Punktuatsiya

maʼlum bir til yozuvidagi tinish belgilari tizimi

Punktuatsiya (lotincha: punctum — nuqta; kichkina dogʻ) — 1) maʼlum bir til yozuvidagi tinish belgilari tizimi; 2) yozma matnni puntuatsion rasmiylashtirishni tartibga soluvchi, har bir tildan tarixan shakllangan qoidalar, meʼyorlar; 3) tinish belgilari tizimi qonuniyatlarini, shuningdek, tinish belgilarining qoʻllanish meʼyorlarini oʻrganadigan tilshunoslik boʻlimi[1].

Alifbodan tashqari boʻlgan grafik belgilar (tinish belgilari) tizimi boʻlib, grafika va orfografiya (imlo) bilan birgalikda yozma tilning asosiy vositalarini tashkil etadi. Punktuatsiyaning asosiy vazifasi yozma (bosma) matnni qismlarga ajratish, grafik jihatdan shakllantirishdir.

Muayyan milliy til grafikasi (yozuvi) 2 xil vositadan: harflar (alifbo) va tinish belgilari (punktuatsiya) tizimidan iborat. Punktuatsiya tarixi, punktuatsion tizimning paydo boʻlishi, tinish belgilarining soni turli tillarda turlicha namoyon boʻladi. Masalan, punktuatsion tizim hozirgi maʼno va koʻrinishda Gʻarbiy Yevropa tillari yozuvlarida 15–16-asrlarda, rus yozuvida 18-asrda, oʼzbek yozuvida esa 19-asrning 2-yarmida paydo boʻlgan. Yoki ingliz tili punktuatsion tizimida apostrof va defis ham tinish belgisi hisoblanib, ularning jami 12 ta boʻlsa, hozirgi oʻzbek punktuatsiyasi quyidagi 10 ta tinish belgisidan iborat: vergul, ikki nuqta, koʻp nuqta, nuqta, nuqtali vergul, soʻroq belgisi, tire, undov belgisi, qavs, qoʻshtirnoq. Punktuatsiyaning qoʻllanishida ham tillararo tafovut boʻlishi mumkin, Masalan, ispan tilida soʻroq va undov belgilari gapning boshida va oxirida qoʻyiladi.

Punktuatsiya tilning sintaktik qurilishi bilan uzviy bogʻliq boʻlib, yozma nutqni toʻgʻri, ifodali, aniq bayon qilishda, uning uslubiy ravonligini, tez tushunilishini taʼminlashda muhim vositadir. Oʻz navbatida, muayyan tildagi punktuatsiya anʼanalarining mustahkamlanishi va takomillashuvida taniqli yozuvchilarning ijodi hamda tinish belgilarining qoʻllanish kridalarini belgilovchi va tartibga soluvchi tilshunoslar faoliyati katta ahamiyatga ega. Hozirgi oʻzbek punktuatsiyasining shakllanishi, rivoji, uning oʻrganilishi Fitrat, Sobirjon Ibrohimov, H. Gʻoziyev, O. Usmon, Gʻanijon Abdurahmonov, K. Nazarov va boshqa tilshunoslarning nomi bilan bogʻliq.[2]

Manbalar tahrir

  1. O‘zbek tilining izohli lug‘ati. Toshkent: G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2023 — 964 bet. ISBN 978-9943-8834-4-4. 
  2. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil