Oʻzbekcha English На русском

Oʻzbekcha Vikipediyada maqolalar soni 150 mingga yetdi



Vikipediya, ochiq ensiklopediya — 150000 maqola
Vikipediya, ochiq ensiklopediya — 150000 maqola

Insoniyat tomonidan toʻplangan jamiki bilimlar barcha uchun ochiq boʻlgan dunyoni tasavvur qiling. Biz ana shunday dunyoni yaratyapmiz.[izoh 1]

— Jimmy Wales, Vikipediya asoschisi

2022-yilning 3-iyul kuni oʻzbekcha Vikipediyada yaratilgan maqolalar soni 150 000 taga yetdi. Bir yuz ellik minginchi boʻlib Olimidono nomli foydalanuvchi boshlagan Giorgetto Giugiaro maqolasi yaratildi. Oʻzbekcha Vikipediya ayni paytda 295 619 ta maqola bilan barcha tillardagi Vikipediyalar orasida 58-chi[izoh 2] oʻrinda. Turkiy tillardagi Vikipediyalar orasida esa turkcha, tatarcha, janubiy ozarbayjoncha, ozarbayjoncha va qozoqcha Vikipediyalardan keyin 6-oʻrinda bormoqda.

2022-yilda oʻzbekcha Vikipediyada maqolalar tez suratda oʻsa boshladi. Buning asosiy sababchisi — „WikiStipendiya“ marafoni. Marafon oʻzbekcha Vikipediyadagi kontentni yaxshilashga qaratilgan boʻlib, Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi tomonidan Oʻzbekiston axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi hamda Oʻzbek tilida soʻzlashuvchi vikimediachilar foydalanuvchi guruhi bilan hamkorlikda tashkillashtirildi.

Marafonga joriy yilning 20-mayida start berilganidan beri Vikipediyaning oʻzbek tilidagi boʻlimida katta oʻzgarishlar sodir boʻldi. Bu oʻzgarishlarning barchasi faqat WikiStipendiya marafoni taʼsirida boʻlyapti, deb taʼkidlay olmasak-da, oʻzbekcha Vikipediyadagi yirik oʻzgarishlar aynan marafon boshlanganidan soʻng yuz bergani faktdir.

20-maydan bugunga qadar 9 712 ta yangi maqola yaratildi. Ularning 4 247 tasi shubhasiz WikiStipendiya marafoni doirasida yaratildi, chunki aynan shuncha maqola hakamlar baholashi uchun Fountain platformasiga kiritildi. Oʻzbekcha Vikipediya iyun oyida barcha tillardagi Vikipediya boʻlimlari orasida yangi yaratilgan maqolalar soni boʻyicha 9-oʻringa koʻtarildi. Bu statistikaning muhim jihati shundaki, ushbu maqolalarning deyarli barchasi foydalanuvchilar tomonidan yaratildi, bot yordamida emas.

20-maydan bugunga qadar oʻzbekcha Vikipediyadagi jami tahrirlar soni 118 489 taga oshib, 2 677 761 taga yetdi (4,63 % oʻsish). Roʻyxatdan oʻtgan foydalanuvchilar soni esa 2 362 taga oshib, 74 629 taga yetdi (3,27 % oʻsish). Shuningdek, faol foydalanuvchilar, yaʼni oxirgi 30 kun ichida kamida bitta tahrir qilgan foydalanuvchilar soni 159 taga oshib, 547 taga yetdi (40,98 % oʻsish). Dekabr oyida marafon oʻz yakuniga yetguniga qadar bundan ham yirik oʻzgarishlar sodir boʻlishiga umid qilamiz hamda sizni ham Vikipediya va unga qardosh loyihalarga hissa qoʻshishga chorlab qolamiz.

Statistika

tahrir
Sana Maqola soni
17.05.2022 140 000
25.05.2022 141 000
31.05.2022 142 000
05.06.2022 143 000
09.06.2022 144 000
15.06.2022 145 000
19.06.2022 146 000
23.06.2022 147 000
25.06.2022 148 000
29.06.2022 149 000
03.07.2022 150 000

Izohlar

tahrir
  1. Inglizchasi: „Imagine a world in which every single person on the planet is given free access to the sum of all human knowledge. That's what we're doing“.
  2. Bugunga qadar 325 tilda Vikipediya yaratilgan, ammo 9 tildagi Vikipediyada 10 tadan oz maqola bor.

Havolalar

tahrir