Iqtibos — biror manbadan koʻchirib olingan matn[1]; asardan soʻzma-soʻz olingan parcha[2]. Iqtibos arabcha (إقتباس) qisqartish, toraytirish; qoʻlga kiritish; koʻchirma olish; koʻchirma, dalil keltirish kabi maʼnolarni bildiradi.

Iqtibos bayon qilinayotgan fikrni ishonchli fikr bilan quvvatlash, muayyan fikrni tanqid qilish uchun hamda muhim faktik material — misol sifatida qoʻllaniladi. Iqtibos, asosan, ilmiy (koʻpincha gumanitar) va rasmiy nutqda ishlatiladi hamda qoʻshtirnoq bilan belgilanadi yoki alohida harf bilan yoziladi; shuningdek, manbaga havola qilinadi. Bunday koʻchirmalar foydalanuvchining fikri bilan qiyoslanganda uning mohiyatini toʻgʻri tushunish imkonini beradi. Masalan, badiiy adabiyotning, soʻzning gʻoyaviy-estetik taʼsir kuchi, ahamiyatini quroldan ham kuchliroq ekanligi toʻgʻrisidagi fikrni mustahkamlash maqsadida Parda Tursunning “Adabiyot zambarakdan zoʻr” yoki Abdulla Qahhorning “Adabiyot atomdan kuchli” degan soʻzlarini yoki boʻlmasa, “Tigʻ yarasi bitar, ammo til yarasi bitmas” maqolini iqtibos sifatida qoʻllash mumkin. Iqtibosdan koʻp hollarda epigraf va shior oʻrnida ham qoʻllaniladi. Agar muallif fikriga zarar yetmasa, iqtibosda orfografiya va punktatsiyani oʻzlashtirish, soʻz (soʻzlar)ni tushirib qoldirish mumkin (bunda koʻp nuqta bilan belgi qoʻyiladi)[2].

Manbalar tahrir

  1. O‘zbek tilining izohli lug‘ati. Toshkent: G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2023 — 964 bet. ISBN 978-9943-8834-4-4. 
  2. 2,0 2,1 OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil