Uzunbarg karrak
Uzunbarg karrak (lotincha: Cousinia dolichophylla) – ikki urugʻpallalilar sinfi, murakkabguldoshlar oilasi, karrak turkumiga mansub koʻp yillik gulli oʻsimlik turi. Oʻzbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kamyob, endemik tur sifatida kiritilgan. Toshkent viloyati Qorjontov, Ugom, Piskom togʻ tizmalarida tarqalgan[1]
Uzunbarg karrak | |
---|---|
Ilmiy tasniflash | |
Olam: | Eukariotlar |
Tip: | Yuksak oʻsimliklar |
Sinf: | Ikki urugʻpallalilar |
Turkum: | Karrak |
Oila: | Murakkabguldoshlar |
Binar nomi | |
Cousinia dolichophylla |
Tavsifi
tahrirBalandligi 90 sm gacha yetadigan koʻp yillik gulli oʻsimlik turi. Poyasi tik oʻsadi, sirti yoʻl-yoʻl chiziqlar va dagʻal tuklar bilan qoplangan. Ildiz boʻgʻzidan chiqqan barglari uzun bandli, choʻziq nashtarsimon, uzunligi 25-30 sm, kengligi 5-8 sm charmsimon, ustki tomoni siyrak, dagʻal tuklar, pastki qismi qalin oq tuklar bilan qoplangan. Poyaning oʻrta qismidagi barglari qisqa bandli, yuqorida joylashgan barglar bandsiz, chetlari tikansimon boʻlingan. To‘pguli savatcha shaklida yakka-yakka holatda poya uchida oʻrnashadi. Savatchasi koʻp gulli qisqa bandli. Gultojibarglari och sariq tusda, gulkosachabarglardan biroz uzunroq. To‘pguli ostki tomondan oʻrama bargchalar bilan oʻralgan. Gullari naysimon bir jinsli. Hasharotlar yordamida changlanadi. Iyul avgust oylarida gullab mevasi sentabrda pishib yetiladi. Urug‘i teskari piramidasimon, yirik, uzunligi 7 mm. Urug‘i yordamida koʻpaytiriladi.
Tarqalishi va oʻsish sharoiti
tahrirTabiatda yakka-yakka holatda uchraydi. Toshkent viloyati Qorjontov, Ugom, Piskom togʻ tizmalarida tarqalgan. Togʻlarning oʻrta qismidagi mayda jinsli, shagʻalli tuproqlarda oʻsadi. Yem xashak sifatida yigʻib olinishi natijasida populyatsiyasi qisqarib ketgan. Ugom-Chatqol davlat milliy tabiat bogʻi hududida muhofaza ostiga olingan[2].
Manbalar
tahrir- ↑ „Cousinia dolichophylla Kult“.
- ↑ O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobi I jild, 2019.