Toyloq tumani — Oʻzbekiston Respublikasi Samarqand viloyatidagi tuman. 1992-yil 9-aprelda tashkil etilgan. Viloyatning janubiy-sharqiy qismida joylashgan. Shimoldan Jomboy va Bulungʻur, janub va sharqdan Urgut, gʻarbdan Samarqand tumanlari bilan chegaradosh. Maydoni 0,28 ming km². Aholisi 134,3 ming kishi (2003). Tumanda 9 ta qishloq fuqarolari yigʻini (Adas, Bogʻizagʻon, Jumabozor, Gʻulba, Madaniyat, Sochakibolo, Tepaqishloq, Toyloq, Qoʻrgʻoncha) bor. Markazi — Toyloq qishlogʻi.

Toyloq tumani
Тайлакский район
tuman
Tarkibida Samarqand viloyati
Maʼmuriy markazi Toyloq (qishloq)
Rasmiy tillar Oʻzbek
Vaqt mintaqasi UTC+5
Xaritada
Toyloq tumani xaritada
39°36′5″N 67°5′27″E / 39.60139°N 67.09083°E / 39.60139; 67.09083

Tabiati. Tuman hududi Zarafshon daryosining hozirgi davr qayirlari hamda koʻhna qayir (terrasa)laridan iborat boʻlib, asosan, tekislik. Zarafshon daryosi keltirgan oqindi (qum, shagʻaltosh, loyqalar)dan tarkib topgan. Ularning ustini 5-10 m qalinlikdagi lyoss yotqiziqlari qoplagan. Tuman hududidan Markaziy magistral, Dargʻom kanallari va Zarafshon daryosi, Qorasuv soyi oqib oʻtadi. Tuprogʻi boʻz, oʻtloq boʻz, oʻtloq botqoq va allyuvial tuproq. Foydali qazilmalari, asosan, shagʻaltosh, qum va lyosslardan iborat. Iqlimi keskin kontinental. Iyulning oʻrtacha harorati - 25,9°, yanvarniki - 0,2°. Vegetatsiya davri 215—230 kun oraligʻida. Yiliga 320-350 mm yogʻin tushadi.

Tuman hududidagi qayirlarda toʻqayzorlar mavjud boʻlib, bu yerda yovvoyi jiyda, tol, qamish, turangʻil oʻsadi. Tuman hududidagi ekin ekilmagan yerlarda ajriq, yulgʻun, shuvoq, bugʻdoyiq, yantoq, yalpizlar uchraydi. Qushlardan mayna, chumchuq, qargʻa va boshqa bor.

Aholisi, asosan, oʻzbeklar, shuningdek, tojik, rus, tatar, koreys va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholi zichligi 1 km²ga 480 kishi.

Xoʻjaligi. Tuman xoʻjaligi, asosan, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish va ularni qayta ishlashga ixtisoslashgan. Sanoatida taʼmirlash, aloqa va aholiga maishiy xizmat koʻrsatish korxonalari, meva konserva zavodlari bor.

Toyloq tumanida yirik, oʻrta, kichik korxonalar hamda mikrofirmalar faoliyat koʻrsatib turibdi. Meva konservalari, non, qandolatchilik va sharob mahsulotlari, salqin ichimliklar, qurilish materiallari ishlab chiqariladi.

Tumandagi ixtisoslashgan mikrofirmalar tomonidan aholiga maishiy xizmat koʻrsatish (avtomobil, muzlatkich, radio, televizorlarni taʼmirlash va boshqalar) ishlari amalga oshiriladi. 2 ta qoʻshma korxona, shu jumladan, Uzbekistan—AQSH „Adas—Agro Invest“ (uzumni qayta ishlaydi), Oʻzbekiston—Rossiya „TonigriN“ (mevani qayta ishlaydi) mahalliy xom ashyo asosida ishlamoqda.

Qishloq xoʻjaligining yetakchi tarmogʻi — dehqonchilik. Tumanda 5620 ga yerga gʻalla, 1994 ga yerga sabzavot, 307 ga yerga kartoshka, 2697 ga yerga ozuqa ekinlari ekiladi. Koʻp yillik daraxtzorlar 4686 ga (shundan, bogʻlar 1446 ga, tokzorlar 2490 ga, tutzorlar 692 ga). Boʻz yerlar va yaylovlar 2336 ga (2003).

Toyloq tumanida 11ta shirkat, 482 ta fermer xoʻjaligi faoliyat koʻrsatadi. Tuman jamoa va shaxsiy xoʻjaliklarida 63,2 ming bosh qoramol (shu jumladan, 29,4 ming bosh sigir), 18,9 ming bosh qoʻy va echki, 70,7 ming bosh parranda, 300 dan ziyod yilqi boqilmoqda (2003).

2003/04 oʻquv yilida tumandagi 55 ta umumiy taʼlim maktabida 40,4 mingdan ziyod oʻquvchi, „Olimpiya zahiralari“ kollejida 512 nafar talaba taʼlim oldi. 31 ta kutubxona, madaniyat va istirohat bogʻi mavjud. Toyloq tumanida 9 ta kasalxona, 23 ta feldsher-akusherlik punkti, 12 ta qishloq davolash boʻlimlari va boshqa tibbiy muassasalarda 202 nafar vrach ishlaydi. 1994-yildan „Qoʻshchinor“ tuman gazetasi chop qilinadi (adadi 2000).