Shuhrat Daryo (asl ismi: Shuhrat Yoʻldoshev, 1968-yil 22-yanvarda tugʻilgan) — oʻzbek estrada qoʻshiqchisi va bastakori. U qoʻshiqlarini, asosan, o'zbek tilida ijro etadi. Bundan tashqari rus, turk, ozarbayjon, qozoq, qirgʻiz, tojik va forsiy tillarda ham qoʻshiqlar bor. Shuhrat Daryo estradada oʻziga xos yoʻnalish barpo etishga intiladi, buning uchun retro qoʻshiqlardan andoza oladi. Bir qancha oʻzbek film va seriallariga sountreklar ijro etgan.

Shuhrat Daryo
Tavalludi Shuhrat Yo'ldoshev
22-yanvar 1968-yil (1968-01-22) (56 yosh)
Janrlar pop musiqa
Kasbi estrada qoʻshiqchisi, bastakor
Faoliyat yillari 1999 — hozirgacha
Fuqaroligi Oʻzbekiston bayrogʻi Oʻzbekiston
Ota-onasi Yoʻldoshev Temir, Xudoyqulova Saida
Millati o'zbek

Biografiyasi

tahrir

Shuhrat Daryo 1968-yil 22-yanvarda Qashqadaryo viloyati Kitob tumani Oʻrikzor qishlogʻida tavallud topgan. Otasi — Yoʻldoshev Temir, qishloqda hisobchi boʻlib ishlagan. Onasi — Xudoyqulova Saida, qishloq maktabida 40 yil dars bergan. U Kitob shahridagi Navoiy nomidagi 3-oʻrta umumtaʼlim maktabida, keyinchalik Kitob tumanidagi musiqiy maktabda oʻqigan. Musiqaga qiziqishi bolaligidan boshlangan. Maktabda 3-sinfda oʻqigan paytida badiiy havaskorlik toʻgaragida ilk bor qoʻliga olgan musiqiy asbobi rubob boʻlgan. Ilk bor ijro etgan qoʻshigʻi xonanda Ortiq Otajanovning „Oltin qoʻllaring“ deb nomlangan qoʻshigʻi edi. Shuhrat ijrosidagi ushbu qoʻshiq tuman maktablararo koʻrik-tanlovida 1-oʻrin egallagan. Yosh sanʼatkorning sanʼatga boʻlgan mehri kattalarni ham befarq qoldirmagan, bu uni bolalar musiqa maktabiga yetaklagan. Bu orada Shuhrat bir necha bor viloyat boʻyicha oʻtkazilgan tanlovlarda ishtirok etib faxrli II va III oʻrinlarni olishga muvaffaq boʻldi. Shuhrat Yoʻldoshev Toshkent davlat tibbiyot institutining davolash fakultetiga oʻqishga kirgan va oʻqish bilan birgalikda sanʼatni davom ettirgan. Institutning I kursidayoq badiiy havaskorlar ansambliga solist sifatida taklif qilingan. Bayram va turli tantanalardagi chiqishlari bilan Shuhrat Daryo elga tanilib borgan. Institutni bitirgan Shuhrat Daryo 2008-yilgacha Toshkent Tibbiyot akademiyasi va Respublika diagnostika markazida ishlagan. Hozirgi kunda „Animato“ xususiy korxonasini yuritadi.

"Tutash taqdirlar" nomli teleserialda aytilgan „Yurak“ nomli qoʻshigi orqali uning ovozini xalqimiz taniy boshladi. „Koʻylaklari bilan chumilgan qizlar“ Qoʻshigʻi uning tashrif qogʻoziga aylandi. „Shaboda“, „Soʻzlasa“, „Lolaqizgʻaldoq“, „Ukam“, „Sinfdosh qiz“, „Baxor“, „Kapalak“, „Oqqushlar“  deb nomlangan qoʻshiqlariga ishlangan videokliplari muxlislari auditoriyasini kengaytirdi. Qoʻshiqlari uchun sheʼr tanlashda u aksariyat uzi oʻqib yurgan kitoblardan foydalanadi. Qoʻshiqlari uchun matn tanlashda Erkin Voxidov, Abdulla Oripov, Xalima Xudoyberdiyeva, Muxammad Yusuf, Iqbol Mirzo, Voxid Lukmon, Zebo Mirzayeva, Marxamat Mirzayeva  kabi shoirlar Xurshid Abdurashid, Suxrob Ziyo, Shahriyor Shavkat, Sitora Shamurodova kabi yosh ijodkorlar bilan ijodiy hamkorlik qilgan.

