Xalqaro Nordik Universiteti (XNU, NIU)

2022-yilda tashkil etilganUniversitetning tashkil etilishi ilg‘or tajribalar, innovatsion ta’lim modellarini hisobga olgan holda yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashga katta hissa qo‘shdi.

Xalqaro Nordik universiteti (ing. Nordic International University[sayt ishlamaydi]) — Finlandiya va boshqa Shimoliy Yevropa mamlakatlarining taʼlim sohasidagi ilg‘or yutuqlariga asoslangan, xususan maktabgacha taʼlim, umumtaʼlim maktabi va oliy taʼlim muassasasini o‘z ichiga olgan Oʻzbekistondagi ilk zamonaviy xususiy taʼlim klasteridir. Universitet Oʻzbekiston Respublikasi poytaxti Toshkent shahrining markazida joylashgan. Xalqaro Nordik Universiteti Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish Davlat inspeksiyasining № 034528 raqamli litsenziyasi[1] asosida o‘z faoliyatini boshlagan.[2]

Xalqaro Nordik Universiteti
(XNU, NIU)
Asl nomi Xalqaro Nordik Universiteti
Xalqaro nomi Nordic International University
Shiori Intilgangan tole yor
Asos solingan 08.08.2022-yil
Oʻquv yurti turi Universitet
Rektori Sherzod Mustafakulov
Fakultetlar 2 ta
Bakalavriat 12 ta yoʻnalish
Magistratura 6 ta mutaxassislik
Manzili Oʻzbekiston Respublikasi Tashkent shahri, Chilonzor tumani, Bunyodkor ko‘chasi, 8/2 uy.
Vebsayti nordicuniversity.org



Xalqaro Nordik Universiteti ochilish marosimi

Universitet missiyasi tahrir

Universitetda ilmiy — akademik jarayonlar ilm-fanning uzluksizligi va izchilligi tamoyili, shuningdek, jahon taʼlimi va ilmiy hamjamiyatga uyg‘un integratsiyalashuvi asosida ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirish, respublika iqtisodiyoti tarmoqlariga innovatsiyalarni joriy qilishni rag‘batlantirish, bilim va ilmiy tadqiqotlar natijalarini tijoratlashtirish imkoniyatlarini kengaytirishga alohida urg‘u qaratiladi.

Universitet tarixi tahrir

2022-yilning 27-may kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston-Finlandiya tashqi ishlar vazirlarining siyosiy maslahatlar bo‘yicha 10-yig‘ilishida Shimoliy Yevropa mamlakatlarining taʼlim sohasidagi ilg‘or yutuqlariga asoslangan zamonaviy xususiy oliy taʼlim tashkilotini tashkil etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Shu asosda Xalqaro Nordik Universiteti Toshkent shahrida Finlandiyaning Kareliya amaliy fanlar universiteti (UAS)[3], Helsingin Suomalainen Yhteiskoulu[4] (SYK) umumtaʼlim maktabi, „Nokia“ transmilliy korporasiyasi, Finnish Water Forum[5] tashkiloti va ISKU kompaniyalarining[6] bevosita qo‘llab-quvvatlashlari negizida Finlandiyaning taʼlim sohasidagi ilg‘or yutuqlariga asoslangan holda faoliyat boshladi. 2022-yil 8-sentyabr kuni Finlandiyaning taʼlim sohasidagi ilg‘or yutuqlariga asoslangan holda tashkil etilgan Xalqaro Nordik Universitetining rasmiy ochilishi bo‘lib o‘tdi.[7]

Universitetning tashkiliy tuzilmasi tahrir

Universitetning oliy organi universitet asoschilaridan tarkib topgan Universitetning Boshqaruv kengashi hisoblanadi. Rektor, iqtisodiyot fanlari doktori Mustafakulov Sherzod Igamberdiyevich universitet faoliyatining barcha jihatlarini nazorat qiladi. Universitetning kollegial boshqaruv organi universitet rahbariyati va yetakchi professor-o‘qituvchilardan tashkil topgan Universitet Kengashi hisoblanadi. Universitet faoliyatining ayrim yo‘nalishlarini prorektorlar amalga oshiradi: akademik va yoshlar ishlari bo‘yicha prorektor shuningdek moliya ishlari bo‘yicha prorektor.

