Soʻzanachilik (forscha „soʻzani“ — igna bilan tikilgan) — soʻzana toʻqish kasbi, amaliy sanʼatning qadimiy sohalaridan biri. Oʻzbekistonda xalq hunarmandchiligining eng mashhur turiga kiradi. Soʻzana matoga kashta tikib tayyorlangan badiiy buyum boʻlib, xonani bezatish uchun devorga ilinib qoʻyiladi. U oʻziga xos badiiy koʻrinishga ega. Matoning rangidan ustalarimiz kashta zamini sifatida foydalaniladi.

Tarixi

tahrir

Arxeologik topilmalar soʻzanachilikning deyarli barcha xalqlarda qadimiyligini, iqlim, tabiiy sharoit, muhit bilan bogʻliq holda har bir xalqning madaniyati, sanʼati, kasb-hunar turlari bilan birga, ularning taʼsirida rivoj topganini koʻrsatadi. Soʻzana bu kelinlarning sepi boʻlib hisoblangan. Soʻzana kambagʻal oilada malla oq boʻzdan, baxmaldan tikilgan. Soʻzanalar tikish 1-2 yil davom etgan. Agar qizni turmushga chiqishi tezlashtirilsa, unda qarindosh-urugʻlari, dugonalari va qoʻshnilari toʻyga qadar tugatish maqsadida yordamga kelganlar. Soʻzana uchun kompozitsion joylashgan oʻsimliksimon naqshlardan foydalaniladi. Soʻzana oʻrtasida koʻpincha doirasimon gul tikilib atrofi guldor islomiy naqshlar bilan bezatiladi. Soʻzana tikish juda qadimdan rivojlangan boʻlib, XIX asrgacha boʻlgan soʻzanalar saqlanmagan. Faqat XIX asrga oid Samarqand, Buxoro, Nurato, Fargʻona, Oʻratepa, Shahrisabz, Toshkent va boshqa joylardagi soʻzana turlaridan namunalar bor. Sanʼatning bu turi ayniqsa Oʻzbekiston va Toshkent, Tojikiston hududlarida keng tarqalgan.

Saqlanishi

tahrir

Kashtadoʻzlik sanʼatining nodir namunalari hozirgi kunda jahondagi koʻplab muzeylarda, shaxsiy kolleksiyalarda saqlanib kelinmoqda. Peterburg, Samarqand, Buxoro, Moskvadagi Sharq madaniyati muzeylarida, Gʻarbiy Yevropa, jumladan Berlin xalqshunoslik muzeyi shular jumlasidandir. Bu kashtalar XIX asr ohirlarida Oʻzbekistondan olib ketilgan. XIX asr ohirida Stokgolmda F. R. Martinning Oʻrta Osiyo hunarmandchilik sanʼati asarlaridan yigʻgan kolleksiyasining koʻrgazmasi boʻldi. Bessertning Berlin xalqshunoslik muzeyida saqlanuvchi turli xalqlarning naqshlariga bagʻishlangan albomida Buxoro, Nurota, Shaxrisabzning 30 ta kashta detallari 3 rangli jadvalda berilgan. Hozirgi kunda Buxoro soʻzanachilik sanʼatining asl namunalari rus davlat muzeyida (Leningrad), Sharq madaniyati muzeyida (Moskva), Tojikiston Oʻlkashunoslik muzeyida (Dushanbe), Tojikiston Fanlar Akademiyasi muzeyida, Oʻzbekiston xalqlari tarixi muzeyida(Toshkent), Oʻzbekiston madaniyat va sanʼat tarixi Respublika muzeyida (Samarqand), tarixiy oʻlkashunoslik muzeylarida (Buxoro), Oʻzbekiston Respublikasi dekorativ amaliy sanʼat muzeylarida (Toshkent) saqlanmoqda.

Tikish uslubi

tahrir

Uzun tomonining bir chetidan ikkinchi chetiga ip tortiladi va u koʻndalang chok bilan tikib chiqiladi. Keyingi ip oldinga boʻylama tortilgan ipga yopishtirib tortilib, xuddi avvalgisidek eniga suriladi. „Bosma“ uslubda — esa chok mayda boʻlib, deyarli perpendikulyar tikiladi va mato uzunasi tortilgan ipga nisbatan sal qiyshiqroq boʻladi. Har qaysi qator choklari bir-biridan ajralib turadi. Shunday usulda tikilganda soʻzananing oʻng (ros) tomonida chiroyli, nafis relyefni gul hosil qilgan choklarning toʻgʻri diogonali qatori hosil boʻladi Soʻzana gulida oʻn toʻrt va undan koʻp rangli ipak kashtalari va ular bir butun jiddiy kolorit hosil qiluvchi qirmizi, malina, och koʻkimtir, yashil va qizil tilla ranglar koʻpchilikni tashkil qiladi. Qolgan tomonlardan mayda gullarda ustalik bilan ishlatiladi. Eski soʻzanalarda ipning tushib ketishiga asosiy sabablardan biri boʻyoqchilar anor poʻstidan foydalanmaganliklari, shu sabab iplar oltmish-yuz yilda tushib ketishi mumkin. Bu hol kashtaning bundan yuz yil va undan ham koʻproq vaqt oʻtganidan darak beradi. Soʻzanachi bezaklarning matoga joylashtirar ekan, gazlamani haddan ziyod bezab ham tashlamaydi, bekorchi boʻsh oʻrinni ham qoldirmaydi. Fonning naqsh va bezakka katta taʼsiri bor. Shu sababli soʻzanachi fonning oq, pushti va boshqa rangda boʻlishligiga eʼtibor bermogʻi, fonning oʻzi ham qoʻshimcha bezak ekanligini diqqat markazida boʻlishini talab qiladi. Fonning bunday xususiyati Markaziy Osiyo xalq hunarmandchiligida oʻziga xos xususiyatga egadir. Masalan: Qozoq va Qirgʻiz, Oʻzbek (Buxoro viloyat Shofirkon, Gʻijduvon, Vobkent tumanlarida) qirgʻizlarda bunday hol koʻp uchraydi va bunda fon va naqsh estetik jihatdan bir-biriga hamohangdir. Soʻzanada gullar qatʼiy oʻlchamli, geometrik, simetrik emas, ular erkin, oʻlchamsiz, tahminiy olinadi. Shu sababli bunday dekorativ kashtalar yaqinda uygʻunlashib, butun bir yaxlitlikni vujudga keltiradi. Bunda har bir gul oʻsimliksimon chiziqlarning erkin bir-biriga bogʻlanib umumiylikni hosil qiladi.

Tabiiy boʻyoq tayyorlash

tahrir

Eng muhim oʻsimliklarning qaysi turidan va ularning qanday qismidan boʻyoq olish mumkinligini bilish zarur. Misol: Buning uchun ipak tolalar tabiiy yoʻl orqali ranglanadi. Avvalambor, mahalliy sharoitda pilla tolasini yumshatib, bu quyidagicha bajariladi: I. 10-15 litr suv olinadigan qozonga 1 kg ishqor (saksovul, shoʻra, gʻoʻzapoya kuli) doka xaltachaga solinib, qozonga tashlanadi va suv 5-10 minut qaynatiladi. Ipak iplar kalavasi maxsus ishqorlangan 2 ta yogʻoch tayoqlarga joylashtirilib, qozonga solinadi va goh-gohida ular aylantirilib turiladi. Kalavalar 30-40 minut qaynatiladi. Qaynatilgan ipak ip kalavalari, avval iliq suvda 3-4 marta keyin sovuq suvda 3-4 marta ikki qoʻllab, suvda aylantirilib yuviladi. Oxirida yaxshilab siqib, silkitib quritiladi. Yumshatilgan ipak iplarini tabiiy boʻyoqlar yordamida boʻyaladi. II. 1 kg ipakni sariq rangga boʻyash uchun — anor poʻchogʻini qorongʻu joyga quritiladi. Quritilgan anor poʻchoqlarini yaxshilab yanchiladi. 500 gr yachilgan anor poʻchogʻi, 5 gr ishqor. Bu aralashma 40-45 minut past olovda qaynatiladi, soʻng 80 gr achchiq tosh solinadi. Jamlangan ipak solinib, 10-15 minut aralashmada saqlanadi va iplar sariq rangga boʻyaladi. III. 1 kg ipakni yashil rangga boʻyash uchun — maxsus quritilgan oʻsma oʻsimligi barglaridan 500 gr, 50-60 gr achchiq tosh, 5 gr soda, 200-300gr II yoki III temir oksidi. Aralashma 40-45 minut past olovda qaynatiladi. Qaynatilgan suv aralashmasiga iplar solinadi va 10-15 minut ikki qoʻllab aylantirilib turiladi. Iplar yashil rangga boʻyaladi. Soʻzanadagi iplar rangi asosan usma, anor poʻchogʻi, piyoz, shotut, yongʻoq poʻchogʻidan olingan.

Geometrik naqsh elementlarining ramziy maʼnolari

tahrir

Oʻzbek milliy-naqsh tili alifbosi: Aylana- olam ramzi. Baxt-quyosh ramzi. Kvadrat- dunyoning turt tomoni. Quyosh — farzandli, abadiylik, yorugʻlik, mustahkamlik. Toʻgʻri toʻrtburchak — ishonch ramzi. Qalampir- har xil yomonliklardan va yomon koʻzdan asrash. Besh qirrali yulduz — hayotning qisqaligi, besh kunlik dunyo. Anor- ezgulik, toʻqchilik ramzi. Oygul- baxt-iqbol ramzi. Yarim aylana — baxt ramzi. Bodom- baxt-iqbol ramzi. Barg- bahorgi uygʻonish, farzandlik. Romb- ayol, yaʼni ona ramzi. Zirk guli — osoyishtalik va umr uzoqligi. Olma — muhabbat ramzi. Yarim oy- islom dinining ifodasi, musulmonlik ramzi. Novda- boylik va farovonlik ramzi. Yaproq — bahorgi uygʻonish, navroʻz ramzi. Quyosh — hayot ramzi. Isiriq — yomon koʻzdan asrash ramzi. Bulut, olov — gʻoliblik ramzi. Atirgul — goʻzallik ramzi.

Qush va hayvonlarning ramziy maʼnolari

tahrir

Sher — mardlik, jasorat va kuchlilik ramzi. Chumoli — donolik ramzi. Qizil rang- gʻalaba, xursandchilik, shodlik. Bulbul — sadoqat ramzi. Humo — baxt keltiruvchi qush.

Manbalar

tahrir

[1]

[2] [3] Durdona Ergasheva (munozara) 18:25, 8-Aprel 2023 (UTC)

  1. M.Qaxxorova. [file:///C:/Users/user/Downloads/114646%20(1) Buxoro kashtachiligida kompozitsio yechimlar].  (Wayback Machine saytida 2013-08-12 sanasida arxivlangan)
  2. „Milliy bezak“. tbc-ornaments.uz.
  3. To'rayeva.M „Kasblar“. docviewer.yandex.ru.