Usmon Azim
Usmon Azim, asl ism-sharifi Azimov Usmonqul (1950-yil 13-avgust; Boysun tumani) — Oʻzbekiston xalq shoiri (2000), dramaturg. Toshkent universitetining jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Respublika radiosida muharrir, katta muharrir va bosh muharrir oʻrinbosari (1976 — 1989), Oʻzbekiston yozuvchilari uyushmasi Toshkent viloyat boʻlimida masʼul kotib (1989 — 1990). Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devonida sektor mudiri, yetakchi konsultant, Prezidentning Davlat maslahatchisi (1991 — 1994). 2003-yildan Oʻzbek milliy akademik drama teatrida adabiy emakdoshdir.
Usmon Azim | |
---|---|
![]() | |
Tavalludi |
Azimov Usmonqul 13-avgust 1950-yil Boysun tumani, Oʻzbekiston |
Kasbi |
|
Fuqaroligi |
![]() |
Alma mater | Oʻzbekiston milliy universiteti |
Shoh asari |
"Insonni tushunish" (1979) "Uygʻonish azobi" (1991) „Gʻussa“ (1994) "Kuz" (2001) |
Mukofotlari |
![]() ![]() ![]() |
Turmush oʻrtogʻi | Raʼno Azimova |
Bolalari | Abduqunduzova Nazokat Usmonqulovna |
Hayot va ijod yoʻli tahrir
Usmon Azim 1950-yilda Surxondaryo viloyati Boysun tumanining Gaza qishlog‘ida tug‘ilgan. Oltinchi va Birinchi maktablarda o‘qigan. 1972-yilda Toshkent Davlat Universitetining jurnalistika fakultetida taʼlim olgan. Usmon Azim respublika radiosida muharrir, katta muharrir va bosh muharrir oʻrinbosari (1976 — 1989), Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi Toshkent viloyat boʻlimida masʼul kotib (1989 — 1990) hamda Oʻzbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti devonida sektor mudiri, yetakchi konsultant, Birinchi prezidentning Davlat maslahatchisi (1991 — 1994) kabi lavozimlarda faoliyat olib borgan. 2003-yildan esa Oʻzbek milliy akademik drama teatrida adabiy emakdosh sifatida faoliyat boshlagan[1].
Ilk kitobi — „Insonni tushunish“ (1978). Shundan soʻng shoirning „Holat“ (1979), „Oqibat“ (1980), „Koʻzgu“ (1983), „Surat parchalari“ (1985), „Dars“ (1985), „Ikkinchi aprel“ (1987), „Baxshiyona“ (1989), „Gʻaroyib ajdarho“ (1990), „Uygʻonish azobi“ (1991), „Gʻussa“ (1994), „Uzun tun“ (1994), „Bor ekanda, yoʻq ekan“ (1995), „Saylanma“ (1995), „Kuz“ (2001) kabi sheʼriy va „Jodu“ (2003) „Adibning umri“ (2010), „So‘ngso‘zlar“ (2020) nasriy to‘plamlari; nasr va nazmdan iborat „Kollaj“ (2018) nasriy toʻplamlari nashr etilgan. Dastlabki sheʼrlarida insonning davr va jamiyat hayotidagi oʻrnini tushunishga, davrning ogʻriqli masalalariga eʼtibor qaratdi va shu jarayonda minbar sheʼriyati unsurlaridan foydalangan. Shuningdek, o‘n ikki jildli saylanma asarlarining sakkiz kitobi ham nashrdan chiqgan[2].