Universitet boʻlimlari tahrir

• Akademik ishlar departamenti;

• Yoshlar ishlari va talabalarga xizmat ko‘rsatish departamenti;

• Xalqaro hamkorlikni rivojlantirish departamenti;

• Ilmiy va innovatsion tadqiqotlar departamenti;

• HR va kadrlar malakasini oshirish departamenti;

• IT departamenti.[8]

Universitet markazlari tahrir

• Axborot-kutubxona markazi.

Talaba tayyorlashning asosiy yoʻnalishlari tahrir

Gumanitar va ijtimoiy fanlar

Universitet fakultetlari tahrir

Iqtisodiyot va biznesni boshqarish fakulteti;

Pedagogika va psixologiya fakulteti;

Universitet kafedralari tahrir

• Pedagogika kafedrasi;

• Iqtisodiyot va biznesni boshqarish kafedrasi;

• Xorijiy tillari kafedrasi;

• Raqamli texnologiyalar kafedrasi.

Universitet maktablari tahrir

• Foundation maktabi[9]

Universitet oʻquv jarayonlari tahrir

Xalqaro Nordik Universitetining o‘quv jarayonlaridagi asosiy strategik hamkorlaridan biri — Finlandiyaning Karareliya amaliy universitetidir.[10] Taʼlim dasturlari va metodologiyasi, nou-xau, taʼlimni boshqarish tizimi, o‘qituvchilar malakasini oshirish va boshqa sohalarda Kareliya UAS tajribasidan keng foydalaniladi. Taʼlim jarayoni ushbu universitet bilan tuzilgan 2+2 va 3+1 dasturlari asosida amalga oshiriladi. Taʼlimning global tendensiyalari, kadrlarga bo‘lgan talablar va yoshlarning kelajak umidlarini tahlil qilgan holda zamonaviy yo‘nalishlarda raqobatdardosh kadrlar tayyorlaydi. Darslar mahalliy hamda xorijiy professor-o‘qituvchilar tomonidan o‘tkaziladi. Shuningdek, oʻquv jarayonlari chet el biznes amaliyotchilari, xalqaro hamkorlar ishtirokida xorijda stajirovka, ish o‘rganish, master-klass va startaplarni rivojlantirish bilan birga olib boriladi.

1-4-kurslarda o‘qish davomida ingliz, rus tillaridan tashqari fin tili o‘rgatiladi. Barcha yo‘nalishlar talabalariga yozgi taʼtilda Finlandiya, Shvetsiya, Norvegiya va Daniya kabi davlatlarda ish va sayohat (Work and Travel) dasturlarida qatnashish imkoniyati yaratiladi. 2-kursdan keyin o‘qishni Finlandiya universitetlarida davom ettirib, ikki tomonlama (double degree) diplom olish mumkin.

Universitetda taʼlim jarayoni O‘zbekiston Respublikasi Davlat taʼlim standartlari talablarini inobatga olingan holda ishlab chiqilgan va Universitet tomonidan tasdiqlanadigan o‘quv rejalari va dasturlariga muvofiq o‘zbek tili va boshqa tillarda tashkil etiladi. Universitetda taʼlim raqamli texnologiyalar, vebinarlar, „blended learning“ va boshqa zamonaviy taʼlim texnologiyalaridan foydalangan holda kunduzgi, sirtqi, kechki va masofaviy taʼlim shaklida amalga oshiriladi. Universitetda o‘qitish O‘zbekiston Respublikasi davlat taʼlim standartlari talablarini inobatga olgan holda, Universitet va uning xorijiy hamkorlari tomonidan tasdiqlanadigan o‘quv rejalari va dasturlariga muvofiq to‘lov-kontrakt asosida, shuningdek yuridik shaxslar — potensial ish beruvchilar tomonidan taqdim etiladigan taʼlim grantlari, yoshlarni o‘qitish uchun ajratiladigan yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari hamda qonun xujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi. Kuzgi semestr: oktabr — fevral oyining boshi (2 haftalik qishki taʼtilini hisobga olgan holda); Bahor semestri: mart — iyun. O‘quv dasturlari zamonaviy talablarga javob beradi — o‘quv jarayoni talabalar va ish beruvchilarning talab va takliflariga muvofiq tahlil qilish orqali takomillashtiriladi.

Taʼlim yoʻnalishlari tahrir

Bakalavriat ta'lim yo‘nalishlari: tahrir

  • Iqtisodiyot (tarmoqlar va sohalar bo‘yicha);
  • Moliya va moliyaviy texnologiyalar;
  • Boshlang‘ich taʼlim;
  • Maktabgahca taʼlim;
  • Xorijiy til va adabiyoti (tillar bo‘yicha);
  • Kompyuter injiniringi („Kompyuter injiniringi“, „AT-servis“, „Axborot xavfsizligi“, „Multimedia texnologiyalari“);
  • Jahon iqtisodiyoti va xalqaro iqtisodiy munosabatlar;
  • Maxsus pedagogika (logopediya);
  • Musiqa ta’limi;
  • Psixologiya (amaliy psixologiya);
  • TU BA (Hons) xalqaro biznes;
  • BU BSc (Hons) sanoat menejmenti.

Magistratura mutaxassisliklari: tahrir

  • Pedagogika va psixologiya;
  • Ta’lim va tarbiya nazariyasi va metodikasi (Boshlang‘ich ta’lim);
  • Ta’lim va tarbiya nazariyasi va metodikasi (Maktabgacha ta’lim);
  • Ta’lim muassasalarining boshqaruvi;
  • Jahon iqtisodiyoti;
  • Iqtisodiyot (tarmoqlar va sohalar bo‘yicha).

Universitetga qabul qilish tahrir

Iyun oyida, rejalashtirilgan o‘quv yilining boshlanishidan oldin, abituriyentlar universitetga hujjatlarini topshirishadi. Kirish imtihonlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan amalga oshiriladi (dtm.uz).Bakalavriat taʼlim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklariga qabul kvotalari hamda to‘lov-shartnoma miqdori ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi yuqori malakali mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojlardan kelib chiqqan holda Universitet tomonidan tasdiqlanadi.

Universitetning moliyaviy imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda har yili iqtidorli 5 nafargacha talabaga universitet granti asosida o‘qish imkoniyati beriladi hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning qobiliyatli farzandlari orasidan tanlov asosida

iqtidorli hamda o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan talabalarga o‘qish uchun belgilangan to‘lovlarni amalga oshirishda to‘lov-kontrakt miqdoriga nisbatan 50 foizgacha chegirma beriladi.

Universitetning xalqaro hamkorligi va aloqalari tahrir

Xalqaro Nordik Universitetining asosiy strategik hamkorlaridan biri — Finlandiyaning Kareliya amaliy fanlar universitetidir. Finlandiyaning transmilliy texnologik korporatsiyasi hisoblangan Nokia Xalqaro Nordik universitetiga o‘z strategik maqsadlarini amalga oshirishda asosiy hamkorlardan biridir. Bizness-inkubator, xorijda stajirovka, master-klasslar tashkil etishda yaqindan yordam beradi. Kelgusida yanada kuchliroq hamjamiyatni yaratish, yosh kadrlarni o‘qitish va salohiyatini birlashtirish orqali tizimlarga innovasiyalar kiritish, bulutli mahalliy yechimlar taqdim etish, jamiyatning taraqqiyotiga katta turtki bo‘ladigan yangi ilovalar ustida ishlash imkonini beradi. Helsingin Suomalainen Yhteiskoulu (SYK) umumtaʼlim maktabi o‘z o‘quvchilarini milliy imtihonga yoki Xalqaro bakalavr diplomiga tayyorlaydi. Har ikkalasi ham o‘quvchilarga universitetga kirish malakasi va imkoni beradi. Ayniqsa, IB (Xalqaro bakalavr) talabalarga dunyodagi deyarli har qanday universitetga kirish uchun noyob imkoniyat beradi. Kelgusida universitetda ushbu maktab bilan hamkorlikda Xalqaro Nordik fin maktabi tashkil etiladi. Universitetning xalqaro hamkorlari — Finnish Water Forum va ISKU kompaniyalari talabalarning o‘quv amaliyotlarini o‘z bazalarida tashkil etishga ko‘maklashadilar. ISKU kompaniyasi oliygoh va uning qoshida tashkil etilishi rejalashtirilgan maktab binolari dizayni, o‘quv va boshqa jihozlari hamda aksessuarlarini fin talablari asosida tashkil etish bo‘yicha strategik hamkordir. Universitetga Finlandiyadagi eng yaxshi tajriba, dizayn va texnologiyalar asosida zamonaviy kampusni loyihalash va barpo etishda yordam beradi.

