Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yoshlar ishlari agentligi – Oʻzbekistonlik yoshlar bilan bogʻliq muammolarni yechish, iqtidorli yoshlarni ragʻbatlantirish bilan shug'ullanuvchi tashkilot.

Yoshlar ishlari agentligi

Yoshlar ishlari agentligi binosi
Turi Davlat boshqaruv idorasi
Maqomi Amalda
Ishga tushgan sanasi 30-iyun, 2020-yil (3 yil avval) (2020-06-30)
1918-1991 — Butunittifoq Leninchi
Kommunistik Yoshlar Ittifoqi

1991-1996 — Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi
1996-2017 — Kamolot
2017-2020 — Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi
Joylashuvi Toshkent shahri, Navoiy shoh koʻchasi, 11-uy
Hududiy xizmati Oʻzbekiston bayrogʻi Oʻzbekiston
Direktori Alisher Saʼdullayev
Vebsayti yoshlar.gov.uz
Til(lar)i oʻzbek, rus
Map

Tarixi tahrir

1918-yilda Butunittifoq Leninchi Kommunistik Yoshlar Ittifoqi OʻzSSR boshqarmasi sifatida tashkil topgan.

1991-yilda Oʻzbekiston yoshlar ittifoqiga aylantirilgan.

1996-yilda „Kamolot“ yoshlar ijtimoiy harakati sifatida faoliyat koʻrsatgan.

2017-yilda yana Oʻzbekiston yoshlar ittifoqiga aylantirilgan.

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2020-yil 30-iyundagi farmoni bilan agentlik sifatida qayta tashkil etildi.

2022-yil 30-dekabrda Yoshlar ishlari agentligi Oʻzbekiston Respublikasi sport vazirligi bilan birlashtirilib, Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi tashkil etildi.

Vazifasi tahrir

Yoshlar ishlari agentligining vazifalari Oʻzbekiston Prezidentining farmoniga[1] muvofiq belgilandi va bular quyidagilardan iborat:

  • yoshlar bilan bogʻliq soha va yoʻnalishlarda yagona davlat siyosati, strategik yoʻnalishlar va davlat dasturlarini ishlab chiqish hamda amalga oshirish;
  • mamlakatda yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlash;
  • yoshlar siyosati sohasidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish;
  • yoshlarni Vatanga sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, oʻsib kelayotgan yosh avlodni ilm-fan va innovatsiyalarga keng jalb etish, ularni „Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari!“ gʻoyasi atrofida birlashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarni belgilash;
  • yoshlarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qilish, yoshlar oʻrtasida huquqbuzarliklar va jinoyatchilik profilaktikasini amalga oshirishda faol ishtirok etish;
  • yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish jarayonida nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan samarali hamkorlik qilish;
  • yoshlarga oid dasturlar, loyihalar va ilmiy-tadqiqot ishlarini moliyalashtirish uchun ijtimoiy buyurtma shaklida ajratiladigan davlat grantlari va subsidiyalarni taqsimlash, ulardan maqsadli va samarali foydalanilishini taʼminlash;
  • tarbiya muassasalarini tamomlagan yetim va ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan yoshlarning ijtimoiy-huquqiy himoyasini tashkil etish va bandligini taʼminlash;
  • iqtidorli yoshlarni yetakchi xorijiy oliy taʼlim muassasalariga taʼlim olish uchun yuborish, xalqaro tanlovlarda ishtirok etishini taʼminlash, yosh avlodni madaniyat, sanʼat, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, ularning axborot texnologiyalari boʻyicha savodxonligini oshirish, yoshlar oʻrtasida kitobxonlikni targʻib qilish, xotin-qizlar bandligini taʼminlash vazifalarini qamrab olgan beshta muhim tashabbusni keng joriy etishga qaratilgan ishlarni muvofiqlashtirish, ularning intellektual salohiyati va isteʼdodini rivojlantirish;
  • yoshlarni kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka keng jalb etish, zamonaviy kasb-hunarlar, raqamli iqtisodiyot koʻnikmalarini puxta egallashlari uchun qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratish, ularni ish bilan taʼminlash jarayonlariga koʻmaklashish;
  • yoshlar siyosati sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, yoshlar sohasidagi xalqaro reytinglarda mamlakat mavqeini oshirish boʻyicha zarur choralar koʻrish, xorijda taʼlim olayotgan yoshlar bilan olib borilayotgan ishlarni tizimli yoʻlga qoʻyish;
  • yoshlar faoliyati bilan bogʻliq sohalarga xorijiy investitsiyalar va ilgʻor texnologiyalarni jalb qilish boʻyicha manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda xalqaro moliya institutlari, donor-mamlakatlar hamda xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlikni rivojlantirish.

Shuningdek, Оʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-iyun kungi „Oʻzbekiston Respublikasi yoshlar ishlari agentligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida“gi PQ-4768-son[2] qarori qabul qilinib, agentlikning tashkiliy tuzilmasi tasdiqlandi.

Boshqaruv tarkibi tahrir

  • Alisher Saʼdullayev – Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi direktori. U Оʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 10-iyul kungi PQ-4780-son qarori[3] bilan ushbu lavozimga tayinlangan.[4];
  • Vakant – Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari.
  • Dilnozaxon Sobir qizi Kattaxanova – Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi direktorining oʻrinbosari[4].
  • Feruz Karimovich Ablayarov – Yoshlar ishlari agentligi direktori oʻrinbosari.
  • Nodir Abduqayumovich Abduqodirov – Yoshlar ishlari agentligi Axborot va media xizmati rahbari.
  • Mehrinoz Nosirjon qizi Abbosova – Ijtimoiy loyihalar boʻlimi boshligʻi[5].
  • Sarvar Xamdamov Oʻktamovich – Kadrlar boshqarmasi boshligʻi[5].
  • Umid Sadikov Saxibxanovich – Axborot-tahlil va ijro nazorati boshqarmasi boshligʻi[5].
  • Ixtiyor Ismat oʻgʻli Ziyodilloyev – Ishlar boshqarmasi boshligʻi[5].
  • Vakant – Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning huquqiy savodxonligini oshirish boʻlimi boshligʻi[5].
  • Umidulla Ulashovich Sattarov – Taʼlim muassasalarida yoshlar bilan ishlash va volontyorlik faoliyatini rivojlantirish boshqarmasi boshligʻi[5].
  • Sharofiddin Xonimov Baxodirovich – Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash boʻlimi boshligʻi[5].
  • Akmal Nutfulloyevich Xalikov – Yuridik byuro boshligʻi[5].
  • Sherzod Murodullayevich Olimov – Besh tashabbus loyihalarini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshligʻi[5].

Manbalar tahrir

  1. Oʻzbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini tubdan isloh qilish va yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi PF-6017-son farmon
  2. „Oʻzbekiston Respublikasi yoshlar ishlari agentligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida“gi PQ-4768-son qarori
  3. A.Z.Saʼdullayevni Oʻzbekiston Respublikasi yoshlar ishlari agentligi direktori lavozimiga tayinlash toʻgʻrisida, 2020-07-16da asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 2020-07-17
  4. 4,0 4,1 Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi direktorining oʻrinbosarlarini lavozimlarga tayinlash toʻgʻrisida, 2020-07-17da asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 2020-07-17
  5. 5,0 5,1 5,2 5,3 5,4 5,5 5,6 5,7 5,8 „Markaziy apparat“. 2023-yil 26-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 26-iyun.

Havolalar tahrir