Usmon Azim „Baxtli boʻlaylik“, „Hujjatli film uchun syujet“, „Bahodir va Malika“ singari radiopyesalar yozgan. U ana shu tajribadan foydalanib, 90-yillarda dramaturgiya bilan jiddiy shugʻullandi va „Bir qadam yoʻl“, „Kunduzsiz kechalar“, „Bozor“ (1997), „Alpomishning qaytishi“ (1998), „Jazava“ (2000), „Baxt qushi“ (2002), „Oʻtgan zamon hangomalari“ (2003) pyesalarini yozdi. Bu pyesalarning aksari Oʻzbek milliy akademik drama teatrida sahnalashtirilgan. Usmon Azim bu pyesalarda sahna qonuniyatlarini yaxshi his etuvchi, dramaturg sifatida namoyon boʻldi. Ayni paytda u ham tarixiy, ham psixologik dramalar, ham ogʻzaki va yozma adabiyot namunalari asosida zamonaviy sahna asarlarini yarata olish isteʼdodini namoyish etdi[3].
Usmon Azim, shuningdek, kinodramaturgiyada ham qalam tebratib, „Alisher Navoiy“ kinoqissasi (1990), „Alpomish“ kinodostoni (1997), „Sevgi“ (1998, shu nomli hikoya asosida) va 2 seriyali „Alpomish“ (2000) filmlarining ssenariysiga mualliflik qilgan. Pol Elyuar, V. Vatsiyetis, H. Dogʻlarja, A. Voznesenskiy, Yu. Marsinkyavichyus va boshqa shoirlarning asarlarini oʻzbek tiliga tarjima qilgan[4].
Sheʼrlari ingliz, fransuz, nemis, polyak, makedon, turk, rus, gruzin, eston, litva, tojik, qozoq va qirgʻiz tillarida nashr etilgan. Koʻplab sheʼrlariga musiqa bastalangan. Usmon Azim uch mingga yaqin sheʼriy asarlar muallifi. U sheʼriy maktab yaratgan kamdan-kam shoirlardan biridir. Uning asarlari zamonaviy o‘zbek poeziyasi va dramutgiyasining saviyasini belgilovchi mavqega ega[5][6].
Usmon Azim Gruziyaning Mayakovskiy nomidagi Davlat mukofotiga sazovor boʻlgan (1982). „Doʻstlik“ ordeni (1998) bilan mukofotlangan[7].
Oilasi tahrir
- Turmush oʻrtogʻi – Raʼno Azimova
- Qudasi – Muhammadali Abduqunduzov, aktyor.
- Oʻgʻli – Ulugʻbek Azimov, iqtisodchi (2023 yili vafot etgan)
- Qizi – Abduqunduzova Nazokat Usmonqulovna, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot kotibi[8].
- Qizi – Saidaliyeva Shodiya Usmonqulovna, tarixchi.
Manbalar tahrir
- ↑ „Usmon Azim“ (1-fevral 2015-yil). 6-mart 2023-yilda asl nusxadan arxivlandi. Qaraldi: 6-mart 2023-yil.
- ↑ „Usmon AZIM. YURAGIMDA SUKUTIMDAN SO‘ZLAR MO‘L…“ (18-avgust 2020-yil). 6-mart 2023-yilda asl nusxadan arxivlandi. Qaraldi: 6-mart 2023-yil.
- ↑ „Usmon Azim (1950)“ (20-noyabr 2017-yil). 6-mart 2023-yilda asl nusxadan arxivlandi. Qaraldi: 6-mart 2023-yil.
- ↑ „Usmon Azim“ (4-iyun 2018-yil). 6-mart 2023-yilda asl nusxadan arxivlandi. Qaraldi: 6-mart 2023-yil.
- ↑ Usmon Azim. Kuz. T.: Adabiyot va sanʼat, 2001.
- ↑ Usmon Azim. Saylanma. T.: „Sharq“, 1995.
- ↑ „Президент Мустақиллик байрами арафасида ижтимоий соҳадан 166 кишини мукофотлади (рўйхат)“ (27-avgust 2020-yil). 15-iyun 2021-yilda asl nusxadan arxivlandi. Qaraldi: 6-mart 2023-yil.
- ↑ „Rubrika: Nazokat Azim (1975)“ (4-fevral 2014-yil). 15-avgust 2022-yilda asl nusxadan arxivlandi. Qaraldi: 6-mart 2023-yil.