Qiziqarli faktlar tahrir

Universitet Talabalar shaharchasi kelgusida O‘zbekiston va butun Markaziy Osiyo uchun chinakam fin o‘quv binolari dizayni va o‘quv xonalari, laboratoriyalar hamda o‘quv mebellari va aksessuarlari bilan tanishish uchun ochiq osmon ostidagi ko‘rgazma zali bo‘lib xizmat qiladi. Universitet talabalarga qator imkoniyatlarni taqdim etadi. 1-4-kurslarda o‘qish davomida ingliz, rus tillaridan tashqari fin tili mukammal o‘rgatiladi. Barcha kurslar bo‘yicha taʼlim yo‘nalishidan qatʼiy nazar yozgi taʼtilda tanlov asosida Finlandiya, Shvesiya, Norvegiya va Daniya kabi davlatlarda ish va sayohat (work and travel) dasturlarida qatnashish imkoniyati beriladi. 2+2, 3+1 qo‘shma dasturlari asosida 2-kursdan keyin o‘qishni Finlandiya universitetlarida davom ettirib, ikki tomonlama (double degree) diplom olish mumkin. Bakalavr bosqichidan so‘ng hamkor xorijiy davlatlardagi yetakchi kompaniyalarda ishlash yoki o‘z biznes start-up loyihalarini amalga oshirish imkoniyatini ham taqdim etiladi. Oliygohda mahalliy hamda xorijiy professor-o‘qituvchilar, chet el biznes amaliyotchilari talabalarni natijalarga qadar olib boradilar. Xalqaro hamkorlar ko‘magida xorijda stajirovka, ish o‘rganish, master-klass, startaplarni rivojlantirish, kelajakda xorijda ishga joylashtirishga ko‘maklashiladi. Bakalavriat bosqichini muvaffaqiyatli (yuqori GPA ko‘rsatkichi bilan) tugatganlar uchun magistraturani Finlandiyada imtiyoz asosida o‘qib kelish imkoniyatlari beriladi.[11]

Manbalar tahrir

  1. Xalqaro Nordik Universiteti „Nodavlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish faoliyati uchun litsenziya“. 2022-yil 15-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 15-sentyabr.
  2. „nordicuniversity.org/ about-our-university“. 2022-yil 21-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 15-sentyabr.
  3. „Karelia UAS“.
  4. „Xelsinki Finlandiya qo'shma ta'lim maktabi“.
  5. „Finnish Water Forum“. 2022-yil 20-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 16-sentyabr.
  6. „Isku komaniyasi rasmiy sayti“. 2022-yil 20-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 16-sentyabr.
  7. https://uzreport.news/society/toshkentda-xalqaro-nordik-universitetining-tantanali-ochilishi-bolib-otdi
  8. „Universitet bo'limlari“. 2022-yil 15-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 16-sentyabr.
  9. „Foundation maktabi rasmiy telegram kanali“. 2022-yil 20-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 16-sentyabr.
  10. Kareliya amaliy fanlar universiteti
  11. „nordicuniversity.org/site/regulatory-documents“. [sayt ishlamaydi]