Hamid Sulaymonov
Hamid Sulaymonovich Sulaymonov (1910-yil 5-may — Toshkent — 1979-yil 6-iyun) — oʻzbek adabiyotshunosi, matnshunosi.
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi (1964). Filologiya fanlari doktori (1961), professor (1971). Moskva kinematografiya institutini tugatgan (1932). Toshkent pedagogika instituti oʻqituvchisi, kafedra mudiri va Toshkent Davlat Universiteti dotsenti (1935—1950). 1950-yillarda qatagʻonga uchragan. 1960-yilllarda oqlangan. Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot instituti sektori mudiri (1962—1967). Alisher Navoiy nomidagi Adabiyot muzeyi (1967—1969) va Qoʻlyozmalar instituti (1978—1979) direktori. Asosiy ilmiy faoliyati Alisher Navoiy lirikasining tekstologik tadqiqotlariga bagʻishlangan. Navoiy qoʻlyozmalari bibliografiyasini tuzgan (1946—1947) va shoirning "Badoye ulbidoya", "Navodir unnihoya" devonlari qoʻlyozmalarini topib (1959), ular shoir tomonidan tuzilganligini isbotlagan. "Xazoyin ul-maoniy" tanqidiy matnini tuzgan va nashr ettirgan (1958—1960). "Devoni Foniy" qoʻlyozmalarini (Fransiyadan) topib, fotonusxa asosida nashr ettirgan (1965). Hofiz Xorazmiyning 2 j.li "Devon"i fotonusxasini Haydarobod (1975, Hindiston)dan Toshkentga olib kelib (1977), soʻz boshi yozib chop ettirgan (1980). Xattotlik va kitobat sanʼatiga oid ilmiy asarlar yozgan. "Boburnoma"ga ishlangan rasmlar" (1959), "Navoiy asarlariga ishlangan rasmlar" (1980-yil, F. Sulaymonova bilan hamkorlikda), "Amir Xusrav asarlariga ishlangan rasmlar" (1983-yil, F. Sulaymonova bilan hamkorlikda) albomlarini tuzgan va chop ettirgan. Toshkent, Andijon, Qoʻqon, Samarqand, Jizzax shahridagi adabiyot muzeylari hamda Qoʻlyozmalar institutining tashkil etilishiga rahbarlik qilgan. Beruniy nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofoti laureati (1979).
Toshkent shahridagi koʻchalardan biriga Sulaymonov nomi berilgan.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |