdori 150–270 mg% bo’lsa, qizilining tarkibida 480 mg% gacha bo’lishi mumkin. Shirin qalampir mevalari shuningdek A, B1, B2, B6, B9, P, PP, E vitaminlarga boy. Vitaminlardan tashqari o’zining tarkibida temir, kalsiy, kaliy, natriy, magniy, xlor, ftor, marganes, mis, kobalt, ruh, fosfor, xrom kabi elementlarning birikmalarini tutadi. 100 gram shirin qalampir mevasida tahminan 27 kkal bor.
Havolalar
tahrirManbalar
tahrir- ↑ „Table 64--World bell and chile peppers: Production 1990-2007“. United States Department of Agriculture. Qaraldi: 2011-yil 8-may.