Xonanda ijrosidagi qoʻshiqlari soni 100 dan oshgan. Xonanda chiqargan albomlar quyidagilar:

„Baxtlimisan“;
"Shabboda";
"Soʻzlasa";
"Yurak";
"Kel";
"Lolaqizgʻaldoq" (2015);
"Sinfdosh qiz" (2017);
"Xayolga erk" (2021).

Shuhrat Daryo ijrosidagi „Yurak“, „Eslatar“, „Soʻzlasa“, „Yigʻlamang“, „Koʻylaklari bilan choʻmilgan qizlar“, „Oqqushlar“, „Kapalak“, „Maylimi?“, „Lolaqizgʻaldoq“, „Gulijon“, „Qor“, „Farishta“, „Ismingni yozdim“, „Aysuygulim“, „Gulimsan“, „Sevgi erkalab“, „Lazizaxonim“, „Tong“, „Koʻzlaring qaro“, „Jim“, „Mehr“, „Oila“, „Yomgʻir“, „Sevgi bechora“[1] kabi taronalar xalq orasida mashhurlikka erishgan. Uning 2015-yil va 2017-yildagi jonli ijroda oʻtkazgan konsert daturlarini internetda eʼlon qilingan. 2021-yilda yilda ikki marotaba bahorda va kuz oylarida ikki kundan jonli ijroda konsert dasturini muxlislariga taqdim etdi.

Yutuqlari

tahrir

Shuhrat Daryo 1993-yilda oliygohlar va bilim yurtlari oʻrtasida (Toshkentda) oʻtkazilgan „Yoshlik-Navroʻz“ festivalida II oʻrin sovrindori boʻldi. Xonandaning 1994-yil „Anor“ teletanlovida marhum shoir Muhammad Yusuf soʻzi bilan „Ey gul seni“ deb nomlangan sheʼriga musiqa bastalab, ijro etgan qoʻshigʻi badiiy kengash va tomashabinlar tomonidan yaxshi kutib olingan. Shunda marhum Lyubov Yuxnova: „Sening qoʻshigʻing hech kimning uslubiga oʻxshamaydi, biz aynan shu qoʻshiqni soʻrab yozilgan juda koʻp xat oldik“, — degan edi. Estrada sahnasida xonandaning yanada yorqinroq chiqishi 1999-may oyida oʻtkazilgan „Sado-99“ telefestivali boʻldi. Bunda U „Baxtlimisan sevgilim“ deb nomlangan qoʻshigʻi bilan qatnashib hakamlar tomonidan yuqori ballga sazovor boʻldi va tanlovda II oʻrinni oldi. Qoʻshiq Farrux Zokirov, Nasiba Abdullaeva, Oʻlmas Saidjonov, Dilorom Omonnullayeva kabi koʻpgina professional sanʼatkorlarga maʼqul boʻlgan. Respublika miqyosida tashkil etilgan 2000-yili „Qoʻshiqlar bayrami“ tanlovida III oʻrinni egallagan. 2000-yili „Vatan haqida qoʻshiqlar“ konkursida II oʻrin, 2004-yili „Oltin kuz“ nomli muallif qoʻshiqchilar festivalida Gran Pri, 2006-yilda Belgiyada oʻtkazilgan „Xalqaro folklor qoʻshiq va raqs“ festivalida I oʻrin sohibi boʻlgan. Shuhrat Daryo konsertlarda doim jonli ijroda kuylaydi. Televideniye va radioda, xususan, „Yoshlar“ kanalida efirga uzatilgan xonandaning qoʻshiqlari talaygina: bular „Meni esla“, „Kuylasin“, „Baxtlimisan“, „Ey gul“, „Maftun boʻldim“, „Layli“, „Koʻzguli qiz“, „Men kabi sevsa“, „Oqar daryo“, „Vatan deb ayt“, „Onajon“ kabilardir[2].

Havolalar

tahrir

Manbalar

tahrir
  1. https://zamin.uz/uz/madaniyat/40636-shuhrat-daryoning-armon-bolgan-sevgisi-haqida.html
  2. http://www.yuldoshev.narod.ru/Biograf.htm