Xafaqon
Xafaqon (arab. – urmoq, titramoq) – yurakning tez yoki notekis urishini sezish holati. Bu sezgi yuraktomir va boshqa sistemalar (masalan, nerv, endokrin tizimi) kasalliklarida, shuningdek, sogʻlom kishilarda kuchli yoki odatdan tashqari jismoniy zoʻriqish, hayajonlanish va boshqalarda paydo boʻladi. Xafaqonni davolash va oldini olish kasallikni keltirib chiqargan sabablarga bogʻliq. Baʼzan „Xafaqon“ atamasini yurak urishining oʻzgarishi qon bosimi oshganida ham kuzatilganligidan gipertoniya kasalligita nisbatan ham ishlatadilar.
Xafaqon tushunchasi aslida Sharq tabobatidan maʼlum. Oʻtmishda tabiblar xafaqon sabablarini toʻgʻri tushunib, uning koʻp va xilma-xil kasalliklar (masalan, yurakning organik va funksional oʻzgarishlarida, oʻpka, meʼda va ichak xastaliklarida, yalligʻlanish, shikastlanish, zaharlanish, isitmalash, gijja kasalligida, biror narsa chaqqanda yuzaga kelishini va boshqalar)da kuzatganlar. Ular yurak urishi oʻzgarishlarini puls sifatlari (yaʼni puls tezligi tekis yoki notekisligi, toʻliq toʻliqmasligi yoki tarangligi)ga koʻra aniqlaganlar. Abu Ali ibn Sino „Tib qonunlari“ asarida xafaqon haqida mufassal aytib oʻtgan. Unga koʻra, xafaqon goho xidli moddadan, goho mizojdan, goho shishdan, gohida uzluksizlikning buzilishidan, baʼzan esa qattiq hisdan va boshqa yot narsalardan paydo boʻladi. Xidli modda goho qondan, goho rutubatdan, goho safrodan, goho yeldan iborat boʻlishi mumkin. Baʼzan faqat yurak aziyatlari emas, balki oʻpkaning yurakka yondosh tomonida tikilmalar koʻpayib, nafas keragicha oʻta olmasligi (oʻpkaning hamkorligi bilan), meʼda ahvolining oʻzgarishi (meʼdaning hamkorligi bilan) ham Xafaqon paydo boʻlishiga olib keladi. Xafaqonning hamma turida tomir notekis urishi kuzatiladi, ammo kasallik belgilari unga sabab boʻlgan omillarga bogʻliq boʻladi (masalan, Xafaqonga gijjalar sabab boʻlsa, bunda lanjlik, soʻlak oqishi va boshqa kuzatiladi)[1].
Manbalar
tahrir- ↑ Ibn Sino, Tib qonunlari, 2j., T., 1992
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |