Villis astragali
Villis astragali (lotincha: Astragalus willisii) — burchoqdoshlar oilasi, astragal turkumiga kiruvchi koʻp yillik oʻsimlik. Oʻzbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kamyob, endemik tur sifatida kiritilgan. Surxondaryo viloyati Koʻhitang tizmasida joylashgan Qizilolma qishlogʻining shimolida, Kattaurchuq tevaragidagi hududlarda uchraydi[1].
Villis astragali | |
---|---|
Ilmiy tasniflash | |
Olam: | Eukariotlar |
Tip: | Gulli oʻsimliklar |
Sinf: | Ikki urugʻpallalilar |
Turkum: | Astragal |
Oila: | Burchoqdoshlar |
Binar nomi | |
Astragalus willisii |
Tavsifi
tahrirBoʻyi qisqa 4—10 sm poyasi yogʻon shoxlangan koʻp yillik oʻt oʻsimlik. Oʻq ildiz tizimiga ega. Poyasining pastki qismini oʻtgan yilgidan qolgan barg bandlari oʻrab turadi. Barglarining uzunligi 1,8 sm, ellipssimon yoki choʻziq nashtarsimon shaklda, 4-10 mm uzunlikdagi mayin ipaksimon qalin tuklar bilan qoplangan. Gullari ikki jinsli. Gul poyasining uzunligi bargining uzunligiga teng. Gultojibarglari binafsha rangda, hasharotlar yordamida changlanadi. Mevasi — dukkak meva. Dukkagi choʻziq, uzunligi 8 mm, shakli qiyshiq yarim oy, kengligi taxminan 4 mm, qalinligi 5 mm, siyrak mayda oq tuklar bilan qoplangan, ikki yon tomonidan siqilgan. May oyida gullab mevasi iyunda pishadi. Urug‘i orqali koʻpayadi.
Tarqalishi va oʻsish sharoiti
tahrirTabiatda asosan yakka holatda, baʼzida archazorlar orasida kichik toʻplar hosil qilib oʻsadi. Surxondaryo viloyati Koʻhitang tizmasida joylashgan Qizilolma qishlogʻining shimolida, Kattaurchuq tevaragidagi hududlarda tarqalgan. Togʻning oʻrta qismidagi shagʻal toshli yonbagʻirlarda va siyrak archazorlarda uchraydi. Oʻsimlik oʻsib turgan hududlarda chorva mollarining koʻplab boqilishi natijasida oʻsimlik soni kamayib ketgan. Surxon davlat qo‘riqxonasi hududida muhofaza ostiga olingan[2].
Manbalar
tahrir- ↑ „ Астрагал Виллиса— Astragalus willisii— Описание таксона — Плантариум“. 2015-yil 14-mayda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2015-yil 1-may.
- ↑ O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobi I jild, 2019.