Vikipediya:Maqolalarni nomlash (kishilar ismlari) sahifasiga koʻra, oʻzbekcha Vikipediyada aksar oʻzbek tilidagi manbalardan farqli oʻlaroq, asli lotin alifbosida yoziladigan shaxsiyat ismlari aslidek yoziladi. Bir qarashda bu holat Vikipediyaning eng asosiy tamoyillaridan biri – Vikipediya:Mustaqil tadqiqotlarning taqiqlanganligi qoidasiga ziddir. Shunday boʻlsa-da, ismlar talaffuzini yozmaslik uchun bir necha asos bor. Ushbu sahifada bu asoslarning ayrimlari batafsil yoritilgan.

1. Oʻzbek lotin yozuvida asli lotin alifbosida yoziladigan ismlar imlosi boʻyicha qoida yoʻq

tahrir

Oʻzbekiston hukumati 1993-yilda lotin yozuviga oʻtishga qaror qilganidan beri 30 yildan oshiq vaqt oʻtgan boʻlsa-da, mamlakat lotin yozuviga nafaqat toʻliq oʻta olmadi, balki lotin yozuvida atoqli nomlar imlosi boʻyicha qoidalar ishlab chiqilmagan. Asli lotin alifbosida yoziladigan ismlar imlosi boʻyicha ham hech qanday rasmiy qoida yoʻq.

2. Asli lotin alifbosida yoziladigan ismlar talaffuzini rus tili orqali yozish kolonializm sarqitidir

tahrir

Amalda oʻzbekcha manbalarda lotin alifbosida yoziladigan ismlar talaffuzi yoziladi, ammo bunda ismning asl talaffuzi emas, balki koʻr-koʻrona ruscha yozuv olinib, lotinlashtiriladi. Shuning uchun ham butun dunyoga Hamlet oʻlaroq maʼlum boʻlgan qahramon oʻzbekcha manbalarda Gamlet boʻlib qolgan, William Shakespeare esa „Vilyam Shekspir“ boʻlib qolgan. Aslida William /ˈwɪl.jəm/ yoki /ˈwɪl.i.əm/ oʻlaroq talaffuz qilinadi (tingla), yaʼni talaffuzini yozish shart va zarur boʻlsa, „Uilyem“ yaqinroq boʻladi. Shakespeare esa /ˈʃeɪkspɪɹ/ oʻlaroq talaffuz qilinadi (tingla), yaʼni talaffuzini „Sheykspir“ shaklida yozish toʻgʻriroq boʻladi. Yana bir misol: Vasco da Gama ismi ozarbayjon tilida az:Vasko da Qama (oʻqilishi: „Vasko da Gama“) deb yoziladi, vaholanki uning ismi /ˌvæsku də ˈɡɑːmə/, yaʼni „Vasku de Gama“ (Yevropada soʻzlashiladigan portugalchada esa /ˈvaʃku ðɐ ˈɣɐmɐ/, yaʼni „Vashku de Gama“) deb talaffuz qilinadi. Boshqa soʻz bilan aytganda, ayni damda ozarbayjon tilida va oʻzbek tilida rus tiliga qarab ish tutilmoqda.

3. Lotin yozuviga oʻtgan boʻlsa-da, asli lotin alifbosida yoziladigan ismlar talaffuzini yozadigan bor-yoʻgʻi uch yirik xalq boʻlib, uchalasi ham Rossiya qaramligida boʻlgan

tahrir

Lotin yozuvini qabul qilishga qilib, asli lotin alifbosida yoziladigan ismlar talaffuzini yozadigan uch yirik xalq bor. Bular ozarbayjonlar, turkmanlar va oʻzbeklar boʻlib, ularning uchalasi ham Rossiya mustamlakasi boʻlgan. Oz sonli soʻzlashuvchiga ega tillarni hisobga olmaganda, lotin yozuvini qoʻllanadigan barcha xalqlar ismlarni aslidek yozadi. Michael Jackson ismi kamida 173 tilda aslidek yoziladi. Faqatgina ozarbayjonlar az:Maykl Cekson, turkmanlar „Maýkl Jekson“ (qizigʻi, turkmancha Vikipediyada aslidek yozilgan: tk:Michael Jackson), oʻzbeklar esa „Maykl Jekson“ yozadi. (Oz soʻzlashuvchiga ega, asli lotin alifbosida yoziladigan ismlarni oʻzgartirib yozadigan kichik xalqlarga vepslar (vep:Džekson Maikl), dinkalar (din:Maikel Jakthon), janubiy estonlar (fiu-vro:Jacksoni Michael), gagauzlar (gag:Maykl Djekson), mavjud boʻlmagan lobjanlar (chunki bu sunʼiy til; jbo:maikel.djakson), sefardlar (lad:Maykl Djekson), oromolar (om:Maykil Jaakson), pitkernlar (pih:Maekl Jeksun), shi tilida soʻzlashuvchilar (shi:Maykl Djaksun), tolishlar (tly:Majkl Čekson), tongalar to:Maikolo Jakesoni) va voloflardir (wo:Mikael Jakson misol boʻla oladi).

4. Ismlar talaffuzini yozish qidiruv natijalarini keskin cheklaydi

tahrir

Ismlar talaffuzini yozish qidiruv natijalarini keskin cheklaydi, ayniqsa ilmiy manbalarni izlashda. Masalan, „Kathleen Hall Jamieson“ va „Joseph Capella“ ismlari „Ketlin Xoll Jeymison“ va „Jozef Kapella“ shaklida yozilsa, qidiruv natijalari dahshatli darajada cheklanadi. Xususan, „Google Scholar“ saytida „Ketlin Xoll Jeymison“ 1 dona oʻzbekcha natija beradi, ammo ismning aslini yozsangiz, barcha tillarda 18 500 natija chiqadi. „Jozef Kapella“ shaklida izlasangiz, nazarda tutilgan muallifning birorta maqolasi chiqmaydi, ammo „Joseph Capella“ ayni muallif yozgan maqolalarga eltadi.

5. Ayni ismlar turlicha talaffuz qilinadigan holatlar bor

tahrir

Shunday ismlar borki, ingliz tilida soʻzlashuvchi mamlakatlarda turlicha talaffuz qilinadi. Masalan, Graham ismi Buyuk Britaniyada /ˈɡreɪəm/, AQSHda esa yoki /ˈɡreɪəm/, yoki /ɡræm/ shaklida talaffuz qilinadi; Eleanor ismi Buyuk Britaniyada /ˈelənə(r)/, AQSHda esa yoki /ˈelənər/, yoki /ˈelənɔːr/ shaklida talaffuz qilinadi. Bunday holatlarda qanday yoʻl tutiladi? Bir gapda biri AQSHda, ikkinchisi Buyuk Britaniyada tugʻilgan Graham kelsa, birinchisi ismini bir umr /ɡræm/ talaffuz qilgan boʻlsa va shunday talaffuz qilishlarini xohlasa, ikkinchisi esa /ˈɡreɪəm/ talaffuzini afzal koʻrsa, qanday yoʻl tutiladi?

6. Ismi lotin yozuvida yoziladigan shaxs lotin yozuvini ishlatadigan boshqa tillarda ismi aslidek yozilishini afzal koʻradi

tahrir

Umumjahon til huquqlari deklaratsiyasi 34-moddasiga binoan, „Har kim barcha jabhalarda oʻz ismini oʻzining tilida ishlatish hamda faqat zarur boʻlganda boshqa yozuv tizimida oʻz ismining eng mos fonetik transkripsiyasini ishlatish huquqiga ega.“

Everyone has the right to the use of his/her own name in his/her own language in all spheres, as well as the right, only when necessary, to the most accurate possible phonetic transcription of his/her name in another writing system.

Yaʼni, har qanday shaxs oʻz ismi boshqa tillarda qanday yozilishini belgilash huquqiga ega. Ismi lotin yozuvida yoziladigan shaxs lotin yozuvini ishlatadigan boshqa tillarda ismi aslidek yozilishini afzal koʻradi. Nodir ismli shaxs ismi turk tilida Nodır shaklida emas, aynan Nodir shaklida yozilishini istaydi. Yana bir misol uchun, keyingi bandga qarang.

7. Asli lotin alifbosida yoziladigan ismlarni oʻzgartirmay yozish oʻzbekcha manbalarda uchraydi

tahrir

Oʻzbekcha Vikipediya originali lotin alifbosida yoziladigan ismlarni aslidek yozadigan yagona manba emas. Xususan, shaxsiyatlar ismlari aslidek yozilgan kitoblar mavjud. Masalan, Caner Yamanning „Pandalar ucha oladi“ kitobi muqovasida muallif ismi „Janer Yaman“ shaklida emas, balki aslidek yozilgan. Shuningdek, „Paxtakor“ klubida oʻynaydigan serbiyalik futbolchi Dragan Ćeran uchun hozirlangan klub maykasida familiyasi „Ceran“ shaklida yozilgan, „Cheran“ emas. Vaholanki, serbcha lotin alifbosida „Ć ć“ harfi /tɕ/ (tingla) shaklida talaffuz qilinadi.

8. Oʻzbek tilida asli lotin alifbosida yoziladigan ismlarni oʻzidek olsak, boshqa tillarda ham oʻzbekcha ismlar aslidek yozilishini talab qila olamiz

tahrir

„Sizdan ugina, bizdan bugina“. Agar biz boshqa lotin yozuvini ishlatadigan xalqlar ismlarini aslidek yozsak, ular ham oʻzbekcha ismlarni aslidek yozishini talab qila olamiz. Ayni damda inglizcha Vikipediyada Gʻafur Gʻulom haqidagi maqola en:Gʻafur Gʻulom deb nomlangan, „Gafur Gulom“ yoki „Gafuy Gulyam“ emas. (Oʻzbek olimlar inglizcha maqolalarida ikkinchi varianti ishlatgan holatlar uchraydi, afsuski. Qarang: „Topics and Issues Raised in the Works of Gafur Gulyam“. Bu esa rus imperializmining sarqitidir.) Balki qachondir sportchilarimiz ismlari ham xalqaro maydonlarda aslidek yoziladi. Masalan, „en:Asadkhuja Muydinkhujaev“ oʻrniga Asadxoʻja Moʻydinxoʻjayev yoziladi. Zero, 2024-yilgi Yozgi Olimpiada oʻyinlarining rasmiy saytida sportchi isminining oʻzbekcha talaffuzi keltirilibdi.