Veronika Voronina
Veronika Voronina (1910-yil 14-may[1], Kovrov[2][3][4], Vladimir viloyati, Rossiya imperiyasi — 2000-yil 4-avgust , Moskva[2]) — sovet meʼmori va meʼmorshunosi, Oʻrta Osiyo, Old Osiyo va Afrika meʼmorchiligi tarixi mutaxassisi[1], tarix fanlari doktori (1962)[2][5].
Veronika Voronina | |
---|---|
Veronika Leonidovna Voronina | |
Tavalludi |
14-may 1910-yil Kovrov, Vladimir viloyati, Rossiya imperiyasi |
Vafoti |
4-avgust 2000-yil (90 yoshda) Moskva, Rossiya Federatsiyasi |
Fuqaroligi |
SSSR Rossiya Federatsiyasi |
Sohasi | meʼmorchilik |
Taʼlimi | Moskva arxitektura instituti |
Ilmiy unvoni | tarix fanlari doktori |
Tarjimayi holi
tahrirVeronika Leonidovna Voronina 1910-yil 14-may Vladimir viloyati, Kovrov shahrida tavallud topgan[2][3][5]. Rossiyada fuqarolar urushi yakunidan soʻng koʻchib kelib, Oʻrta Osiyoda yashagan sharqshunos olim, arxitektura fanlari doktori, professor Leonid Nikolayevich Voroninning (1881—1960) qizi[4][5]. Voronina 1929-yilda Toshkentdagi O‘rta Osiyo paxtachilik-irrigatsiya politexnika institutining qurilish fakultetiga o‘qishga kirgan (1931-yilda institut SSSR og‘ir sanoat xalq komissarligining qurilish institutiga aylantirilgan). 1932-yilda Voronina Moskva arxitektura institutiga oʻqishini koʻchirib, 1935-yilda bu institutni bitiradi[5]. 1943-yilda Toshkentda „Arxitektura uzbeksogo jilisha“ (tarjimasi „O‘zbek turar-joy arxitekturasi“) mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilib, arxitektura fanlari nomzodi ilmiy darajasini olgan[6]. 1961-yilda Moskva shahridagi SSSR Fanlar akademiyasining Nikolay Nikolayevich Mikluxo-Maklay nomidagi Etnografiya institutida „Problemi rannesrednevekovogo goroda Sredney Azii: po dannim arxeologii“ (tarjimasi „Ilk oʻrta asrlarda Oʻrta Osiyo shaharlari muammolari: arxeologiya maʼlumotlari“) mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. 1962-yilda tarix fanlari doktori ilmiy darajasini oladi[2][5].
1935—1936-yillarda SSSR og‘ir sanoat xalq komissarligining Moskvadagi 2-ustaxonasida meʼmor, 1936—1937-yillarda Toshkent shahridagi Oʻrta Osiyo sanoat instituti loyihalash kafedrasida assistent boʻlib ishlagan. 1937-yilda Voronina SSSR arxitektorlar uyushmasiga aʼzoligini oladi. 1937—1940-yillarda „Toshkent shahar loyiha“ tashkiloti arxitektori, 1940—1941-yillarda Oʻzbekiston SSR Saʼnatshunoslik ilmiy-tadqiqot institutida katta ilmiy xodim, 1942—1943-yillarda SSSR Arxitektura akademiyasi Oʻzbekiston guruhi xodimi, 1943—1946-yillarda Oʻzbekiston SSR Sanʼatshunoslik ilmiy-tadqiqot instituti sektor mudiri, 1946-yildan SSSR Davlat qurilishi qoʻmitasi qoshidagi Fuqarolik qurilishi va arxitekturasi boʻyicha davlat qoʻmitasi (Gosgrajdanstroy) ning Shaharsozlik va arxitektura tarixi hamda nazariyalari ilmiy-tadqiqot institutida katta ilmiy xodim vazifasida faoliyat yuritgan[1][2][5].
Voronina doimiy ravishda Xorazm, Soʻgʻd, Ustrushona va Shosh arxeologik ekspeditsiyalarida qatnashgan, bu esa Voroninaga meʼmorchilik boʻyicha ilmiy asarlar yaratishda koʻplab maʼlumotlarni toʻplash imkonini berdi. Voronina 1940—1941-yillarda O‘zbekiston SSR Fanlar akademiyasi Tarix va arxeologiya instituti xodimi Aleksey Terenojkin boshchiligidagi ekspeditsiyasining Toshkent yaqinida joylashgan Yunusobod Oqtepasidagi qazilma ishlarida, 1944-yilda Viktor Gaydukevich boshliq ekspeditsiyaning Bekobod shahridan sharqda 8 km uzoqlikda joylashgan Munchoqtepa arxeologik yodgorligidagi qazilma ishlarida, 1945—1946 yillarda Sergey Tolstov boshchiligidagi Xorazm arxeologik ekspeditsiyasi ishlarida, 1946-yilda Aleksandr Yakubovskiy rahbarligidagi Tojik arxeologik ekspeditsiyasi tomonidan olib borilgan Zarafshondagi qadimgi Panjikent manzilgohi qazishma ishlarida, 1968-yilda Natalya Gorbunova boshchiligidagi Fargʻona arxeologik ekspeditsiyasi ishlarida ishtirok etgan[5][7].
Voronina nafaqat Oʻrta Osiyoning qadimgi va oʻrta asrlardagi meʼmorchilik tarixini oʻrganishda, balki Old Osiyo meʼmorchilik tarixini tadqiq qilishda ham ulkan hissa qoʻshgan[4]. Voroninani ilmiy ishlaridagi maʼlumotlar, asosan oʻzi tadqiq qilgan yodgorliklar haqida boʻlib, yodgorliklarning tarxini shaxsan oʻzi chizgan va hujjatlashtirilgan, yodgorliklarning aksonometriyalarini ishlab chiqqan. Shu tufayli koʻplab nashr qilingan ilmiy asarlari ilmiy qiymatlikdan tashqari, boshqa olimlarning tadqiqotlari manba boʻlib xizmat qilgan. Voroninaning eng muhim asarlaridan biri „Konstruktsii i xudojestvenniy obraz v arxitekture Vostoka“ (tarjimasi „Sharq me’morchiligidagi badiiy obraz va konstruksiyalar“) ilmiy asari(1977) hisoblanadi[8]. 1956-yilda Voronina Xitoyga sayohat qiladi[2].
1960-yillarda Voronina Arxitektura tarixi va nazarayalari markaziy ilmiy tadqiqot instituti tomonidan Janubiy Saxalin va Kuril orollaridagi yapon arxitekturasini oʻrganish uchun Uzoq Sharqga xizmat safari bilan yuboriladi. Arkadiy Krasheninnikovning soʻzlariga koʻra, „uning tadqiqot ishlariga har tomonlama aralashishlari tufayli xizmat safari hech qanday natija keltirmadi“[4].
Voroninaning 200 dan ortiq ilmiy asarlari[5], shu jumladan 10 monografiya mavjud hamda ensiklopediyalarning doimiy muallifi hisoblanadi[8]. Voronina 12 tomlik „Umumiy arxitektura tarixi“ ensiklopediyasining Afrika hamda Yaqin va Oʻrta Sharq mamlakatlari arxitekturasi boʻlimlarini yozgan[1]. Ushbu asar uchun mualliflar jamoasi adabiyot, sanʼat va meʼmorchilik sohasidagi SSSR Davlat mukofotiga sazovor boʻlishgan (1979)[5]. Voroninaning ilmiy ishlarining roʻyxati „Arxitekturaning umumiy tarixi savollari“ (2004) jurnalida nashr etilgan.
Voronina 2000-yil 4-avgustda Moskvada vafot etdi[2].
Manbalar
tahrir- ↑ 1,0 1,1 1,2 1,3 Voronina Veronika Leonidovna, Afrika: ensiklopedicheskiy spravochnik, Tom I (rus tilida), Moskva: Sovetskaya ensiklopediya, 1986 — 672-bet.
- ↑ 2,0 2,1 2,2 2,3 2,4 2,5 2,6 2,7 S. B. Merjanov. „„Vostochnaya vetv“ semi Voroninix (stranitsi biografii istorika arxitekturi V. L. Voroninoy)“ (rus tilida). Rojdestvenskiy sbornik. Materiali konferensii „Rossiyskaya provinsiya: istoriya, traditsii, sovremennost“. Vipusk XVI 195—199-sahifalar (2009). 2016-yil 15-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 4-dekabr.
- ↑ 3,0 3,1 Vladimirskaya ensiklopediya 2002, s. 103—104
- ↑ 4,0 4,1 4,2 4,3 Arkadiy Krasheninnikov. „Ob odnoy maloizvestnoy stranitse deyatelnosti V. L. Voroninoy. Dolojeno na konferensii NIITAG v iyune 2001 g“ (rus tilida). 2016-yil 15-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 5-dekabr.
- ↑ 5,0 5,1 5,2 5,3 5,4 5,5 5,6 5,7 5,8 Ensiklopediiai Millii Tojik 2015, s. 64
- ↑ „„Nauchniy polk“: V. L. Voronina“ (rus tilida) (2022-yil 4-may). 2022-yil 28-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 5-dekabr.
- ↑ Shoira Nurmuhamedova. „Jizn, otdannaya nauke. (K 100-letiyu so dnya rojdeniya V. L. Voroninoy (1910—2000))“. Sanʼat: jurnal Akademii xudojestv Uzbekistana. №4 (2010-yil 10-yanvar). 2022-yil 27-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 5-dekabr.
- ↑ 8,0 8,1 Tatyana Xamzyanovna Starodub. „Evolyusiya tipov srednevekovoy islamskoy arxitekturi (dissertatsiya doktora iskusstvovedeniya)“ (rus tilida) 211 bet (2006). 2022-yil 5-dekabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 5-dekabr.
Adabiyotlar
tahrir- Voronina, Veronika Leonidovna, Vladimirskaya ensiklopediya: biobibliograficheskiy slovar: A — Ya (rus tilida), Vladimir: administratsiya Vladimirskoy oblasti, Vladimirskiy Fond kulturi, 2002 — 536-bet.
- Voronina Veronika Leonidovna, Ensiklopediiai Millii Tojik, Tom IV: Vichlas — Goʻyanda (tojik tilida), Dushanbe: Muassisai davlatii Sarredaksiiai Ilmii Ensiklopediiai Millii Tojik, 2015 — 660-bet.