Sulton Mirhaydar majmuasi
Sulton mirhaydar majmuasi — Qashqadaryo viloyati Kasbi tumanida joylashgan meʼmoriy yodgorlik (15—16-asrlar). Yodgorlik majmuasi Sulton Mir Haydar maqbarasi, uch gumbazli qilib qurilgan mavzoley, chillaxona, Said Mir Moʻmin Samarqandiy maqbarasi, ayvon, minora, qishgi va yozgi masjidlar hamda ikkita sardobadan tarkib topgan[1].
Sulton Mirhaydar majmuasi | |
---|---|
Muqobil nomlari | Sulton Mirhaydar ota ansambli |
Umumiy maʼlumot | |
Turi | majmua |
Joylashuvi | Kasbi qishlogʻi |
Manzili | Kasbi tumani |
Shahar | Qarshi |
Mamlakat | Oʻzbekiston |
Qurilishi boshlangan | XV asr |
Qurilishi tugagan | XVI asr |
Egasi | Qashqadaryo viloyati madaniy meros boshqarmasi |
Balandligi | |
Balandligi | 8.5 metr (minora) |
Texnik holati | |
Material | pishiq gʻisht |
Bino atrofidagi yerlar | 90 x 40 metr |
Nomlanishi
tahrirInshoot nomi Saidlar avlodidan boʻlgan Mirhaydar ismli shaxs bilan bogʻliq.
Sulton Mir Haydar
tahrirSulton Mir Haydar 1275-yilda tugʻilgan. Uning asl ismi Hoja Shamsiddin ibn shayx Jamoliddin boʻlgan. Shuningdek, Sulton Mir Haydar Muhammad paygʻambarning nabirasi Husaynning avlodlaridan hisoblanadi. Mazkur shaxs hadisshunos, fiqh va tasavvuf ilmini puxta egallagan olim hisoblanadi[2]. Bu inson Amir Temurning piri Mir Said Barakaning bobosi hisoblanadi. U XIV asrda Makkadan Naxshab viloyatiga islom dinini tarqatish maqadida tashrif buyuradi va shu yerda taxminan 1365—1366-yilda (hijriy 766-yil) vafot etadi.
Joylashuvi
tahrirSulton Mirhaydar majmuasi Kasbi shahristoni harobalarining gʻarbiy qismida joylashgan. U janubdan shimolga qarab 100-120 metr uzunlikka choʻzilgan maydonni egallab olgan. Majmua ikki tomondan qabristonlar bilan oʻralgan. Shu sababli atrofi devor bilan oʻrab olingan. Majmua ikki qismdan tarkib topgan.
Qurilishi
tahrirSulton Mir Haydar maqbarasi Amir Temur tomonidan barpo etilgan.
Tuzilishi
tahrirMajmua (maydoni 90 x 40 metr) yopiq va yarim ochiq binolar, 3 hovlidan iborat. Keng sahnli janubiy hovlidan qator ustunli masjidga (16-asrda bunyod etilgan) kirib, undan oʻrtadagi hovliga oʻtiladi. Hovlining shimoliy va sharqiy tomonidan qadimiy maqbaralar, janubiy va gʻarbiy tomonida ayvon (16-asr) joylashgan. Ayvon (maydoni 11,6 x 6,6 metr) ning gʻarbiy devori yoqalab oʻtgan yoʻl shimoliy hovliga olib boradi. Hovlida 14—16-asrlarga oid marmar sagʻanalar mavjud. Maqbara jami 3 ta xonadan iborat. Xonalar chor qirrali taxmon va ravoqlarga ajratilgan. Devorlaridagi kichik mehrobi 3 tokcha oraligʻida chiroqlar uchun tutun yoʻli ishlangan. Ravoqlarning burchak bagʻallari mayda muqarnaslar bilan bezatilgan. Birinchi maqbara (maydoni 3,3 x 3,3 metr)da Said amir Shamsiddinbek alhoji Haydar sagʻanasi saqlangan. Sagʻana toʻq kulrang tusli marmardan ishlangan. Unda hijriy 897-yil (milodiy 1491-yil) sanasi qayd etilgan. Ikkinchi maqbara (maydoni 5 x 5 metr)da shaxsi nomaʼlum boʻlgan insonlarga tegishli 3 ta sagʻana bor.
Bu sagʻanalardan birinchisi Amir Temur davrida, ikkinchisi Shayboniyxon avlodi Abdullaxon II davrida qoʻyilgan[3].
Maqbara gumbazli, burchaklariga 5 qirrali gʻishtin muqarnaslar terilgan. Oʻrtadagi hovlining sharqiy tomonida alohida qurilgan Axliboy maqbarasi (maydoni 4,4 x 4,4 metr) ham 14-asrga oid deb taxminan qilinadi. Masjidda namozgoh (maydoni 20 x 9,6 metr) janubdan maqbara bostirmasiga tutashgan. Undagi bezaklar 13—19-asrlarga oiddir. Masjidning oʻrta qismi keng qator ustunli, bosh tarzi yassi peshtoqli, pastak gumbazli qalqonsimon bagʻallarga tayangan. Devoridagi tokcha burchaklari ravoqli, qirrali qilib bezatilgan. Masjid oldidagi minora (balandligi 8,5 metr) eski binolari gʻishtidan qurilgan (19 asr oxiri — 20-asr boshlari), koʻrinishi pastdan yuqoriga qarab ingichkalashib borgan, tepasi mezanali qilib bunyod etilgan. Lekin unga ishlatilgan gʻishtlar 13-asrga tegishli boʻlib, Kasbi shahristonidagi boshqa inshootdan olingan. Pastki qismi bir necha bor taʼmirlangan[4].
Muhofazaga olinilishi
tahrirSulton Mirhaydar majmuasi Qashqadaryo viloyati madniy meros boshqarmasi tasarrufiga olingan[5]. Majmua davlat himoyasida.
Adabiyotlar
tahrir- Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi: 5-jild (Konimex — Mirzoqush). Toshkent: „Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi“ Davlat ilmiy nashriyoti, 2003 — 704-bet.
Manbalar
tahrir- ↑ „Qashqadaryo viloyati“. uzbekistan.travel. Qaraldi: 08-2023.
- ↑ „Республикадаги ислом дини билан боғлиқ зиёратгоҳ ва қадамжолар“. religious.uz. Qaraldi: 08-2023.
- ↑ „Sulton Mir Haydar ota ziyoratgoh majmuasi“. Qashqadaryo Madaniy meros (2022-yil 8-iyun). Qaraldi: 08-2023.
- ↑ "Sulton Mirhaydar majmuasi" OʻzME. S-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
- ↑ „Sulton Mirhaydar ota ansambli“. uzheritage. Qaraldi: 08-2023.
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |